Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qudratilla Rafiqov raisligidagi federatsiya ixtiyoriga yangi jamg‘arma va katta mulk berilmoqda

Qudratilla Rafiqov raisligidagi federatsiya ixtiyoriga yangi jamg‘arma va katta mulk berilmoqda

Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan.

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga «General Motors Uzbekistan» AJning «Xonobod» sanatoriyasi bino va inshootlari, «Nazarbek» sanatoriya profilaktoriyasi bino va inshootlari mulk huquqi asosida, «Omonxona» MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi hamda respublika bo‘yicha 65 ta bolalar oromgohi berilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida so‘z boradi.

Hujjatga muvofiq kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida Bolalar sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlarga sarflaranadi:

  • kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari va sanatoriylarni ta’mirlash va qurish;
  • Chorvoq suv omboriga tutash hududda yil davomida faoliyat ko‘rsatadigan halqaro bolalar oromgohini barpo etish;
  • tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar respublikadagi oromgohlarda kasaba uyushmalari a’zolarining farzandlari dam olishi va ularni sog‘lomlashtirish harajatlarining bir qismini qoplash maqsadida har bir yo‘llanma uchun BHMning 2 baravari (biroq yo‘llanma narxining 50%dan oshmagan) miqdorda oromgohlarga kompensatsiya to‘lash;

 Jamg‘arma quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:

  • Davlat budjetidan ajratiladigan maqsadli transfertlar;
  • Jamg‘armaning mablag‘larini bank depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
  • homiylik xayriyalari, xalqaro grantlar;
  • taqiqlanmagan boshqa manbalar.

 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

  • har chorakda mahalliy budjetning prognozdan oshirib bajarilgan qismining 10 % Jamg‘armaga yo‘naltiriladi;
  • davlat organlari va tashkilotlari jamoa shartnomalariga muvofik, o‘z xodimlari tomonidan farzandlari uchun sotib olingan oromgohlar yo‘llanmalari narxining 50 %gacha bo‘lgan (ammo har bir yo‘llanma uchun BHMning 1 baravaridan oshmagan) qismi ish beruvchilarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan xodimlarga kompensatsiya qilib berilishi mumkin;
  • kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylarda kasaba uyushmalari a’zosi bo‘lgan xodimlarni sog‘lomlashtirish harajatlarining bir qismini qoplash uchun kasaba uyushmalari Federatsiyasiga belgilangan tartibda taqsimlanadigan ijtimoiy soliq tushumlari hisobidan har bir yo‘llanma narxining 55% miqdorida sanatoriylarga kompensatsiya qilinadi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimida Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tashkil etilmoqda. Uning vazifalari quyidagilardan iborat:

  • mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha oromgohlarda bolalarning xavfsiz dam olishlarini ta’minlashga oid qoidalariga (jumladan sanitariya qoidalariga) rioya etilishi bo‘yicha monitoring o‘rnatish;
  • aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha aybdor shaxslarga nisbatan tegishli ta’sir chorasi qo‘llash haqida taqdimnomalar kiritish.

Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.11.2022-yildan kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, Qudratilla Rafiqov 2016-yilning dekabridan buyon O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining rahbari hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring