Jizzaxda yana sel kuzatildi. 20 yoshli fuqaro oqib ketayotganida qutqarib qolindi

Jizzax viloyatining tog‘ va tog‘ oldi hududlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari kuzatildi: FVV qutqaruvchilari hodisa joyida ish olib bormoqda.
Bugun, 4-may kuni Jizzax viloyati Zomin tumanining tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida tumanning «Pishog‘ar», «Achchi» va «Sho‘rcha» qishloqlaridan o‘tgan soylardan sel suvlarining oqishi kuzatilmoqda.
Hodisa natijasida sel suvlari «Jizzax - Zomin» avtomobil yo‘li ostida o‘rnatilgan quvurlarga sig‘masdan ushbu yo‘lning 25, 26, 27 km.lari ustidan toshib, yana soy o‘zani bo‘ylab oqib o‘tgan.
Zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan FVV qutqaruvchilari suvda oqib kelayotgan «Pishog‘ar» QFY Qong‘li qishlog‘ida yashovchi 20 yoshli fuqaro E.Nni qutqarib oldilar. Hozirda ushbu fuqaroning ahvoli yaxshi, tan jarohati olmagan.
Sel oqimi natijasida aholi tomorqalari, hovlilari va ichki ko‘chalarda suv toshishi holatlari kuzatildi.
Voqea joyida viloyat FVB rahbariyati boshchiligida qutqaruvchilar tegishli xizmatlarning kuch va vositalari tomonidan sel suvlari toshgan ko‘chalar, aholi xonadonlari o‘rganilmoqda, yo‘llarda xavfsizlik YHX xizmati tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 20-aprel kuni Forish tumanida sodir bo‘lgan sel oqimilda besh kishi vafot etgan, 6 nafari turli darajada tan jarohati olgandi. Sel toshqini natijasida 53 ta turar joy va ularning yordamchi xo‘jalik binolariga zarar yetgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter