Jurnalistik faoliyatga aralashish javobgarlikka sabab bo‘ladi – Konstitutsiyaviy qonun loyihasi
Konstitutsiyaviy qonun loyihasining OAVga bag‘ishlangan moddasida jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilganlik yoki aralashganlik uchun qonunga muvofiq javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Ya’ni, amaldagi Konstitutsiyaning 67-moddasi (Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi) – «Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi», degan matn bilan tahrir qilinmoqda.
Qayd etilishicha, hozirda O‘zbekistondagi OAV soni 2016-yilga nisbatan qariyb 30 foizga ortib, 1 962 taga yetdi.
Jumladan, internet nashrlari soni so‘nggi 6 yilda salkam ikki barobar ko‘payib, 677 taga yetdi.
Davlat tomonidan OAV har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda – bu borada 2022-yil 27-iyundagi PQ-294 qaror bilan OAVlarga soliq imtiyozlari va boshqa bir qator imkoniyatlar berilgan.
Ammo sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar bor. Ayrim OAV va jurnalistlar hamon o‘z kasb faoliyatlarida turli to‘siqlarga duch kelishmoqda. Hanuzgacha ko‘plab davlat organlari va mansabdorlar ochiqlik siyosatiga ko‘nika olishmayapti.
O‘tgan yillarda OAV xodimlariga bir nechta hujumlar uyushtirilib, ular tomonidan tayyorlangan materillarni tortib olish yoki ularni tarqatmaslikka majburlash kabi holatlar kuzatilgan.
Shu sababli davlat organlarining ochiqligini ta’minlash hamda jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashishga nisbatan qonunga muvofiq javobgarlikni ko‘chaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev bir necha bor ochiqlik siyosati orqaga qaytmaydigan jarayon ekanligini ta’kidlagan. Shu sababli axborot vositalarining va jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi Konstitutsiyada qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, taraqqiy etgan mamlakatlarning tarixiy tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlamay turib iqtisodiy rivojlanish va aholi farovonligiga erishib bo‘lmaydi. Shunday ekan, jurnalist va OAVning bemalol ishlashiga qo‘yib berish kerak. Ayrim rahbarlar, ular uchun qanchalik yoqimsiz bo‘lmasin, haqiqatga yuz tutishga o‘rganishi kerak. Bu yo‘lda konstitutsiyaviy yangi norma huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter