Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kelib chiqishi o‘zbekistonlik Manuel Yanser O‘zbekiston MTJda o‘ynash istagini bildirdi

Kelib chiqishi o‘zbekistonlik Manuel Yanser O‘zbekiston MTJda o‘ynash istagini bildirdi

Yanserning otasi tomondan qarindoshlari O‘zbekistonda tug‘ilgan. Ayni paytda futbolchi Germaniya uchinchi Bundesligasida Braunshveygning «Ayntraxt» klubida to‘p tepmoqda. championat.asia saytining Germaniyadagi muxbiri Miron Goyxmann Yanser bilan intervyu tashkil qildi.

- Manuel, O‘zbekistonda sizni o‘zimizdan, deb aytishadi. Bu mamlakat haqida qanday fikrdasiz?
- U yerda men haqimda bilishlaridan xursandman. Ota-onam Germaniyaga O‘zbekistondan ko‘chib kelishgan, bu ularning Vatani, O‘zbekistonda katta akam tug‘ilgan. O‘zim Germaniyada tug‘ilgan bo‘lsam ham, O‘zbekiston men uchun qadrli yurt. Ota-onam o‘zlari yashagan Chirchiq yaqini haqida ko‘p gapirib berishardi. U yerda faqat bir marta bo‘lganman. Ammo o‘shanda ancha yosh edim va ko‘p narsani eslay olmayman. O‘zbekistonga yana borishni orzu qilaman.

- Siz fuqarolik olib, O‘zbekiston terma jamoasida o‘ynashingiz ham mumkin.
- Balki. So‘nggi paytlarda jarohatlar girdobiga qolib ketdim va o‘zim istagandek o‘ynay olmayapman. Ammo hozir to‘liq tayyor bo‘ldim. Sog‘ligim bilan muammo bo‘lmasa va O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari meni chaqirishsa bundan albatta xursandchilik bilan o‘ynardim.

- Demak O‘zbekiston terma jamoasini kuzatib borayapsizmi?
- Ayni paytda jamoani mashhur Ekton Kuper boshqarayotganini bilaman. Osiyo Kubogidagi bir nechta o‘yinlarni tomosha qildim. Ammo terma jamoa a’zolari Yevropada deyarli o‘ynashmaydi va ularni u qadar yaxshi bilmayman.

- Siz «Shtutgart» klubi tarbiyalanuvchisiz va o‘z paytida Germaniya o‘smirlar terma jamoasida o‘ynagansiz...
- Ha, bu to‘g‘ri. «Oberkoxen» bolalar futbol maktabiga borganman. U yerda meni «Shtutgart» murabbiylari chaqirishgan. Germaniya U-17 terma jamoasi safida Yevropa chempioni bo‘lganman. Keyinchalik Germaniya milliy terma jamoasida o‘ynab ketishimga jarohatlar xalal bergan. Shu kunga qadar «Shtutgart-2», «Xeydenxaym», «Xolsten Kil» klublarida o‘ynadim. Bu mavsum Braunshveygning «Ayntraxt» klubiga ko‘chib o‘tdim. Hozir bu klub uchinchi Bundesligada o‘ynayapti. Qishki transfer oynasi vaqtida jamoa ancha kuchayib oldi. Men faqat zaxiradan maydonga tushayotgandim, faqat so‘nggi turda asosiy tarkibda o‘ynadim.

- Siz juda ham kulguli video «qahramoni»ga aylandingiz...
- Ha, kutilmagan holat bo‘ldi. O‘zim 100 foizli imkoniyatdan foydalana olmadim, keyin sherigim tepgan to‘p menga tegib maydonni tark etdi. Ammo muhimi o‘sha bahsda ochko qo‘lga kiritdik. Gollarni esa hali ko‘p uraman.

- Sababi hujumkor o‘ynchisiz...
- Ha, odatda chap qanot yarim himoyasida o‘ynayman, ba’zida hujumda. Shunday ekan raqib darvozasi oldida hujum tashkil etish va gol urish mening asosiy vazifam.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring