Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kimyo bo‘yicha 2022-yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi

Kimyo bo‘yicha 2022-yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi

Stokgolmda Shvetsiya Fanlar akademiyasi 2022-yilgi kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlarini e’lon qildi. 

Unga ko‘ra, kimyo bo‘yicha 2022-yilgi Nobel mukofoti Karolin Bertozzi(AQSh), Morten Meldal (Daniya) va Barri Sharpless (AQSh)ga «Klik-kimyo va bioortogonal kimyoni rivojlantirgani uchun» berildi.

Mukofotlanganlarning ilmiy ishlari haqidagi batafsil ma’lumotni Nobel qo‘mitasining press-relizida topish mumkin.

Barri Sharpless uchun bu kimyo bo‘yicha ikkinchi Nobel mukofoti, 2001-yilda u stereoselektiv oksidlanish reaksiyalari uchun laureat bo‘lgandi. Shu tariqa, u ikkinchi marta mukofotni qo‘lga kiritgan beshinchi shaxs bo‘ldi. Sharpless 1941-yil 28-aprelda Filadelfiyada (AQSh, Pensilvaniya) tug‘ilgan. 1968-yilda Stenford universitetida doktorlik dissertatsiyasini oldi va 1985-yildan buyon AQSh Milliy Fanlar akademiyasining a’zosi. U klik kimyosi konsepsiyasini taxminan 2000-yilda ishlab chiqqan.

Morten Meldal 1954-yil 16-yanvarda Daniyada tug‘ilgan. Hozirda u Kopengagen universitetida kimyo professori. 1983-1988-yillarda Kopengagen universitetida organik kimyo bo‘yicha mustaqil tadqiqotchi bo‘lgan. 1985-1986-yillarda Kembrij universitetida, xususan molekulyar biologiya laboratoriyasida ishlagan.

Meldal va Sharpless bir-biridan mustaqil ravishda azid-alkin sinxron qo‘shilish reaksiyasini ishlab chiqdilar. Bu hozirgi vaqtda, xususan, farmatsevtika mahsulotlarini yaratishda va genetik xaritalashda keng qo‘llaniladigan samarali kimyoviy reaksiya (genetik xaritalarni tuzish usuli, tor ma’noda, gen yoki xromosomadagi mutatsiyaning holatini aniqlash usuli) hisoblanadi

Karolin Bertozzi 1966-yil 10-oktyabrda Bostonda (AQSh, Massachusets) tug‘ilgan. Hozirda Stenford universiteti professori. Bundan tashqari, 2005-yildan Milliy fanlar akademiyasining, 2011-yildan esa Tibbiyot akademiyasining a’zosi. Bertozzi, shuningdek, 2018-yildan beri London Qirollik jamiyatining a’zosi. Bertozzi bioortogonal kimyo yo‘nalishida ishlaydi. Qo‘mitaning ta’kidlashicha, u klik kimyosini yangi bosqichga olib chiqdi va tirik organizmlar bilan ishlashda undan foydalanishni boshladi.

Ma’lumot uchun, kimyo bo‘yicha 2021-yilgi Nobel mukofoti Benjamin List (Germaniya) va Devid Makmillanga (AQSh) assimetrik organokatalizni ishlab chiqqani uchun berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 4-oktyabr kuni fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari nomi e’lon qilingandi.

6-oktyabr, payshanba kuni esa adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotining yangi laureati e’lon qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring