Sherzod Nosirov: «Muvaffaqiyat sari birinchi qadam: issiq o‘rindan tur!»
Yangi — «Yashil olma» loyihasi IT sohasi mutaxassislarini bir bog‘ga jamlab, kelajak daraxtini birga parvarishlashga chorlaydi! Olinajak hosil – yashil olmalar maqsad emas, balki maqsadga olib boruvchi yo‘ldir!
Ilk qahramonimiz IT-Park rezidenti va logotipi muallifi, o‘z vaqtida «Coca-Cola» kompaniyasida marketing bo‘yicha direktor lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Sherzod Nosirov bo‘ldi.
Suhbatdosh haqida:
- Arxitektor, grafik dizayner, tadbirkor, marketolog.
- IT-Park logotipi muallifi.
- Toshkent Arxitektura-qurilish institutining «Dizayn va reklama» bo‘limida tahsil olgan (2001-2005).
- Uzbekistan 360.uz sayohat platformasi va Arb.uz mobil ilovasi, Ho.uz, Dezone.uz saytlari asoschisi.
- «Coca-Cola» kompaniyasida marketing bo‘yicha direktor lavozimida faoliyat ko‘rsatgan (2007-2015).
– Siz, «Yashil olma» mualliflik loyihasining ilk qahramonisiz va men dastur avvalida Sizga yashil olma taqdim etaman. Buni o‘ziga xos ramziy ma’nosi bo‘lib, biz dastur mazmuniga ko‘ra, «g‘oya»dan «hayotiy mahsulot»gacha bosib o‘tilgan yo‘l haqida suhbatlashamiz. Yashil olma esa, Siz erishgan natijalaringizni timsoli sifatida qatnashadi. «Olmaga»cha bo‘lgan yo‘l – hikoyamizning mazmunini tashkil qiladi. IT sohasi bilan qanday tillashib qoldingiz, ilk qadamlar qanday boshlangandi? Shular haqida bir boshdan hikoyangizni boshlasangiz. Marhamat!
– IT sohasiga kirgan paytimiz 2010-2011 yillar edi, chamasi. IT deganda, O‘zbekistonda faqat saytlar tushunilardi. Saytni tashkil qilgan odam dasturchi deya atalardi. IT iborasi ishlatilmasdi u vaqtlar. Oddiygina qilib, «programmist» deyilardi. O‘zim hech qachon kod yozmaganman, programmalashtirish bilan shug‘ullanmaganman. Lekin o‘sha paytda o‘zimning ehtiyojlarim yuzasidan, ya’ni, biznesda masalan, arxitektura sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi kompaniyamizga bir yaxshi, mukammal sayt qilishimiz zarurati tug‘ilgan. Mutaxassislarni topib, ular bilan shu ishga kirishganimizda, bu saytni biz bilmagan yana qanday imkoniyatlari borligiga ham alohida e’tiborimizni qaratganmiz. Saytni muloqot bog‘lovchi funksiyasidan tashqari, maksimal darajada foydalanish mumkin bo‘lgan jihatlariga ham chuqur qiziqib ketib, «Buni amaliyotda qo‘llash mumkinmi, mumkin bo‘lsa, yo‘l-yo‘rig‘i qanday?», kabi savollar bilan programmistni tinch qo‘ymasdik. U ham boshini bir qashlab qo‘yib, «Ha, amallasa bo‘ladi, shekilli. Vaqt kerak bo‘ladi», deb javob qilardi. Shu zayl sayt ishga tushgandi.
2012 yilda bir platforma sayt bo‘yicha ish boshladik. Bu ham o‘zimizning ehtiyojdan. Kuzatuvlarim natijasida, O‘zbekiston miqyosida bir-biriga yaqin soha mutaxassislari – dasturchi, dizayner, fotograflarning bir nuqtada jamlangan onlayn makoni yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Birlamchi moddiyatni ko‘zlamadik, maqsad – eksperiment bo‘lib, loyihaga chetdan bildirilgan munosabat qiziq edi. Shu tariqa Dezone.uz saytiga asos solindi. Sayt haligacha faoliyatda, to‘g‘ri, o‘z davriga xos biroz eskicha tasviriy uslubda. Vaqt topib, yangi qiyofasi dizayni ustida ham albatta ishlaymiz. O‘sha vaqtda har bir g‘oyamizni IT imkoniyatlari orqali talqin qilish mumkin ekan, degan xulosaga kelgandik.
2014 yillarda e’tiborimizni yana bir g‘oya band etdi. Bu mobil ilova edi. O‘sha kezlar O‘zbekiston bo‘yicha mobil ilovalar bo‘yicha qidiruv bersangiz, Play Marketda 10 ta, balki 20 ta, uzog‘i bilan 30 ta mobil ilova bo‘lishi mumkin edi. O‘shandan 5, 10 tasi eng sifatlilarini tashkil etgan. Shu vaqtda eng birinchilardan bo‘lib, mobil ilova yaratishga qo‘l urganmiz. Bu Arb.uz deb nomlangan mobil ilova – mehmonxona, restoran, bar, kafelar bo‘yicha tizimlashgan «HoReCa» biznes xizmati yo‘nalishida bo‘lib, xalqaro miqyosdagi tajribalarni o‘rgangan holda yaratilgan. Bunda dizayn sohasidan xabardor ekanligim ham qo‘l kelgan. Mobil ilova did bilan ishlanib, insonlar uchun barcha qulayliklari hisobga olingandi.
Asosiy ishim arxitektura, dizayn, tadbirkorlik bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, bu loyiha bilan bir vaqtning o‘zida mutassil shug‘ullanishga imkonim yo‘q edi. O‘zi umuman, biror loyiha ustida ish boshlarkanman, uni hosilini qachon olarkanman deb, faqat bir nuqtaga bog‘lanib qolmayman. Faqatgina g‘oya bo‘lsa, yetarli edi menga. Unga tikilgan pul o‘zini oqlaydimi, foydasi qancha bo‘lishi-yu, davriyligi necha yil bo‘lishi va hokazolar qiziqtirmagan hech.
G‘oyani amalga oshish jarayonining o‘zi zavqli edi biz uchun. Mahsulotni yaratilgunigacha bo‘lgan jarayon yo‘lidagi izlanishlar bizga shijoat va ilhom berib turgan. Loyihalarimizning ko‘pi ovoza bo‘ldi, yorqin pallalarini ham yashab o‘tdi o‘z davrida, moliyaviy tomondan ham o‘zini oqlashga ulgurdi. Lekin shu... Tushunarsiz, tizginidan hech qutulolmaydigan bir «yomon» xislatim bor: bir loyiha bilan band bo‘lib turgan jarayonimda, boshqa bir loyihalar g‘oyasi hech tinchlik bermasligi va buning oqibatida boshlangan ish chetga surilishi. Bu yaxshi yoki yomonmi, o‘zim xolis tahlil qilolmayman.
Vaqt tig‘izligi va diqqatning nishoni turli qiziqishlar doirasiga qaratilishi natijasida boshlanagan loyihalar yarim yo‘lda qolib ketavergan yoki ikkinchi darajaga tushib qolgan. Aslida, oson yo‘limizni o‘zimiz qiyinlashtiramiz. Lekin buning ham yaxshi tomoni bor: tajribangiz oshadi, qilayotgan ishingiz yanada mukammalroq bo‘ladi.
Parallellik usulidan to‘g‘ri foydalansangiz, ishlaringiz bir-biriga yordam beradi. Albatta, masalan, o‘sha ishni oson yo‘l bilan qiladigan metodlar ham noto‘g‘ri demayman, to‘g‘ri. Muddat, dedlayn budjet omillarini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Ya’ni, bu usulni har doim ham qo‘llab bo‘lmaydi. Lekin ijodiy odamlarga shu narsa xoski, ular o‘z ustida ishlash uchun har doim o‘zini ozgina qiynashi kerak, rivojlanishi uchun. IT sohasida ayniqsa!
– Arxitekturadan IT sohasiga qiziqish doirasida kelgansiz, keyinchalik, bu qiziqish maqsadga aylandi. Qizig‘i, keyin mutaxassislik sohangiz – arxitektura bilan muloqotingiz qanday kechdi?
– Bolaligim davri sahifasidan kichik bir tarixni yodga olsam, o‘quvchilik paytim daftarimning oldi tomonidan 4 varag‘iga fan bo‘yicha yozilgan bo‘lsa, orqa tomonidan 10,15 varag‘i chizmalarimga to‘lgan bo‘lardi.Bu rassomlikka bo‘lgan qiziqishimning ilk kurtak ochgan pallasi edi.
Keyinchalik, bu qiziqish maqsadga aylanib, Toshkent Arxitektura-qurilish institutida tahsil oldim. So‘ng dizayn sohasida ish boshlab, nufuzli kompaniyalarning dizayn yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatdim. Sakkiz yil davomida pog‘onama-pog‘ona rahbarlik lavozimiga qadar yetib, marketing bo‘yicha direktor lavozimida ham ishlaganman ko‘p yil. Marketing bilan dizayn yaqin. Ya’ni, har doim meni sohalarim, men shug‘ullanayotgan ishlarning bir-biriga tabiatan, ijodiy yaqinligi bor.
IT sohasiga qadamimizning boisi, mazkur soha rivojlangan sohalar qatorida eng baland cho‘qqini egallab turibdi bugungi kunda. Shuni anglagan holda, IT sohasi O‘zbekistonda endi rivojlana boshlagan vaqtdan biz ham qiziqish bildirib, marketing, dizayn, arxitektura sohalaridagi izlanishlarimiz, umuman, ish faoliyatimizga IT sohasini integratsiya qildik. Chunki endi bu – zamon talabi. Shu sababli, arxitektura, dizayn sohasidagi faoliyatimni hech qachon yig‘ishtirib qo‘ymaganman.
Hozirgi kunda arxitektura yo‘nalishidagi eng oldi yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlab kelyapmiz, loyihalar talqini yechimi, albatta, IT sohasi bilan hamohanglikda, bog‘liq holda kechadi. Buyurtmachi kompaniya mutasaddilariga ham shu ma’qul kelayapti.
– «G‘oya»dan «real mahsulot»gacha bo‘lgan Sizning qadriyatlaringiz nimalardan iborat?
– Bizning jamoada yosh mutaxassislar ko‘p. O‘zimdagi ozgina tajribadan kelib chiqib, har doim ularga aytamanki, maqsadni to‘g‘ri belgilanglar, deb. O‘zini shaxsiy loyihasi bo‘ladimi yoki buyurtma loyiha bo‘ladimi, farqi yo‘q. Maqsadni to‘g‘ri qo‘yish zarur.
«Tezroq bitirsam-u, pulini zo‘r olsam-u, keyingi ishga o‘tsam-u», degan kayfiyatda ishlab bo‘lmaydi. O‘sha buyurtmachiga ishni shunday topshirayki, shu odam mendan shunaqangi minnatdor bo‘lsin, ertaga kelib, ey, do‘stim, menga bir paytlar yaxshi mahsulot bergandingiz, bu safar do‘stimga ham sizni tavsiya etgani keldim, desin. Ya’ni, bu bir tomondan tadbirkorlik ko‘rinishi, boshqa tomondan esa halollik qadriyati bo‘ladi.
Oddiygina: odam ishiga mukammal darajada, sadoqat bilan, ijodkorona yondashish kerak. Aksincha, qarashlaringiz bundan holi bo‘lsa, rivojlanish bo‘lmaydi, qaysi soha bo‘lishidan qat’iy nazar. Birlamchi – ishga bo‘lgan munosabat, uni ortidan keladigan moddiyat esa ikkilamchi.
IT sohasini umumiy bilaman: dasturlar turi, jarayon haqida. O‘zimga savol beraman: yaratilgan yoki yaratiladigan dasturga talab bormi, bu dastur insonlarga, jamiyatga nima beradi? Bu uchun dasturchi mutaxassis bo‘lish shart emas. Kreativ tafakkurli odam bo‘lish, kifoya. Dasturchi, albatta, kerak. Bu uchun dasturchi o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lmog‘i lozim. Dasturchilarni ham xili ko‘p: android, frontend, backend va hokazo. Buni hammasini bilishing kerak, degani emas, tor yo‘nalishda bilish yetarli.
Asosan, biz IT loyihalari bo‘yicha o‘zimizning ehtiyojlarni qondirish uchun, qolaversa, faoliyatimizni yanada mukammallashtirish uchun ishlaymiz. Hozirda bu borada ko‘p takliflar bo‘lyapti. Maqsadimiz, bu boradagi loyihalar sonini kengaytirish, eksport raqobatbardoshligini oshirish.
Katta bir taniqli kompaniyada rahbar bo‘lib o‘tirganimda, qulay kursi, shart-sharoit, mansab, yaxshi maoshga ham qaramay, issiq o‘rindan ongli ravishda turganman. Sabab, o‘zimni mustaqil ishlarim qolib ketayotganligi edi.
Bir vaqtni o‘zida arxitektura va boshlab qo‘ygan yangi IT loyihalarimni parallel olib borishni imkoni qolmagandi. Bir oyog‘ingiz uyoqda, biri buyoqda. Tanlash kerak edi, ikkisidan birini: rahbarlik yoki mustaqil loyihalar? Kimdir uyidagi divandan turish kerak bo‘ladi. Komfortdan chiqish kerak! Hech bo‘lmasa issiq havodan sovuqqa chiqishdan boshlash kerak ishni. Xullas, yo‘lni tanlab olish zarur vaqtida. Bu meni gapim emas, kitoblarda shunday yozilgan. Biznesmenlar aytishidiki, komfort o‘rindig‘idan turish kerak, deb. Buni o‘zimning tajribamda ham ko‘rdim.
Odamlarni mahsulotga jalb etish uchun, odamlar bilan gaplashishni boshlash kerak. U zo‘r dasturchi bo‘lsa-yu, aytaylik, xonada zo‘r dasturni yaratsa, lekin odamlar bilan munosabati bo‘lmasa, odamlar bilan gaplashmasa, muloqot zanjiri ishlamaydi.
Bu degani hammayoqda zo‘r tanish-bilish bo‘lishi shart emas. Bunga o‘z faoliyatimdan misol keltiraman. Arb.uz mobil ilovasini yaratayotganmizda, birorta xodimimni yollab, u yerga bor, bu yerga bor, deyishga imkonim bo‘lgan. Aksincha, birinchi bo‘lib, restoran, bar, kafelarga o‘zim borganman. Borganingizda, u yerda kim kutib oladi? Albatta, birinchi bo‘lib xostes, ofitsant yoki ofitsantni kattasi kutib oladi. U paytlar hali rahbarchilik xayoldan ketmagan davrlarimiz, qani, chaqir xo‘jayningni desak, kimsiz, deb kutib olishlar, nima masalada desa, savolini og‘irroq qabul qilib, shu ko‘yi ostonada muloqot boshlanagan, ko‘z ochilgan.
O‘zimga o‘zim hoy, to‘xta, deb turib, tahlil qilganman vaziyatni. Demak, rahbarlik qilayotgan muhitingizda ishlayotgan usul, boshqa makonda kuchini yo‘qotishi ham mumkin, degan xulosaga kelganman. Shuning uchun har bir vaziyatni vaqtida anglashni bilish kerak. Ayrimlar o‘z mansabidan, kibridan, ambitsiyalaridan qutulolmaydi shu vaziyatda.
Lug‘atimdagi his-hayajonli so‘zlarni cho‘ntagimga solib, keyin qani, endi boshqatdan boshlaymiz, deb turib, qadam-baqadam ishni boshlaganmiz. So‘ng rahbar, ta’sischilar bilan ham ko‘rishib, oshna-og‘ayni bo‘lib qolganmiz. Tushunib yetganmanki, bir joyda amal qilib kelayotgan muomalangiz, ertaga ishlamaydi! Joyiga, odamiga, vaziyatga qarab qaror qabul qilish ko‘nikmasini shakllantirish zarur. Qaysi muhitda o‘tiribsiz? Kim bilan gaplashyapsiz? Bu juda muhim! Aytishadi-ku, qoqilib, qoqilib, oxiri muvaffaqiyatga boriladi, deb.
Kishi qoqilarkanman, pulda kuyarkanman desa, unda siljish ham bo‘lmaydi, muvaffaqiyatga ham borolmaydi. Kam sonli nomdor tadbirkorlar qo‘lni qo‘lga urmasdan katta muvaffaqiyatga erishishadi. Ular kam sonli, lekin bor. O‘zbekiston miqyosida shunday yirik tadbirkor, mulkdorlarni shaxsan taniyman. Ular ko‘plarni nazarida puli ko‘p insonlar. Hayoti zo‘r. Nega, bilasizmi? Chunki, ular siz bilan mendan ko‘p ishlaydi. Tinimi yo‘q. Ko‘p joyda qoqilgan. Ko‘plar aldab ketgan. Ko‘p pul yo‘qotgan. Ko‘p narsasini tikib yuborishgan muvaffaqiyatga yetish uchun.
Avvalo, odam bir ishni boshlashga qanchalik tayyorligi haqida o‘ylab olishi kerak. Ko‘pchilik shu mexanizmdan chiqolmaydi: G‘oya bormi, g‘oyani o‘zi yetarli. G‘oyani oladi-da, sotib olasanmi, deydi. Tayyorgina, oson yo‘li bu. Yana shubhalanib qo‘yadi: «Nega olishmayapti, axir, g‘oya zo‘r-ku!» G‘oya zo‘r bo‘lishi hech narsa emas! G‘oya zo‘r bo‘lgani bilan birga, odam muomalali, rostgo‘y bo‘lishi juda muhim. Ya’ni, kerakli joyda, kerakli paytda, kerakli odam bilan muloqot o‘rnatish va buni tajribada sinab ko‘rish lozim. Mahsulotning bozori chaqqon emasligiga xaridor aybdormas. Mahsulotning kamchiligi ustida ishlash kerakdir, balki?!...
Bitta loyihamiz bor, 2016 yildan hozirgacha ishlab kelyapmiz ustida. Juda katta, global miqyosdagi platforma. Hech bir joyda haligacha reklama qilmaganman! Qanday reklama qilishni bilaman. Ko‘plar hayron bo‘lib, nega reklama qilmayapsiz, deb so‘rashadi.
– Nima uchun?
– Reklama qilish oson! Ming, o‘n ming, ellik ming dollar bilan ham reklama qilsa bo‘ladi! Lekin uni reklama qilib qo‘yganingizdan keyin, shunday baholashadi: masalan, ichimlik suvi, nomi bunaqa ekan, imkoniyati bunaqa va hokazo. Balki men bu mahsulotni hozir chiroyliroq shaklga keltirib, mazasini to‘g‘irlab, yillar o‘tsa ham, bozorda «zo‘r mahsulot» degan mavqeini yo‘qotmaydigan darajaga olib chiqib, keyin reklama qilsam, o‘rinli bo‘lar. Baholanayotganida ham, darajasi balandroq bo‘ladi. Shunda xaridor oldida uzr, o‘sha paytda mahsulot chalaroq edi, hozir yangiladik, deb qayta reklama qilmayman.
Sizni bir marta baholashadi va bo‘ldi, nuqta. Keyin oqlolmaysiz o‘zingizni. Bizda odamlarni ob’yektiv, sub’yektiv fikrlari juda qattiq. Deylik, bir olmani tishladingiz, mazasi yoqmadimi? Bo‘ldi! «Kim olib kelgandi? Falonchi beruvdi, falonchini do‘konidan olgandim. Ha, tushunarli! Qayta ishlama, u bilan! Qayta kirma, uning do‘koniga!» qabilida baholashadi.
Olma har kuni almashadigan narsa bo‘lsa hamki, shu taassurotda qotib qolinadi. Shuning uchun reklama qilishdan avval, «To‘xta, shu reklamani bir oydan keyin qilsam, nima bo‘ladi? Shoshma, yana bir yildan keyin qilsamchi, qanaqa munosabat bo‘larkin?», deb mahsulotni mukammal pog‘onaga olib chiqish haqida o‘ylash kerak. U paytgacha siz o‘zingiz o‘zgarasiz! Fikrlaringiz o‘zgaradi. Kimgadir hozir reklama juda zarur, reklama qiladi, ishi bitadi. Biroq IT va innovatsion original loyihalar xususida gapirayotganimizda, yetti o‘lchash ketmaydi. Yetti yuz marta o‘lchashingizga to‘g‘ri keladi!
Avvaldan aytay, keltiradigan misolim, bu meni shaxsiy fikrim. Faqat shu usulni qo‘llash kerak, degani emas. Yevropada g‘oyani bayon etish bo‘yicha «Elevator pitch» (Liftdagi nutq bayoni) degan usul bor. Masalan, hozir 17 qavatli binodamiz. Aytaylik, bino liftiga kirib qoldim. Men startapchiman va qarshimda bir millioner yoki IT sohasining nomdor vakili. Lift birinchi qavatdan to belgilangan qavatga yetguncha, g‘oyangizni aytib berishga ulgurishingiz kerak. Siz tinglovchini g‘oyaga qiziqtirishingiz kerak! Ha, bu bo‘lishi mumkin! Xorijda ishlashi mumkin bu usul mexanizmi. Lekin bu yerda vaziyatni real holatga o‘girsak, hayotiylikdan uzoq. O‘zbekchilik – suhbatni yarmi «salom-alik» bilan o‘tadi. So‘ng xayrlashuv! Bu esa reallikdan yiroq.
Bino o‘ttiz qavat bo‘lsa hamki, pitchingni aytolmaysiz. Tadbirlar doirasida o‘tkaziladigan taqdimotlar uchun ham davomiylik 10 daqiqa beriladi va bu vaqt ichida talabgor na loyihasini to‘liq bayon eta oladi, na hayajonini bosa oladi. Qatnashish kerak bu kabi tadbirlarda, albatta. Biroq bu natijali bo‘ladimi, yo‘qmi, shu masala!
Undan ko‘ra, taklifim, yosh mutaxassis o‘z g‘oyalari ustida tinmay ishlab, uning taqdimotiga doimo shay turishi kerak. Tadbirga kelgan odam, o‘zbekistonlik bo‘lsa, g‘oyani aynan shu yerda bayon qilish, fantastika emas! O‘sha odamni ofisiga bor, eshigini bir taqillat, ikki taqillat. Ertasiga rahbar kotibi «Yana «o‘sha» keldi, nimadir xohlayapti-yov sizdan», deb boshlig‘i bilan o‘zi sizni ko‘rishtiradi. Bu endi boshqa yondashuv, bevositalik, yuzma-yuzlik.
Pitching pozitsiyasini o‘zgartirish darkor. Ko‘p yoshlar o‘ylashadiki: «G‘oya pitchingini tadbirda aytsam, aytdim, bo‘lmasa yo‘q». Yo‘q, nimaga?!. Qo‘rqish kerak emas. Hozirgi yoshlar virtual olam odami bo‘lib qolishganmi, deyman. G‘oya tinglovchisi bilan jonli muloqot qurish zarur. Izlayotgan odamingizni ofisini toping, bu ham mehnat. Telefonini toping, bu yana bir mehnat! Ya’ni, o‘sha bo‘lajak yosh mutaxassis o‘z loyihasi kelajagiga qanchalik ishonadi? Shu ma’lum bo‘ladi.
Agar loyiha g‘oyasiga u qadar ishonchi yo‘q bo‘lsa, uni hali chala hisoblab, borishim shartmikan, deb o‘tiraversa, unda loyihani o‘zida muammo. Odamda emas! Chunki loyiha hali taqdimot darajasida emas! Loyiha mukammal bo‘lsa, keyin muallifini o‘zi yonadi.
Davlat rahbari huzurida bo‘lib o‘tadigan ko‘riklar darajasida marrani balandroq olish kerak. Davlat mutasaddilari ham ko‘rib, kuchli loyiha ekan, deya katta taqdimotga hozirlik ko‘rishadi. Bu borada real holatlarni bilaman. Bu aslida oddiy narsa, fantastika emas! Buning uchun odam o‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Ulgurmadim, lift tez to‘xtab qoldi, bari bahona! Odamni o‘zida hamma qolgan gap, loyiha zo‘r bo‘lsa, yo‘llar tez ochiladi. Maqsadi nima, niyati nima? Maqsadi bor inson chalg‘itadigan narslardan o‘zini bartaraf etadi va maqsadi sari dadil boradi!
– Stiv Jobsni shunday fikri bor ekan, quyidagicha: «Alomatlar sodir bo‘lishi uchun kerakli nuqtalar kerakli joyda, kerakli omillar aro birlashishi kerak», degan. Sizni faoliyatingizga shu fikrni o‘girsak, shu nuqtalarda Siz nimalarni ko‘rasiz?
– Uning hayoti davomida sodir bo‘laganlari ishlari ulug‘vor yoki u o‘ta daho bo‘lganligidan emas. U ham ma’lum bir oddiy muhitda katta bo‘lgan va bu muhit sabablariga ko‘ra, aytganingizdek, ma’lum makonlarga borib qolgan. Bu, albatta, taqdir bilan bog‘liq rishtalar.
Oddiyroq qilib tushuntirganda, biz qilayotgan hamma ishimiz taqdir izmi ila, inson esa aslida, olamda yaratganning ne’matlaridan ilhomlanadi, xolos. Insoniyat nusxa ko‘chirishi, uyg‘unlashtirishi, chog‘ishtirishi mumkin, lekin aslo yaratmaydi.
To‘g‘ri, qayerdadir aqlimizni ozgina ishlatamiz, qayerdadir abjir bo‘lishimiz, tadbirkorlikni qo‘llashimiz kerak bo‘ladi va yana boshqa o‘rinda kreativ yondashuv va yoki ijodkorlik talab etiladi. Biroq bu ishni men qildim, deyishga haqli emasmiz. Biz oddiy insonmiz!
Yaratgan agar odamzot peshonasiga shu seni yo‘ling, deb vazifalarini bitib qo‘ymagan bo‘lsa, imkonsiz bari. Shu sabab, «men yaratdim», «biz yaratdik», degan jumlalarni qo‘llashdan qochaman. Halollik, to‘g‘rilik, muhit, atrofingizda qay toifa odamlar borligi esa muvaffaqiyatning garovi.
Agar har kuni choyxonda oshxo‘rlik qilib o‘tirilsa, shu muhit ta’siriga tushiladi, ko‘nikiladi, oqibat hayot tarziga aylantiriladi. Shuning uchun odam o‘ziga qat’iy belgilab olishi kerak: qaysi muhitda, kim bilan bo‘laman, u yerda nima ish qilaman? O‘zi nima ish qilishni xohlayapman? Agar niyat faqat pul topish bo‘lsa, nima ish bo‘lishidan qat’i nazar, ishning natijasi kutilgandek bo‘lmaydi. Bir xil tanishlarimiz bor, ishni daromadini o‘ylamasdan tavakkal qiladi, lekin moliyaviy ahvollari har doim yaxshi. Niyat to‘g‘ri bo‘lsa, rizq o‘zi keladi.
– Kun tartibingizni qanday rejashtirasiz? Vaqt omili sizni faoliyatingizda qanday o‘rin tutadi?
– Bu borada ideal emasman. An’anaviy ish tarbida ishlaydigan insonlarnikidan bizning ish jadvalimiz farq qiladi. Ish 9:00dan boshlanadi va kechki noma’lum soatgacha davom etadi. Kun eng muhim ishlar ketma-ketligi bilan boshlanadi. Belgilangan uchrashuvlar bo‘yicha xodimlarimiz bilan dastur tuzib qo‘yganmiz. Loyihalar bo‘yicha esa oldindan aniq bir sanaga qarab emas, balki oy kesimida reja qilaman.
Buyurtma loyihalar bo‘yicha ishlarda eng muhimi, mijoz aytdimi, aytgan vaqtiga buyurtmasini yetkazib berish – oliy maqsad. Jamoamiz yigitlari o‘z ishining ustalari, barakalla deyman, ularga. Mijoz rozi ketsin va solishtirsin ish sifatini.
Alijon va Valijon misolini keltirsak: «Alijonga aytgandim, bir oyda chala narsa qilib berdi, Valijon buyurtmani ikki kunda topshirdi, zo‘r!» Shu fikrda taqqoslasin, mijoz! Bozor iqtisodiyoti, o‘zingizni ko‘rsatishingiz kerak, SIFAT bilan! Marketingga 10 ming dollar «otganingiz»dan ko‘ra, tashqi reklamada sifatni vosita biling!
Xodimlarimga o‘zingizga qulay sharoitni yarating va shijoat bilan ishlanglar, deb ta’kidlayman. Mijoz ham, xodim ham rozi. Bu ham marketing! Bundan afzali yo‘q, qaysi soha faoliyat turi bo‘lishidan qat’iy nazar.
– Ish faoliyatim yuzasidan ko‘p chet el safarlarida bo‘laman, dedingiz. Oxirgi yillardagi kuzatuvlaringizga qaraganda, IT sohasidagi qanday novatorlik izlanishlari, loyihalaridan ilhomlandingiz va ularni qay birini O‘zbekistonda qo‘llash mumkin, degan farazlaringiz bor? Yoki bizdagi qaysidir bir loyihalarni hamkorlikda, almashinuv tajribasi asosida amalga oshirish mumkin, deb o‘ylaysiz?
– Bir paytlar Xitoyga ishlab chiqarish asbob-uskunalari olib kelish maqsadida safarga otlandik. Lekin qaytishda esa boshqa o‘y-fikrda qaytganmiz.Ayrim vaqtlar o‘ylayotgan loyihangiz o‘xshamasligi mumkin, lekin undan ziyodasi bilan fikringiz kengayishi hisobiga, yaxshilikka.
Tavsiyam shuki, faqat safarda emas, ko‘cha-ko‘yda, yo‘l-yo‘lakay insonlar bilan fikr almashib, hamkorlik rishtalarini bog‘lashga odatlanish zarur. Deylik, do‘kondan biror mahsulot xarid qildingiz va siz do‘kon egasi, tadbirkorga nima bera olasiz? Balki reklama qilib berishga imkoningiz bordir, mahsulotini. Farqi yo‘q, qaysi xizmat turi bilan birodarlik qo‘lini uzatishingizni. Mening ham mahsulotimni ham ko‘rib ko‘rgin, desangiz, bundan zo‘ri yo‘q. Chunki u, siz bilan hozir xolis munosabatda: siz unga mijoz, eng yaqin odamsiz ayni paytda. Chunki siz, pul beradigan odamsiz!
Ana o‘sha paytda, yaxshi niyatda ish boshlash kerak. Shaxsan o‘zim do‘konlarga katta xarid maqsadida borganimda, xodimidan xo‘jaynini chaqirishini so‘rayman va olgan mahsulotim sifatiga o‘z minnatdorligimni aytib, xizmat turim bo‘yicha ma’lumot berib, takliflarimni bildirib ketaman. Bu borada xijolatchilikka o‘rin yo‘q. Bir xil rahbarlar taklifingni yuzma-yuz kelib, tushuntir, qabilida yo‘l tutishni afzal biladilar. Bu endi boshqa masala!
Lekin imkon tug‘ilganda, joyida yuzma-yuz munosabat bog‘lashning afzalliklari ko‘proq. Ya’ni, birinchidan, vaqtdan yutasiz, ikkinchidan, qog‘ozbozlik qilmaysiz. Bevositalik – juda yaxshi ishlaydigan va natija beruvchi mexanizm.
Bu kerakmas narsani o‘tkazib ketish degani emas, siz ham hamkorga arzirli xizmat taklifini bera olishingiz kerak. Agar bunga ko‘zingiz yetmasa, gap ochishning hojati yo‘q. Manfaatdorlik ikki tomonlama bo‘lishi kerak. Mendan sotib ol yoki bo‘lmasa, xizmat turimni qo‘lla, demayman.
Oddiygina muloqotga kirishaman, salom-alik bo‘lgach, o‘sha inson faoliyati bilan nimadir bog‘liq joyingiz bormi, ma’lumot berib keting. Tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarni ukadek ko‘rib, tinglab, maslahat berish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish – katta dalda ular uchun. Ularni tajribasiz ko‘rib, tajribang yo‘q, eplolmaysan, deyishdan oldin bir marta tinglab ko‘ring, qo‘lingizdan kelsa, yordam bering. Iste’dod qirralari ochilishiga sababchi bo‘lib qolarsiz, balki. Shaxsan men o‘sha yosh bilan baravar, birgalikda, xuddi, o‘zimni loyihamdek jon kuydiraman.
– Sizni faoliyatingiz davomida muvaffaqiyatsiz kechgan lahzalarni hozirgi tajribangiz bilan nima deb atagan bo‘lardingiz?
– Muvaffaqiyatsizlik sizni doim bezovta qilayotgan bo‘lsa, demak, turish kerakda, obdon O‘Zni taftish qilish lozim. «O‘zi nima ish qilayapman? Ishdan tashqari, shaxsiy yashash tarzim qanday? Bu sinovlar nega kelyapti, bu voqea nega men bilan sodir bo‘layapti?» kabi savollar bilan odam o‘zini qiynashi kerak.
Ish, uy-joy, mashina, obro‘-e’tibor birlamchi emas odam hayotida. Birlamchi – hayotni to‘g‘ri yashash, hayot tarzini to‘g‘ri belgilash! Insonning hayot kechirish tarzi, maqsadlari to‘g‘ri bo‘lsa, muvaffaqiyatsizlik bo‘lganini ko‘rmaganman hech. Muvaffaqiyat bo‘ladi, albatta. Qoqilishlar tabiiy, bu har bir kishi hayotida bo‘lib turadi. Masalan, bir odamni ish bo‘yicha kimdir aldab ketdi. Tezlik bilan tahlil qilish kerak vaziyatni: nimaga bunday bo‘ldi? Agar sababni to‘g‘ri topolsa, muammoni bartaraf qilishga erishadi. Topolmasdan boshini devorga urib o‘tirsa, o‘sha joyda o‘tiraveradi.
Omadsizlik degan narsa yo‘q. Omadni o‘zidan, yon atrofidan qidirmoq kerak. Vaziyatni tahlil qilmasdan turib, ey, bo‘ldi, menga emas ekan, deyish noto‘g‘ri. Qo‘lingizga zirapcha kirgudek bo‘lsa ham, ey, to‘xta, kimgadir qattiq gapirdim shekilli, deb fikrlansa, o‘sha odam ertaga shu qarashini biznesda ham qo‘llay oladi. Eng avval, o‘zingizga nisbatan to‘g‘ri, halol bo‘lishga harakat qiling, bu biznes faoliyatida ham muhim. Qayerdadir kimnidir yoki o‘zingizni aldayapsizmi, rivojlanish bo‘lmaydi! Boshqalarga nisbatan hurmat – o‘zimizga nisbatan hurmatdan boshlanadi.
Hamkorlikda ishlayotgan biznes partnyorlaringiz kattami, kichikmi, farqi yo‘q. Ular sizni ishonish mumkin bo‘lgan kishi sifatida tanishi kerak. Ya’ni, hamkor shunga ishonadiki, siz, uni aldamaysiz, chuv tushirmaysiz, ishini chala topshirib, qochib ketmaysiz. Shunda hamkoringiz nima qiladi? 100 so‘m qimmatroq bo‘lsa ham, siz bilan ishlaydi.
Rahbarlar shunday tafakkur qiladi: sifat kafolati bor, tuzuk mutaxassis, tezkor. Shu narsalarga e’tibor bersangiz, mijoz buni darrov payqaydi. Gapda men bunaqaman, deyish shartmas. Hammasini ishingizda ko‘rsating, ishingiz orqali sizni tanishsin, sizni baholashsin. Loyihadan 50 so‘m o‘rniga, 1 so‘m topsangiz ham, siz shu ishni puxta qilishga erishganingizni o‘zi muvaffaqiyat aslida.
– IT sohasini yaqin kelajakdagi 10 yillikda boshqa sohalar bilan muloqotini, ta’sirlashuvini qanday tasavvur qilasiz?
– 2018 yil Prezidentimiz tashabbusi bilan startap-ekotizim va startap loyihalarni takomillashtirish va ularni mamlakatimizda amalga oshirish maqsadida, O‘zbekistonda axborot texnologiyalari parkini yaratish g‘oyasi ilgari surildi. Shunga ko‘ra, 2019 yil, 24 iyulda Toshkentda O‘zbekiston Respublikasidagi birinchi IT- Park ochildi. Bu voqea soha mutaxassislarini katta marrali loyihalar sari safarbar etib, shijoat ilhomi bag‘ishladi.
IT-Park – O‘zbekiston IT sohasining lakomotivi sifatida faol kishilarni atrofida birlashtiruvchi, zamonaviy texnika infrastrukturalari, moliyaviy va ilmiy ko‘mak hisobiga o‘z g‘oyalarini haqiqiy biznes loyihaga aylantiradigan joy. Bunga javoban endi maksimal darajada harakat qilishimiz kerak.
Bugungi kunda IT-Park imkoniyatlari kengayib, uning filiallari ko‘paymoqda, yangi binolar qurilyapti. Bu hammasi davlat tomonidan soha rivoji yo‘lida muhit yaratilayotganligidan dalolatdir. Maqsad – aholini uydan chiqarib, bandligiga hissa qo‘shib, ishchanlik kayfiyatini oshirish, eksport salohiyati darajasida rivojlanishga yo‘l ochish.
– IT sohasi ostonasida turgan yoshlarga tajribangizdan kelib chiqib, bo‘lishadigan takliflaringiz? Ishni birinchi nimadan boshlash kerak?
– Men o‘zimni IT sohasida katta bir marrani zabt etgan kishi sanamayman. Agar nimadir qilgan bo‘lsak ham, hali hammasi oldinda, deyishni lozim ko‘raman. Natija maqsad emas! Maqsadga olib boruvchi vosita! Ayrim yigitlar bor, ishni kecha boshlagan. Elektron soat, taqvim, sayt yaratdim, deb faxrlanadi. Yaxshi, lekin o‘z ustida tinmay ishlash – rivojalanishning garovi.
Bu qilgan ishimni kecha youtubedan ko‘rib, tayyor narsani ko‘chirdim, endi o‘zim bir yangilik qilishim kerak, degan fikrda yo‘l tutish lozim. Odam butkul o‘z ishidan qoniqish hissida bo‘lib qolishi kerak emas. Mana bo‘ldi, qoyil qildim, chiroyli sayt chiqdi, endi shuni davom ettirib yuraveraman desa, xato! Urinib ko‘rdim, bir nima o‘xshadi, endi murakkabrog‘iga qo‘l uray, degan chanqoqlik kayfiyati kuchli bo‘lishi kerak. Ishga nisbatan sozlashuv to‘g‘ri bo‘lishi juda muhim.
– Suhbat so‘ngida men sizga alohida minnatdorligimni bildirmoqchiman. O‘zi hech narsa tasodifan bo‘lmaydi. Har bir narsada hikmat bor va ayni shu «Yashil olma» loyihasining g‘oyasi tug‘ilishida IT-Park uchun chizgan logotipingiz menga juda ham ilhom berdi. Tasvirdagi daraxt – yashillik, hayot va unda inson omili. Navnihol va inson omili uyg‘unlashar ekan, albatta, uning mevasi ham bo‘lishi tabiiy. Shu o‘yda «Yashil olma» loyihasi g‘oyasi tug‘ildi. Ramziy ma’noda loyihaning ushbu qaldirg‘och soni esa g‘oyaning ilk nishonasidir!
– Yangi loyiha boshlabsizlar, avvalambor, Alloh nasib qilib, rivojlanib, katta bir loyihaga aylansin! IT-Park ham faqatgina g‘oyani o‘zidan boshlangan. «Yashil olma» ham xuddi IT-Parkdek nufuzli, taniqli loyiha bo‘lib, insonlarga foyda keltirsin!
– Kelajak daraxtini birga ekamiz, birga parvarishlaymiz. Aynan shu yashil olma Sizning hosilingiz bo‘lishi mumkin!
Lobar Qobilova suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter