Kembrij lug‘ati yil so‘zini tanladi
«Muxlis» (2016) filmidan kadr.
Kembrij lug‘ati ingliz tili uchun 2025-yil so‘zini tanladi — bu «parasotsial» (inglizcha — parasocial) sifati.
Bu atama insonning mashhur shaxslar, kitob qahramonlari yoki sun’iy intellekt bilan bir tomonlama yaqin aloqa o‘rnatishi hodisasini ifodalaydi. Munosabatlar o‘zaro emas, chunki mashhur shaxs bu insonning mavjudligidan bexabar, personajlar va sun’iy intellektli suhbatdoshlar esa real hayotda yo‘q.
Shaxs parasotsial aloqalarda, muloqotning yo‘qligiga qaramay, hissiy bog‘liqlikni his qiladi. Masalan, o‘zi bog‘lanib qolgan taniqli aktyor yoki sportchining hayotida yuz bergan voqealardan ta’sirlanadi, uning o‘limidan chuqur iztirobga tushadi. To‘qima qahramonlar va neyrotarmoqlar bilan ham xuddi shunday.
«Parasotsial» atamasini sotsiologlar 1956-yilda o‘ylab topishgan. Dastlab u tomoshabinlarning teleboshlovchilar va aktyorlar bilan munosabatlarini ifodalagan. Tushuncha faqat ilmiy muhitda qo‘llanilgan. So‘zning akademik muhitdan tashqarida qo‘llanilishi hodisa jamiyatda dolzarblashganidan dalolat beradi.
Yuqoridagi atamaga Shohrux Xon bir yo‘la ikki rolni ijro etgan «Muxlis» (2016) filmida ancha oydinlik kiritilgan. Unda ashaddiy muxlis (Gaurav Chandna) parasotsial bosqichdan ham sakrab o‘tib, sevimli aktyori (Aryan Xon)ni ta’qib qilishni boshlaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter