Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Juftiga sadoqatli jonzotlar

Juftiga sadoqatli jonzotlar

foto: https://www.worldanimalprotection.

Hayvonot olamida monogamiya, oilaparvarlik, juftga sadoqatlik kamdan-kam uchraydigan, ammo ajoyib xususiyatdir. Ba’zi turlar hamrohi bilan umrbod rishtalarni bog‘laydi va o‘z avlodlarini tarbiyalash, omon qolishni ta’minlash uchun birgalikda harakat qiladi. Umrining oxirigacha bir-biriga intiladigan bu hayvonlar sadoqat va hamkorlik tabiatda inson munosabatlarida bo‘lgani kabi zarur ekanligini ko‘rsatadi.

Bo‘rilar

Bo‘rilar o‘zlarining mustahkam oilaviy qadriyatlari bilan mashhur.  Juftini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan boshqa hayvonlardan farqli o‘laroq, barcha turdagi bo‘rilar o‘z sheriklariga sodiq qoladilar va ularning har biri bolalarini tarbiyalashda faol rol o‘ynaydi. Bu hamkorlik  to‘daning omon qolishi uchun muhim fakt bo‘lib, umr bo‘yi bitta jufti bor hayvonlar orasida bo‘rilarni alohida ajratib turadi.

Qor qoplonlari

Tabiatan yolg‘iz va tutib bo‘lmaydigan qor qoplonlari ko‘payish davrida mustahkam hosil qila oladi. Odatda mustaqil hayot kechiradigan boshqa katta mushuklardan farqli o‘laroq, qor qoplonlari turmush o‘rtog‘i bilan uzoq muddatli aloqalarni o‘rnatishi ma’lum.

Erkak qoplon ko‘pincha ov va himoya  qilish uchun oilasi yonida qoladi. Monogam hayvonlar sifatida bu hamkorlik, ayniqsa, oziq-ovqat tanqis va atrof-muhit murosasiz bo‘lgan shafqatsiz tabiatda juda muhimdir.

Pingvinlar

Erkak pingvinlar bo‘lajak turmush o‘rtoqlari uchun juda ko‘p harakat qilishadi. Ya’ni ular juftiga berish uchun mukammal yumaloq va silliq toshni topmaguncha qirg‘oqdan qaytmaydi.

Agar urg‘ochi pingvin sovg‘ani qabul qilsa, ular oila qurishadi. Urg‘ochisi tuxum qo‘yadi va uni ota pingvin patlari orasida bosib yotadi. Tuxum xavfsiz joyda ekanligiga ishonch hosil qilgan ona pingvin ikki oylik ovga jo‘nab ketadi. Erkak pingvin og‘ir arktika sharoitida tuxumni xavfsiz saqlashga mas’uldir va u hech qanday sharoitda – hatto och qolganda ham harakatlanishi mumkin emas!

Pingvinlar juftliklar orasidagi uzoq muddatli sadoqatliligi bilan mashhur. Ularning o‘ziga xos jihati shundaki,  ko‘payish mavsumida o‘zining avvalgi sherigiga qaytadi.  

Oq boshli burgutlar

Oq boshli burgutlar nafaqat kuch va erkinlik, balki sadoqat ramzidir. Bu ulug‘vor qushlar, odatda, umr bo‘yi juftlashadi va har yili bir xil uyaga qaytadi. Tuxumni bosib yotishdan tortib oziq-ovqat uchun ov qilishgacha, ham erkak, ham urg‘ochi burgutlar o‘z bolalarini boqish mas’uliyatini teng baham ko‘radilar.

Ularning hamkorlikda tarbiyalash uslubi jo‘jalarining tabiatda omon qolishiga yordam beradi, chunki resurslar uchun raqobat kuchli bo‘lishi mumkin.

Cho‘l sichqonlari

Bu kichik jonzotlar bir sherik bilan umrbod juftlashadigan hayvonlarning eng mashhur namunalaridan biridir. Kemiruvchilar birinchi juftlashgandan keyin kuchli, umrbod juftlik rishtalarini hosil qiladi. Erkak cho‘l sichqonlari sherigiga uya qurishda, oziq-ovqat yig‘ishda va bolalariga g‘amxo‘rlik qilishda yordam berish orqali ajoyib sodiqlikni namoyish etadilar.

Titi maymunlari

Janubiy Amerikada yashaydigan titi maymunlari sherigiga sadoqatli hayvonlarning yana bir misolidir. Bu kichik primatlar o‘zlarining vafodorligi bilan mashhur bo‘lib, ular hatto dumlarini bir-biriga bog‘lab uxlashadi, buni ularning chuqur muhabbati ramzi sifatida ko‘rish mumkin.

Titi maymunlari ota-onalikka mas’uliyat bilan qaraydi. Urg‘ochisi ovga chiqqanida ota maymun bolasini yerga tushirmay ko‘tarib yuradi.

Fransuz farishta baliqlari

Monogamiya faqat quruqlikdagilar uchun emas. Okeanning bepoyon bag‘rida fransuz farishta baliqlari yashaydi. Juftlar hech qachon bir-biridan ajramaydi, birga sayohat qiladilar va birga ov qilishadi. Ularning bir-biri bilan mustahkam aloqasi odatda umr bo‘yi davom etadi.

Qora kalxatlar

Qora kalxatlar jufti bilan umr bo‘yi yashaydi. Ular bolalarini birga tarbiyalaydi, uyalarini birga himoya qiladi va oziq-ovqatni birga to‘playdi.

Agar  juftlardan biri xiyonat qilsa, u boshqa to‘da tomonidan jazolanishi mumkin. Monogamiyaning bu umumiy mustahkamlanishi qora kalxatlarni hayot uchun juftlashadigan hayvonlar orasida noyob qiladi.

 Oqqushlar  

Oqqushlar  haqida gap ketganda ularni romantika bilan bog‘lashadi. Qushlarning daryo bo‘ylab nafis suzib yurganlarida yurak shaklida bir-biriga bog‘langan bo‘yinlarning klassik tasviri aslida uchrashish marosimidir. Ular, shuningdek, qanotlarini qoqib, raqsga tushishadi. Agar qushlar ilk uchrashuvda bir-birlarini yoqtirishsa umr bo‘yi ajralishmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring