Kelinning dashnomidan yig‘lagan momo
Bu voqeaga ancha yillar bo‘ldi. Respublikamizning taniqli ijodkor ayollari bilan Samarqandga ziyoratga ketayotgandik. Ular orasida shoira Halima Xudoyberdiyeva ham bor edi. Yoz chillasi, qoq peshin mahali bo‘lgani uchun lohas bo‘la boshladik. Sirdaryoning qaysidir tumaniga yetganimizda avtoulovdan tushib oyog‘imizning chigalini biroz yozmoqchi bo‘ldik. «Yuringlar, anovi darvozasi ochiq hovliga kirib, yuz-qo‘limizni yuvib olamiz», – dedi adibalardan biri.
Biz, to‘rt nafar ayol, darvozadan hovliga mo‘raladik. Supaning yonida boshiga katta ro‘mol tashlagan onaxon yerga cho‘kkalagancha choygum tozalash bilan ovora ekan. «Kirsak maylimi?» deb ijozat so‘radik. U bir qo‘lini peshonasiga qo‘ygancha biz tomon termilib turdi-da, ikkinchi qo‘li bilan «kiraveringlar» ishorasini qildi. Onaxon bilan omonlashib, hovlining narigi burchagidagi vodoprovoddan yuz-qo‘limizni yuvib oldik. Shu payt boloxona tarafdan bir ayol kishining jahldor, baland ovozda baqirgani eshitildi:
– O‘llaring, uyatsizlar! Nega birovning hovlisiga bostirib kirasanlar? Jonga tegib ketdi duch kelgan yo‘lovchining hovliga kirib kelaverishi!.. Siz qayerga qarayapsiz?! Necha marta aytish kerak begonalarni kirgizmang, deb!
Biz xijolat bo‘lgancha bir-birimizga qarab qoldik. Onaxonning oldiga borib, uzrimizni bildirdik.
– Xafa bo‘lmanglar, chiroqlarim, – dedi onaxon va bir zumda ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. – Men hovlimga odam kirib kelsa suyunib ketaman, lekin bular... Kelinim hali yosh-da, ko‘p narsani tushunmaydi.
Halima opa onaxonning yelkasiga kaftini qo‘yib, taskin bera boshladi:
– Onaxon, sira xijolat bo‘lmang. Siz bizdan mehringizni ayamadingiz, rahmat. Yoshingiz nechada o‘zi?
– Salkam to‘qsonda, chirog‘im... Shoshma, ovozing biram tanishga o‘xshayapti? – onaxon Halima opaga yanada tikilib qaradi. – Iye, Halimamisan?!
Onaxonning yosh oqib tushgan yuzlarida tabassum paydo bo‘ldi, g‘amgin ko‘zlari bir lahzada quvonchga to‘ldi. – Rostdan Halimamisan?
– Menman, onaxon, tanidingizmi?
– Seni tanimay bo‘ladimi, bolam, she’rlaringni yoddan bilaman-ku... – onaxon xuddi yosh boladek o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi.
– Umringiz uzoq bo‘lsin, yuz yoshdan o‘tib yuring, – deb Halima opa uni bag‘riga bosdi.
Onaxon bilan xayrlashib hovlini tark etdik.
Bu orada boshqa ayollar uning baqiroq kelinidan xijolat chekib allaqachon chiqib ketishgandi. Marshrutka mashinaga o‘tirib, uzoqlashgunimizcha onaxon kaftlarini peshonasiga qo‘ygancha ortimizdan mamnun qarab qoldi.
Men Halima opaga tikildim. U hamon xayolga tolgancha jilmayib borardi...
Chekka bir qishloqda, salkam to‘qsonga yaqinlashib qolgan, soddagina bir ayolning uni darrov taniganidan, she’rlarini yoddan bilishidan xursand edi opa.
Ra’no Mahmudova.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter