Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

JSST yana bir qator siroplar tarkibida zaharli moddani aniqladi

JSST yana bir qator siroplar tarkibida zaharli moddani aniqladi

Joriy yil 7-dekabr Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining «Sifatsiz (ifloslangan) siroplar va suspenziyali dori vositalari» to‘g‘risidagi ogohlantirishi e’lon qilindi.

Unda Shimoliy va Janubiy Amerika, Sharqiy O‘rta yer dengizi, Janubiy-Sharqiy Osiyo va G‘arbiy Tinch okeani mintaqalarida Pokistonning Pharmix Laboratories (Pvt.) Ltd. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ALERGO siropi, EMIDONE suspenziyasi, MUCORID siropi, ULCOFIN suspenziyasi va ZINCELL siropi mahsulotlari tarkibida toksinlar borligi qayd etilgan.

Shuningdek xabarda, Dori vositalarini tartibga solish organi (DRAP – Pokiston) tomonidan ehtiyot chorasi sifatida Pharmix Laboratories’ga barcha og‘iz orqali yuboriladigan suyuq dori vositalarini ishlab chiqarishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berilganligi hamda sifatsizligi tasdiqlangan besh xil sirop mahsulotini qaytarib olish to‘g‘risida ogohlantirilganligi ma’lum qilingan.

«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi, tarmoqlarda tarqalayotgan xavotirli xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, Pharmix Laboratories (Pvt.) Ltd. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur dori vositalari O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligini ma’lum qilmoqda.

«2023-yil fevral oyidan boshlab, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan va mamlakatimizga kirib kelayotgan sirop shakldagi dori vositalari tarkibi diyetilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari bo‘yicha chuqur tekshirilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bu borada qat’iy nazorat o‘rnatilganligini eslatib o‘tamiz», – deyiladi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Matbuot xizmati munosabatida. 

Eslatib o‘tamiz, «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin ruxsat etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring