Jizzaxga kelgan sel DXX xodimini hayotdan olib ketdi (video)

Jizzax viloyatiga kuchli sel kelishi Davlat xavfsizlik xizmati xodimining umriga zomin bo‘ldi. Bu haqda «Sevimli» telekanali xabar berdi.
Aytilishicha, sel kelgan paytda FVV, IIV, DXX, mahalliy hokimiyat va boshqa tashkilotlar vakillari yuzaga kelgan noxush holatlarning oldini olish uchun jalb etilgan. Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari tarkibida 2014-yildan buyon shartnoma asosida ishlab kelgan O‘rozaliyev Shohrux Norjigit o‘g‘li ham sel kelayotganda uning yo‘lini to‘sish chog‘ida hayotdan ko‘z yumgan.
O‘g‘lim yoshligidan harbiy bo‘laman, deb orzu qilar edi. Xudoga shukrki, xudo niyatiga yetkazdi. Harbiy bo‘ldi, uch-to‘rt yil shu sohada ishladi.
O‘g‘lim o‘z qasamyodini buzmasdan, o‘z jonini Vatan uchun fido qildi. Shunday o‘g‘lim borligidan faxrlanaman. Endi o‘g‘limning armoni yo‘q.
Norjigit O‘rozaliyev,
marhum Shohrux O‘rozaliyevning otasi
Eslatib o‘tamiz, may oyining boshlarida O‘zbekiston bo‘ylab kuchli sel kelishi kuzatildi. Xususan, Chiroqchida kelgan sel besh kishini hayotdan olib ketdi, Kosonsoydagi qishloqlarni va Qumqo‘rg‘ondagi 150 dan ortiq xonadonni suv bosdi, Navoiy viloyati chorvadorlariga ham jiddiy zarar yetkazdi va Jom qishlog‘iga 7 milliard so‘mlik zarar keltirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter