Kartoshka geosiyosiy masalaga aylandi...

Lukashenko tomorqalarga ham kartoshka ekishni maslahat bergan.
So‘nggi oylarda Belarus aholisi kartoshka narxi qimmatlab ketganidan shikoyat qilmoqda. «Ikkinchi non» deb atalgan ushbu sabzavotning taqchilligi prezidentlar Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenkoning o‘zaro aytishuviga ham sabab bo‘ldi.
Belarusda kartoshka bahosi 0,3-0,4 yevrodan 1,4 yevroga qadar ko‘tarildi. Bu yiliga millionlab tonna kartoshka yetishtirib kelgan mamlakat uchun sezilarli qimmatlashuvdir.
Bu hol ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘lgan.
May oyi boshida Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko kartoshka yetishmovchiligini tan olgan holda bunda mahalliy fermerlarni ayblagan. Lukashenko, shuningdek, Rossiyaga eksport hajmi oshib ketganidan yozg‘irgan.
Belarus Rossiyaga kartoshka yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biridir. Ma’lumotlarga qaraganda, 2024 yilda Minsk Moskvaga 170 ming tonnadan ziyod «ikkinchi non» sotgan.
Kartoshka narxi oshishi parellel ravishda Rossiyada ham kuzatilgan. 26 may kuni ishbilarmonlar bilan uchrashuvda bu masalaga prezident Vladimir Putin e’tibor qaratib, kartoshkani qo‘shni Belarusdan ko‘proq sotib olishni taklif qilgan. Prezident ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Maksim Oreshkin Putinga Belarusda ham kartoshka zaxirasining tagi ko‘rinib qolganini aytganida, siyosatchi hayratga tushganini yashirmagan.
Bu hodisa ortidan rasmiy Minskning kartoshka borasida siyosiy ritorikasi o‘zgargan. Lukashenko bir necha kun oldin Brest viloyatiga tashrif buyurib, ham Belarus, ham Rossiyada taqchillikni bartaraf etish uchun kartoshka yetishtirishni oshirishni talab qilgan. U mamlakat aholisiga murojaat qilib, tomorqalarga ham kartoshka ekishni maslahat bergan.

Shu mavzuda DW chizgan karikatura.
Kartoshka qimmatlashuvi geosiyosiy masalaga aylangani rostga o‘xshaydi. Belarus rahbari taqchillikni kamaytirish uchun hatto «dushman» Yevropa Ittifoqidan sabzavot va meva eksporti taqiqini ham bekor qilgan.
Belarus dunyoda kartoshka yetishtiruvchi asosiy davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat har yili 5-7 mln tonna kartoshka yetishtirib kelgan.
Belarusdagi kartoshka yetishtirish muammolarini o‘rganuvchi institut ekspertlari fikricha, bu yil qishloq xo‘jaligi xarajatlari (yonilg‘i, o‘g‘it, texnika, maosh) oshib ketgani sabab hosil kamaygan. Qolaversa, sovuq ob-havo vaziyatni og‘irlashtirgan. Mahsulotni saqlash uchun omborlarning yetarli emasligi va davlat tomonidan narx belgilanishi ham kartoshkachilikni ziyon keltiruvchi yo‘nalishga aylantirgan.
Narx oshishi fonida Belarus chegarasida kartoshkani xorijga, jumladan, Rossiyaga olib chiqish ustidan nazorat o‘rnatilgani aytilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter