Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi O‘zbekistonda milliy kino san’ati vakillariga alohida mas’uliyat yuklanadi – Kinoijodkorlar murojaati

Yangi O‘zbekistonda milliy kino san’ati vakillariga alohida mas’uliyat yuklanadi –  Kinoijodkorlar murojaati

Kinematografiya agentligining «Renessans» kino uyida Respublika kinoijodkorlari forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ma’naviyat va ma’rifat kengashi kengaytirilgan yig‘ilishidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi muhokama qilindi. Forumda tegishli idora va tashkilotlar vakillari, Agentlik va uning tizim tashkilotlari xodimlari, jami 400 ga yaqin kinoijodkorlar ishtirok etishdi.

Forumda so‘zga chiqqan Kinematografiya agentligi direktori F.Abduxoliqov, Agentlik direktori o‘rinbosari Sh.Rizayev, O‘zbekiston Xalq artistlari X.Sa’diyev, T.Mo‘minov, R.Adashev, O‘zbekiston kinoarboblari uyushmasi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist M.Matchonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi I.Ergashev va boshqalar so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda milliy kinoni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdilar. Davlatimiz rahbari ma’ruzasida ilgari surilgan vazifalar ijrosi yuzasidan qizg‘in muloqot va fikr almashuvlar bo‘ldi. Forum ishtirokchilari yig‘ilish nihoyasida O‘zbekiston kinoijodkorlarining madaniyat va san’at sohasi vakillariga murojaatini qabul qildilar.

Unda Mamlakat rahbarining ma’naviyatga, san’at va madaniyatga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rligi nafaqat kinoijodkorlar, balki barcha ma’naviy-ma’rifiy sohalar xodimlarining bir necha yillik faoliyati uchun o‘ziga xos dasturilamal bo‘lishi alohida ta’kidlandi. Keyingi yillarda ma’naviy-ma’rifiy jarayonlar, jumladan kinematografiya tizimida amalga oshirilgan ishlar, qo‘lgan kiritilayotgan yutuqlar, kinochilar oldida turgan maqsad va vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi globallashuv sharoitida, axborot makonida ommaviy madaniyat, axloqsizlikning turli ko‘rinishlari xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz dunyoqarashiga jiddiy ta’sir qilishi mumkinligi, bu mafkuraviy kurashlarga qarshi kinoijodkorlar ham birlashib, kurashishi lozimligi alohida ta’kidlandi. Kinoijodkorlar mamlakatimiz ravnaqi, Mustaqilligimizni avaylab asrash, xalqimizning hamjihatligi va jipsligini saqlash borasidagi yakdil harakat qilishlari xususida fikrlar bayon etishdi.

O‘zbekiston Kinoijodkorlari forumi ishtirokchilarining madaniyat va san’at sohasi vakillariga

MUROJAATI

Hurmatli hamkasblar, qadrli ustozlar, aziz do‘stlar!

Hammamizga ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida nutq so‘zlab, madaniyatimiz, xususan kino san’atini yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq qadamlarni belgilab berdilar. Aytish joizki, davlatimiz rahbarining bu tarixiy chiqishlari soha vakillari, xususan biz kinoijodkorlarni yanada ruxlantirib, barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishladi. Bu eng avvalo, biz soha xodimlariga katta ishonch bilan birgalikda yuksak ma’suliyat xam yuklamokda. Tan olib aytishimiz kerakki, bu uchrashuvdan juda katta ijodiy g‘oyalarlarga ega bo‘ldik, kuch va ilhom oldik. Mamlakat rahbarining ma’naviyatga, san’at va madaniyatga bo‘lgan bu qadar yuksak e’tibor va g‘amxo‘rligi, bildirgan qimmatli tavsiyalari nafaqat kinoijodkorlar, balki barcha ma’naviy-ma’rifiy sohalar xodimlarining bir necha yillik faoliyati uchun o‘ziga xos dasturilamal bo‘ldi, desak mubolag‘a bulmaydi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda shaxsan Prezidentimiz rahnamoligida milliy kinematografiyani rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilyapti, o‘nlab qaror va farmonlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Keyingi yillarda bu o‘zgarishlar samarasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. «O‘zbekfilm» kinokonsernining kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy texnik uskunalar bilan jihozlanishi, «Renessans kino uyi»ning barpo qilinishi, «Kinochilar uyi»da amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, milliy filmlarimizning son va sifat jihatidan yuksalib borayotgani, xorijiy kinofestivallarda erishayotgan yutuqlarimiz, Butunrossiya Davlat Kinematografiya instituti Toshkent filialining ochilishi, Milliy kino fondi, Milliy kino muzeyining yangi binolari ishga tushirilishi, – bular barchasi haqida uzoq gapirish mumkin. Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan, yil davomida 392 ta kinomahsulot yaratildi, 2017 yilga nisbatan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari qariyb uch baravar oshdi. Olti yil avval xalqaro ko-produksiya, ya’ni xorijiy kinoustalar ishtirokida birorta kinoloyiha yaratilmagan bo‘lsa, joriy yilda ishlab chiqarilgan va ishlab chiqarish jarayonida bo‘lgan kinomahsulotlar soni 25 tani tashkil etadi. 2017 yilda bitta xalqaro mukofot qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘zida kinoijodkorlarimiz 24 ta xalqaro kinofestivalda ishtirok etib, 56 ta mukofotni qo‘lga kiritishdi. Shundan 15 tasi oliy mukofotlardir.

Bu kabi yutuqlarimiz muhtaram Prezidentimiz ma’ruzalarida ham alohida e’tirof etilgani barchamizning qalbimizni g‘ururga to‘ldirdi, shuningdek bildirilgan qator takliflar har birimizning zimmamizga alohid mas’uliyat yuklaydi. Jumladan «Tirik tarix» turkumidan Vatanimizning shonli o‘tmishiga bag‘ishlangan 50 dan ortik filmlar yaratish dasturini ishlab chiqish, bolalar uchun buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li haqida ko‘p qismli animatsion filmlar suratga olish, «erkin iqtisodiy kinohududlar» barpo etish, milliy seriallar bo‘yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish, buning uchun erkin iqtisodiy zona – «Cinema park»lar tashkil qilish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Kuni kecha biz, mamlakatimiz kinoijokorlari, soha vakillarining navbatdagi Forumida ham ana shu ma’ruzada ilgari surilgan masalalar, sohadagi o‘zgarishlar, oldimizda turgan vazifalarni atroflicha muhokama qilib, ularni amalga oshiish yuzasidan «Yo‘l xarita»sini tuzish, maxsus ishchi guruhlarni tashkil etish bo‘yicha kelishib oldik.

Aziz do‘stlar, hurmatli hamkasblar!

Yangi yil eshik qoqmoqda. Kirib kelayotgan 2024 yilda Prezidentimizning ko‘rsatmalari va tavsiyalariga amal qilib, bundan ham yuqori sur’at va kuch-g‘ayrat bilan ishlashimiz zarur.

Sir emas, bugun dunyo turli mojarolarni, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy qarama-qarshiliklarni boshida kechiryapti. Dunyo miqyosida turli ko‘rinishdagi nizolar, manfaatlar to‘qnashuvi, mafkuraviy ziddiyatlar tobora shiddatli tus olmoqda. Albatta, dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalar yurtimizda ham aks-sado bermay qolmaydi. Qolaversa, globallashuv sharoitida, axborot makonida ommaviy madaniyat, axloqsizlikning turli ko‘rinishlari xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz dunyoqarashiga jiddiy ta’sir qilishi mumkinligi har birimizni sergaklikka undamog‘i lozim. Prezidentimiz ta’kidlab o‘tganlaridek, bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak.

Bunda, albatta, Yangi O‘zbekiston milliy kino san’ati vakillari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklanadi. Farzandlarimiz ana shunday ma’naviy tahdidlarga taslim bo‘lmasliklari uchun ham milliy qadriyatlarimiz, tariximiz buyuk ajdodlarimiz hayoti va faoliyati aks etgan, zamonaviy formatda yaratiladigan kinomahsulotlarni yanada ko‘proq yaratishimiz kerak bo‘ladi. Zero, o‘zbek kinosini zamon va jahon bilan hamnafas, bugungi imkoniyatlar doirasida rivojlantirish davr talabidir.

Milliy madaniyatimiz, ma’naviy salohiyatimizni yuksaltirishda, turli tahdidlarga qarshi kurashishda muhtaram Prezidentimizning yonlarida kamarbasta bo‘lish bugun har qachongidan muhim ahamiyatga ega. Buning uchun esa, har birimiz zimmamizdagi ana shu ulkan mas’uliyatni chuqurroq his etishimiz, kuch va imkoniyatlarimizni birlashtirishimiz, ezgu va ulug‘vor maqsadlar yo‘lida o‘zimiz ham birlashishimiz shart.

Prezidentimiz biz kinoijodkorlar bilan bir uchrashuv chog‘ida «kinochilarning xursandchiligini ko‘rsam, mening ham ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi» degan edilar. Biz bugun haqiqiy ma’noda baxtiyormiz. Chunki ana shu yuksak e’tibor va e’tirofdan, ijod va izlanishlar uchun yaratilayotgan yuksak imkoniyatlardan quvonmaslikning, g‘ururlanmaslikning iloji yo‘q.

Aziz do‘stlar! Yil so‘ngida har birimiz ortimizga nazar solib, bosib o‘tgan yo‘limizni, qilgan ishlarimizni sarhisob qilamiz, yo‘l qo‘ygan kamchiliklardan xulosa chiqaramiz, ularni takrorlamaslikka harakat qilamiz.

2024 yil har birimiz uchun barakali, sermahsul, yutuq va muvaffaqiyatlarga boy yil bo‘lsin. Yangi yilda ham Yangi O‘zbekistonimizni tinchlik va barqarorlik, xonadonlarimizni fayz-baraka, baxt-saodat tark etmasin. Oldimizda turgan yuksak marralarni zabt etish barchamizga nasib etsin.

Yoqub Ahmedov - O‘zbekiston xalq artisti
Xayrulla Sa’diyev - O‘zbekiston xalq artisti
Gulchehra Jamilova - O‘zbekiston xalq artisti
Mukambar Raximova - O‘zbekiston xalq artisti
Erkin Komilov - O‘zbekiston xalq artisti
Saidkomil Umarov - O‘zbekiston xalq artisti
Rajab Adashev - O‘zbekiston xalq artisti
Gavhar Zokirova - O‘zbekiston xalq artisti
Muhammadali Abduqunduzov - O‘zbekiston xalq artisti
Rustam Karimov - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist
Zulfiqor Musoqov - O‘zbekiston san’at arbobi
Karim Mirhodiyev - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist
Matyoqub Matchonov - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist
Jahongir Qosimov - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
Sobir Nazarmuhammedov - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
Lola Eltoyeva - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist
Hilol Nasimov - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
Ra’no Shodiyeva - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist
Dilnoza Kubayeva - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist
Feruza Saidova - Xalqaro mukofotlar sovrindori

Toshkent shahri, 2023 yil 27 dekabr

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring