KJCh bosh sensatsiyasi: «Oklend» durang o‘ynadi va $4,6 mln ishlab oldi

Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida sensatsiya — «Oklend Siti» Argentinaning nomdor «Boka Xunisors»idan bir ochko tortib oldi.
Atigi 10 kun avval «Oklend» mahalliy kubokni 4-liganing argentinalik muhojirlar jamoasiga boy bergan edi. AQShga kelib avvaliga «Bavariya»dan (0:10), keyin «Benfika»dan (0:6) qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi. Keyin esa qo‘qqisdan «Boka»ning oyog‘idan chaldi — 1:1.
Opta klublar reytingida «Boka Xuniors» — 142-o‘rinda, «Oklend» — 4 971-pog‘onada.
KJChda yangi zelandiyaliklarning yagona golini maktab o‘qituvchisi Kristian Grey kiritdi. «Oklend» tarkibida rieltorlar, sartaroshlar, basseyn tozalovchilar va omborxona ishchilari to‘p surishdi. Turnirga kelish uchun ko‘plari o‘z hisoblaridan ta’til olishga majbur bo‘lishdi.
Yangi zelandiyaliklar klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini umumiy 1:17 gollar farqi bilan yakunlashdi, ammo ular baxtli. «Boka» bilan durangni chempionlik kabi nishonlashdi. Arziydiyam: klub salkam 4,6 mln dollar ishlab oldi, bu uning salkam yetti yillik budjetiga teng!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter