Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Katta panda uchun katta yutuq — bu sizga ayiq emas...

Katta panda uchun katta yutuq — bu sizga ayiq emas...

XXR ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi vakili Suy Shuxunning aytishicha, katta panda bundan buyon zaif tur sifatida tasniflanadi. Endi u yo‘qolib borayotgan tur emas.

Pandalarning yovvoyi tabiatdagi populyasiyasi oshib 1,8 mingtagacha yetgan, bu ularning yashashi uchun sharoitlar yaxshilanganini va Xitoy ularni saqlab qolish uchun yetarlicha ishlar bajarganini anglatadi, xabar bermoqda TASS.

Xitoylik ekologlar oxirgi marta katta pandalarni 2013-yilda ro‘yxatga olishganida yovvoyi tabiat bag‘rida 1 864 ta panda yashayotgani oydinlashgandi. Solishtirish uchun: 2003-yili Xitoyda bambuk ayiqlari (katta pandalar) soni 1596 ta edi. Katta pandalar Xitoyning Sichuan, Shensi va Gansu viloyatlaridagi o‘rmonlarda yashashadi.

Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi 2016-yilda katta pandalarning Qizil kitobdagi maqomini o‘zgartirib, yo‘qolib borayotgan turdan zaif turga o‘tkazgandi. O‘shanda bunga javoban Xitoy hukumati gigant pandalarni yo‘qolib borayotgan tur maqomidan mahrum etishga hali erta ekani haqida bayonot bergandi.

O‘zbekistonda ham ayiqlar bor, hozircha... Katta pandadan farqi, ular hanuz yo‘qolib ketish xavfi ostida. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida yovvoyi tabiat bag‘rida 250-260 ta, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra esa, 150 tacha Tyanshan ayig‘i bor. Bu ketishda bu jonivor Qizil kitobdan Qora kitobga «ko‘chishi» hech gap emas. 2019-yilda Chiroqchida bir emas ikkita, Namanganda bitta qo‘ng‘ir ayiq o‘ldirildi, Baxmal va Angrenda qopqonga tushgan va tutib olingan ayiqlar tabiatga qaytarilganidan ko‘p o‘tmay, Bo‘stonliqda «Qizil kitob»ga kiritilgan ayiq Ekologiya qo‘mitasi ruxsati bilan rossiyalik ovchi tomonidan otib o‘ldirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring