«Kambag‘allikni kamida 2 barobarga qisqartiramiz» — Prezident
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.
Davlat rahbari ushbu forum nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar va taniqli ekspertlar ishtirokida ilg‘or tajribalarni muhokama qilish hamda birgalikda umumiy harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun qulay imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonishini bildirgan.
«Mamlakatimizda 2022-2026 yillarda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, inson kapitalini rivojlantirish va kambag‘allikni kamida 2 barobarga qisqartirishni maqsad qilganmiz. Buning uchun, biz quyidagi ustuvor vazifalarni tizimli ravishda amalga oshirmoqdamiz.
Birinchidan, iqtisodiyotda xususiy sektor rolini tubdan oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va sog‘lom raqobat muhitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada hududlarning sharoiti, o‘ziga xos xususiyati va imkoniyatidan kelib chiqqan holda, biznes uchun soliq yukini izchil kamaytirib borish va moliyaviy resurslar bilan ta’minlash katta ahamiyat kasb etmoqda.
Ikkinchidan, aholining turmush sifatini oshirish va yashash sharoitini yanada yaxshilash maqsadida har bir mahallaning infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlarni hayotga joriy etmoqdamiz.
Jumladan butun respublikamiz bo‘yicha «Obod qishloq», «Obod mahalla» va «Tashabbusli budjet» dasturlari doirasida aholi uchun zarur bo‘lgan ichimlik suv, elektr energiyasi ta’minoti, ichki yo‘llar holati yaxshilanib, ta’lim, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy ob’yektlar barpo etilmoqda.
Uchinchidan, aholining kambag‘al va ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya tizimi bilan to‘liq qamrab olish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Bunda professional ta’lim sifatini oshirish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish orqali aholini, birinchi navbatda yoshlarni va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish va kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash masalasi strategiyamizda muhim o‘rin tutadi.
To‘rtinchidan, tashqi bozorlar va hamkor davlatlarda yuzaga kelgan tahlikali vaziyat sharoitida mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hamda inflyasiya sur’atlarini jilovlash choralari ko‘rilmoqda. Natijada, joriy yilda mamlakatimizda 5 foizdan yuqori iqtisodiy o‘sish kutilmoqda.
Beshinchidan, qishloq xo‘jaligiga suv va resurs tejovchi, «aqlli» texnologiyalarni joriy etgan holda, mahsulot ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini yaratish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doimiy diqqat markazimizda bo‘ladi.
Oltinchidan, barcha hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar bilan tashqi bozorlarga chiqish, bu borada transport-logistika tizimlarini rivojlantirish orqali o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash islohotlarimizning asosiy yo‘nalishlaridan biridir», deyiladi prezident murojaatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter