Kamchiqim to‘ylar rejasi barbod... (fotojamlanma)
Bu mavzu yuzasidan yozmagan qalam qolmadi. Ammo o‘zbekka qon bilan kirgan kasalmi, singib ketgan, unut bo‘lmaydigan an’anami, topganini sochmasa bo‘lmaydigan odatmi, bilmadik, lekin to‘ylar yildan-yilga serhasham bo‘lsa bo‘layaptiki, aslo ortga qaytmayapti.
To‘ylarni kamchiqim qilish yuzasidan chiqarilgan qarorlar, tavsiyalar, farmonlar, qo‘yingki barcha tushuntirishlar faqat bu masalaga battar qiziqish o‘yg‘otayotgandek, kimo‘zgarga to‘y qilish yanada kuchayayotgandek tuyiladi.
Tahririyatimizga kelib tushgan suratlarga e’tibor bering — mayli, bu kimningdir ichki ishidir, qaysidir badavlat inson orttirib to‘y qilibdi, o‘zi biladi. Ammo buni ko‘rgan yoshlar ertaga o‘z ota-onasidan bundan ham zo‘rrog‘ini talab qilmaydi deb kim kafil bo‘ladi?
«Limuzin» kelmasa chiqmayman» degan kelinlarni rosa muhokama qildik. Hozir «Limuzin» olib kelish kulgili bo‘lib qoldi hatto. Mashinalarki, nomini ham bilmaymiz, hashamatidan ot hurkadi. Dasturxonlar qilinyapti, dasturxonki to‘yxonalarning har bir stoliga qo‘yilgan narsa bilan ixchamroq bir yig‘in o‘tkazib yuborsa bo‘ladi. Qator-qator tog‘oralar jo‘natilyapti. Tog‘oralarki bittasi bilan bir oila bir oy qorin to‘ydirsa bo‘ladi.
Qandingni ur o‘zbegim, to‘y qil, hamma hayratda qolsin! Kelganlar, suratini ko‘rganlar hasaddan ichi kuyib o‘lsin, hamma maqtasin, dong‘ing dunyoga ketsin! Sendan keyingilar andoza olsin, qo‘lidan kelsa oshirsin, kelmasa chetga chiqsin! Topganimiz to‘ylarga buyursin!
Kimo‘zarga to‘y qilish ochiq-oshkora davom etmoqda. Davlat rahbarining farmon-qarorlari ijrosi bilan hech kimning ishi bo‘layotgani yo‘q. Behbudiy hazratlari bundan yuz yillar ilgari topib aytgan ekan: bizni o‘ldirsa, to‘y va aza o‘ldiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter