KazAID: asosiy maqsad ma’lum qilindi
Qozog‘iston xalqaro taraqqiyot agentligi (KazAID) birinchi navbatda Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Afg‘onistonga ko‘mak berishga alohida e’tibor qaratadi.
Bu haqda agentlik boshqaruvi raisi Arken Aristanov Qozog‘iston matbuotiga ma’lum qilgan.
“Bu o‘rinda mantiqiy asos bor: agar siz kelgusida hamkorlik qilmoqchi bo‘lgan mamlakatingizga ko‘mak bersangiz, pirovardida kuchliroq hamkorga ega bo‘lasiz. Bu esa hamkorlikni sifatli, manfaatli va barqaror etadi... Gap shundaki, Qozog‘istonning mintaqa uchun ham asqotadigan kuchli jihatlari mavjud. Biz shu kabi jihatlarni yoyish uchun ham shart-sharoit yaratamiz. Masalan, bizda davlat xizmatlarini raqamlashtirish, moliyaviy texnologiyalar, internet-banking rivojlangan, ta’lim va tibbiyotda ham yutuqlarga erishilmoqda. Biz ularni taraqqiyot uchun rasmiy ko‘mak doirasida ilgari suramiz”, – degan Qozog‘iston xalqaro taraqqiyot agentligi boshqaruvi raisi.
Qayd etilishicha, so‘nggi 20 yilda Qozog‘iston boshqa davlatlarga 600 million dollarga yaqin ko‘mak ko‘rsatgan.
Bevosita KazAID doirasida 2022 yilda 36,7 million dollarlik ko‘mak taqdim etilgan. Ostona bu raqamni 100 million dollarga yetkazmoqchi.
KazAID Qozog‘iston Respublikasining 2014 yil 10 dekabrdagi “Taraqqiyotga rasmiy yordam to‘g‘risida”gi qonuni va mamlakat hukumatining 2020 yil 15 dekabrdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi agentlikning asosiy vazifalari texnik yordam ko‘rsatish orqali hamkor mamlakatlarda barqaror rivojlanish va inklyuziv o‘sishni ta’minlash, tinchlik, mintaqaviy va global xavfsizlikni mustahkamlashdan iboratdir. Professionallik, innovatsiya, ijodkorlik, ijtimoiy javobgarlik, shaffoflik, ochiqlik, yetakchilik, tashabbuskorlik kabilar tuzilmaning asosiy qadriyatlari deb e’lon qilingan.
Agentlik, shuningdek, ta’lim grantlari ajratadi, infratuzilma ob’yektlari qurilishi va rekonstruksiyasi bilan shug‘ullanadi. Masalan, joriy yil mart oyida Qozog‘iston xalqidan Ozarbayjonning Fuzuliy shahriga tuhfa qilingan bolalar ijodiyoti markazi binosi ham KazAID ko‘magida barpo etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonning “Yuksalish” umummilliy harakati 2022 yilda KazAID bilan memorandum imzolagan. Hujjatda Markaziy Osiyoda bir qator yo‘nalishlarda birgalikda loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter