Ittifoqqa qo‘shilish: kimlar istaydi, kimlar esa qarshi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan «O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga va Jahon savdo tashkilotiga ehtimoliy a’zo bo‘lishini baholash» mavzusida so‘rovnoma o‘tkazdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga markazning matbuot xizmati ma’lum qildi.
So‘rov anonim shaklida o‘tkazilib, unda tadqiqotchilar, olimlar, davlat xizmatchilari, xususiy sektor vakillari, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etgani aytiladi. Ta’kidlanishicha, so‘rovnomada barcha hududlardan 1 300 nafardan ortiq kishi ishtirok etgan. So‘rovnoma ishtirokchilarining ko‘pchiligi talabalar – 479 nafar (37 foiz) tashkil etdi, ikkinchi o‘rinda xususiy sektor vakillari: 356 nafar (27 foiz). Davlat xizmatchilari – 252 nafarni (19 foiz), o‘qituvchilar – 155 nafarni (12 foiz), olimlar/tadqiqotchilar 53 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, boshqa kasblar egalaridan 13 nafari so‘rovnomada ishtirok etgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 74 foizi O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Respondentlarning 16 foizi qarshi, 4 foizi betaraf bo‘lsa, 6 foizi javob berishga qiynalishgan.
Hududlar kesimiga qaralsa, Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari respondentlarining eng ko‘p (90 foizdan ortiq) YeOIIga qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlashi aniqlandi.
Integratsion birlashmaga qo‘shilishga qarshi bo‘lganlarning ulushi Andijon viloyatida ustun (32 foiz), ikkinchi o‘rinni Toshkent shahri (26 foiz), undan keyin Farg‘ona viloyati (21 foiz) egallaydi.
Ittifoqqa qo‘shilish tarafdorlari ayollar erkaklarga nisbatan ko‘proq (82 foiz va 73 foiz). Shu bilan birga, 20dan past va 40 yoshdan kattaroqlar orasida qo‘shilish tarafdorlari ko‘p bo‘lgan (80 foiz).
O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlamaydiganlarning ulushi 30-39 yoshdagi (23 foiz) fuqarolar orasida yuqoridir. Shuningdek, tahlillarga ko‘ra, qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlovchi fuqarolar soni o‘qituvchilar, talabalar va xususiy sektor vakillari orasida (76 foiz) tadqiqotchilar va davlat sektori xodimlariga nisbatan (66 foiz) yuqori.
Respondentlarning 45 foizi qo‘shilish uchun asosiy xavf uchinchi mamlakatlardan (YeOIIdan tashqari) keladigan import mahuslotlari Ittifoq mamlakatlari mahsulotlari bilan almashtirilishi deb ko‘rsatilgan. Respondentlarning 42 foizini tashqi raqobat oshgan sari ichki ishlab chiqarish va ish o‘rinlari kamayib ketishi tashvishga solgan. Aholi tomonidan eng kam tashvish uyg‘otadigan (13 foizi) masala davlat budjeti daromadlarini kamayishi ehtimoli ekanidir.
YeOIIga a’zo bo‘lishning eng asosiy afzalliklari sifatida tovarlar va xizmatlar narxlarining pasayishi, shuningdek, raqobat kuchayishi natijasida mahsulot sifatining oshishi kabi omillar ko‘rsatilgan: (51 foiz). Respondentlar tomonidan ijobiy baholangan keyingi dolzarb masala (24 foiz) mahalliy mahsulotlar uchun eksport bozorlarini kengayishi natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi bo‘ldi.
So‘rovnoma ishtirokchilarining 15 foizi mehnat muhojirlarining sharoitlari yaxshilanishini inobatga olishgan. Shu bilan birga, respondentlarning 10 foizi umumiy mehnat bozorining shakllanishi natijasida ishchi kuchining davlatlararo harakati yanada erkinroq bo‘ladi deb baholashgan.
Eslatib o‘tamiz, parlamentimizning har ikki palatasi O‘zbekiston YeOIIda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishini ma’qulladi.
Endi Jahon savdo tashkilotiga (JST) ehtimoliy a’zolik masalasiga doir so‘rovnoma natijalari haqida.
Umuman olganda, so‘rovnoma ishtirokchilarining aksariyati (78 foizi) O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashmoqda. Shu bilan birga, 8 foizi qarshi ekanliklarini bildirishgan. Respondentlarning 7 foizi esa javob berishda ikkilanishshgan.
Hududlar kesimida Navoiy, Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasida (84-91foiz) JSTga a’zo bo‘lish eng ko‘p qo‘llab-quvvatlanadi. Qarshilar Toshkent shahri (13 foiz), Toshkent (18 foiz) va Andijon viloyatlarida (12 foiz) ko‘proq.
So‘rov shuni ko‘rsatdiki, JSTga a’zo bo‘lishni qo‘llab-quvvatlovchi fuqarolarning ulushi ham ayollar, ham erkaklar o‘rtasida bir xil (78 foiz). Shu bilan birga, qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlamaydiganlar orasida erkaklar soni ko‘proq (9 foiz va 5 foiz).
Yosh toifasiga ko‘ra, JSTga qo‘shilishni 20 yoshgacha bo‘lganlarning aksariyati (86 foiz) qo‘llab-quvvatlashgan bo‘lsa, 40 yoshlilar orasida ko‘rsatgich nisbatan kam bo‘ldi (68 foiz).
JSTga qo‘shilishga eng ko‘p ovoz bergan o‘qituvchi va talabalar (84 foiz) bo‘lsa, xususiy sektor vakillari orasida esa bu fikrni qo‘llab-quvvatlaganlar nisbatan kamroq bo‘lgan (70 foiz).
Jahon savdo tashkilotiga a’zolikning fuqarolar orasida eng katta xavotirli tomoni – iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari ustidan tashqi nazorat bo‘lib, uning natijasida mazkur sohalar xorijlik tadbirkorlarga o‘tishi mumkin. Respondentlarning 44 foizi ushbu masalada o‘z xavotirlarini bildirishgan.
Respondentlarning 42 foizi tovarlar va xizmatlar importini oshib ketishi natijasida mahalliy korxonalar faoliyatiga salbiy ta’siri bo‘lishi mumkinligini e’tirof etishgan. Respondentlarning 14 foizini esa davlat daromadlarini kamayishi ehtimoli bezovta qilmoqda.
Respondentlarning 34 foizi – JSTga qo‘shilishning asosiy afzalligi raqobat muhitining yaxshilanishi, tovarlar va xizmatlar narxlari pasayishi hamda sifatga ijobiy ta’sir qiladi, deb hisoblashadi.
Respondentlarning 16 foizi milliy ishlab chiqarish va ish o‘rinlari xorijiy investitsiyalar oqimi natijasida ko‘payadi, degan fikrda. Yana shuncha ishtirokchi esa eksport bozorlarini kengaytirish milliy ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi, degan qarashga ega.
So‘rovda ishtirok etganlarning 11 foizi JSTga qo‘shilish O‘zbekistonning xalqaro imidjini yaxshilashini bildirishgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter