Kartadan kartaga pul o‘tkazmalari soliqchilar nazoratida bo‘lishi Konstitutsiyaga zid – «Yuksalish» UMH
Joriy yil 10-fevraldagi Prezident Farmoni bilan 1-maydan boshlab kuchga kirgan jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya olinishidan qat’iy nazar elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishlari va soliq organlariga taqdim etishlariga oid tartib yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan normalarga zid.
«Yuksalish» umummilliy harakatining ta’kidlashicha, Konstitutsiyada bank operatsiyalarining sir tutilishi kafolatlangan (41-modda) hamda insonning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquqlari daxlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga hech kim haqli emasligi mustahkamlab qo‘yilgan (20-modda).
Harakat, shuningdek, «ko‘p ming sonli a’zolari fikri»ga tayanib, mazkur amaliyotning aks samara berishi, ya’ni ayrim salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishini bildirgan.
Ya’ni:
- fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini poymol etgan holda mamlakatimizda qonun ustuvorligi tamoyiliga jiddiy putur yetkazadi;
- naqd shakldagi to‘lovlarga talabni oshiradi, bank tizimidan mablag‘lar norasmiy bozorga ko‘chadi va amalda xufiyona iqtisodiyot ko‘lami ortadi;
- naqd va naqdsiz to‘lovlar o‘rtasidagi tafovutning ortishiga olib keladi.
«Shu munosabat bilan, iqtisodiyotni soyadan chiqarishda mavjud imkoniyatlarni samarali ishga solish, soliq to‘lovchilar uchun teng va adolatli soliq siyosatini yuritish, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga amal qilish kabi jihatlarga ustuvorlik berish muhim sanaladi. Yuqoridagilarga ko‘ra, bank kartalaridagi P2P o‘tkazmalari to‘g‘risida axborotni soliq organlariga taqdim etish bo‘yicha Markaziy bank pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz va ushbu masala qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz», – deyiladi «Yuksalish» umummilliy harakati munosabatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter