Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kitobda suzish havzasi, tennis, mini-futbol va basketbol maydoni foydalanishga topshirildi

Kitobda suzish havzasi, tennis, mini-futbol va basketbol maydoni foydalanishga topshirildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 28-yanvar kuni Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida Kitob tumanida yangi usti yopiq suv inshooti, basketbol maydonchasi, sun’iy qoplamali futbol maydoni qurish hamda tennis kortini kapital ta’mirlash taklifi bildirilgan edi. Kecha, 31-mart kuni Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Guliston mahallasida qurilgan ushbu sport inshootlari foydalanishga topshirildi. Bu haqida jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan barpo etilgan obektning ochilish marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etishdi.

Mazkur sport inshootlarini qurish uchun jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 6,8 milliard so‘m ajratildi. Usti yopiq suv inshooti tarkibida 11x25 metr o‘lchamdagi basseyn, murabbiylar, shug‘ullanuvchilar uchun yuvinish, kiyinish, dam olish, tibbiyot xonalari, suvning tarkibi, sifati nazorat qilinadigan laboratoriya hamda tomoshabinlar uchun o‘rindiqlar mavjud.

Bundan tashqari, mavjud tennis korti kapital rekonstruksiya qilinib, 22x42 hajmli mini-futbol maydoni va basketbol maydonchasi yangidan qurib foydalanishga topshirildi. Bu yerda ham yuvinish, kiyinish, dam olish, tibbiyot xonalari mavjud.

Sport majmuasi atrofi obodonlashtirilib, musiqali favvora ham bunyod etildi.

Kitob tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabi ixtiyoriga berilgan mazkur inshootda bir kunda 500 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz suzish, futbol va basketbol sirlarini o‘rganishi uchun sharoitlar yaratilgan. E’tiborlisi, bolalar va o‘smirlar sport maktabiga jamg‘arma tomonidan 45 nomdagi 400 million so‘mlik jihozlar ham topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring