Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kelinlar bozori»dagi noodatiy «savdo» ayolga nisbatan haqorat va tuhmatdir

«Kelinlar bozori»dagi noodatiy «savdo» ayolga nisbatan haqorat va tuhmatdir

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda «Kelinlar bozori» haqida bir rolik tarqaldi. Ya’ni unda bozor peshtoqiga «Kelinlar bozori», deb yozib qo‘yilgan edi.

Buni kim, nima maqsadda qilgan bilmadimu, lekin ko‘rib bo‘lgach, bir ayol sifatida, ona sifatida, shu xalqning farzandi sifatida juda ranjidim. Buni ijod qilganlar san’at asari deyishar yoki  satira va yumor deb rolikni oqlashar, lekin mening nazarimda, bu o‘ta bachkanalik, fahm-farosatsizlik, qolaversa, xalqimizga nisbatan tuhmat va haqoratdan boshqa narsa emas.

Har qanday asar hayotdan olinadi, jamiyatdagi tipik hodisalar (muayyan muhitda ko‘p uchraydigan, odatiy, doimiy ravishda kuzatiladigan voqea-hodisalar)ni, muammolarni obrazli qilib ko‘tarib chiqadi. Shunday ekan, bu rolik ijodkorlari ham anglashimcha, «jamiyatda ayollarga nisbatan bir buyum sifatida qaralmoqda, ular bozorga solinmoqda, bu odatiy holga aylangan, davlat va jamiyat ham buni qo‘llab-quvvatlamoqda va hokazo», demoqchi bo‘lganday.

Endi savol tug‘iladi, xo‘sh, bizning jamiyatda bu rolik uchun chindan ham motiv bormi? Aslida shunaqami?

Misol uchun hassaga suyanib kelayotgan chol betamizlarcha, «kampirni boshimga uramanmi, menga yoshidan, zo‘ridan kerak», boshqa bir erkak orsizlarcha «ikkinchi qo‘l bo‘lsa ham, arzon variantlar ham bo‘ladimi», deydi. Yoki yana bir ayol qizini bozorga solayapti, ya’ni sotayapti: «endi bu ko‘pi bilan yurib qo‘ygan-da» yoki «hammaga to‘g‘ri kelgan, sizga ham to‘g‘ri keladi»... Boshqa bir ayol esa qizi haqida «yili eski bo‘lsa ham qirilmagan, ezilmagan, siqilmagan, xullas hali plomba», deb maqtayapti. Yana biri esa qizga nisbatan «garantiyasi bor, qaytarib olib kelsangiz, singlisiga almashtirib beramiz», demoqda.  

Rolikdan kadr

Bu personajlar va ularning og‘zidan chiqayotgan gaplar, nahotki, xalqimizga xos tipik holat yoki odatga aylangan bo‘lsa?! Nahotki, jamiyatimiz qizlarni bozorga solib, savdolashadigan darajada tubanlashgan, ayollarimiz onalik hissisiz, erkaklarimiz orsizlashib ketgan bo‘lsa?! Axir, bu xalqimizga nisbatan tuhmat, haqorat emasmi? Bular ming yillik tarixga ega o‘zbek xalqini shu qadar tuban qilib tasvirlashga haqqim bor deb, hisoblarmikan?!

Yoki davlat tomonidan ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning o‘qishi, kasb o‘rganishi, erkin shaxs sifatida hayotda to‘laqonli yashashi uchun shart-sharoitlar yaratish, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish borasida qilinayotgan ishlardan, bu masalada butun jamiyat oyoqqa turayotganidan bular xabardor emasmi?

Yoki bugungi o‘zbek xotin-qizlari o‘zini bozorga solishlariga qo‘yib beradigan darajada saviyasiz yoki himoyasiz emasligini bilisharmikan? Bu rolik orqali o‘zbek xalqini Markesning «Yolg‘izlikning yuz yili» asaridagi axloqiy inqirozga yuz tutgan Makonda ahliga o‘xshatib qo‘yganini his qilishdimikan?!

To‘g‘ri, jamiyatimizda ayollarga nisbatan oilada zo‘ravonlik yoki xohishiga qaramay turmushga berish holatlari uchrab turadi va bu so‘nggi yillarda tobora kamayib bormoqda. Lekin bu degani ularni buyum kabi sotish degani emasku. Yoki barcha xalqlar ayollari kabi o‘zbek ayoli ham o‘ziga aro berishga, go‘zal bo‘lishga harakat qiladi. Ammo go‘zal bo‘lishdan maqsad o‘zini bozorga solish emas, albatta.    

Shu o‘rinda yana bir gap, Prezidentimiz siyosiy iroda ko‘rsatib, so‘z-fikr erkinligiga yo‘l ochdi, ijod erkinligini qo‘llab-quvvatladi, bu degani ko‘nglingga kelganini qil, butun bir xalqni kamsitaver, haqorat qil, tuhmat qil degani emas. Har sohada bo‘lgani kabi axborot tarqatishda ham o‘z etikasi bo‘lishi kerak. Har narsaning chegarasi, haddi bo‘ladi.

Shu bois, bu rolik orqali jamiyatdagi muammo ko‘tarib chiqilgan degan iddaoga men qo‘shilmayman va buni avvalo, xalqimizga nisbatan tuhmat, provakatsiya, bir o‘zbek ayoli sifatida, ona sifatida o‘zimga nisbatan haqorat deb hisoblayman.

Durdona Rahimova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring