Klopp bilan suhbat (monolog)

Nimadandir bezovtamisan?
Katta futbolni sog‘indingmi?
Kel, yaxshisi senga «Liverpul»dagi sakkiz yiling haqida aytib beraman, jim eshit...
Men 12 yаshar bola edim, kechki payt televizorni yoqdim. Tasodifni qara, o‘shanda seni «Signal Iduna Park»dagi so‘nggi o‘yining ekan. Tribunalar portretingga to‘lgan edi. Rostanam Dortmundda ajoyib ishlar qilding, shu sabab senga mehrim bo‘lakcha edi.
Tasodifning kattasi o‘sha yilning kuzida ro‘y berdi – sen «Liverpul»ga murabbiy etib tayinlanding. «Qizillar» o‘sha paytlarda «yo‘qchilikdan boshi egilgan kishidek» bo‘lib qolgandi. Jamoa 2010 yillar boshidan beri past-baland natijalarga erishib, yildan-yil ortga qadam tashlab borardi. Sen o‘sha qora kunlarni aritishing kerak edi.
Jamoadagi birinchi mavsuming ham yomon bo‘lmadi: APLda sakkizinchi o‘rin va Yevropa ligasi finali. Mavsumni yarmiga yaqin kelganing va tarkibdan kelib chiqib, bu natijani to‘g‘ri qabul qildim. Yevropa ligasi finalida turnir «egasi»ga tushib qolmaganingda ilk sovrinni o‘shandayoq qo‘lga kiritarding. Mayli, hali u sovrinni jamoang ham, muxlislaring ham mensimay qo‘yadi. Qanday qilib dedingmi? Jim, meni eshit dedimku senga!
«Liverpul»ga kelgan dastlabki ikki yilingda o‘yinlaringni translyasiya bilan bo‘lgan muammolar sababli to‘liq ko‘ra olmadim. Lekin ikkinchi mavsumingdagi o‘yinlaring bilan «Liverpul»ga ko‘p narsa bera olishinga ishondim. Premer ligada 4-o‘rinni olib, muxlislar sog‘inib qolgan YeChL yo‘llanmasini tuhfa qilding. Qolaversa, o‘sha mavsumda jamoangda Sadio Mane degan o‘yinchi paydo bo‘ldi va ilk kashfiyotingga aylandi. Ayni o‘sha yillari «Real», «Atletiko», «Bavariya», «Yuventus» va «Barsa» Yevropa futboli cho‘qqisida turishardi.
Esimda, akam qaysi jamoaga muxlislik qilishimni so‘raganida «Liverpul» dedim. Ustimdan kuldi. «Barsa» va «Real» «Liverpul»ingni yamlamay yutadi degandi. Ha, o‘sha paytda chetdan shunaqa ko‘ringandir, lekin men shonli «Liverpul»ni qaytarishingga ishonardim. 2017-yilning yozida Mourinio mensimay «Chelsi»dan haydagan Salahni olib kelding. Shunday qilib, yangi mavsumni Koutinio, Firmino, Mane va Salah to‘rtligi bilan boshlading, ammo hujum qancha kuchli bo‘lmasin darvoza va himoya zaifligidan ko‘p pand yeding. Oxiri mavsum o‘rtasida jamoa lideri Koutinioni sotishga majbur bo‘lding, lekin hammasi shundan keyin boshlandi.
Qishning o‘zida Virjil Van Deyk jamoaga keldi, asosiy darvozabon Minole o‘rniga Karius tura boshladi. Klayn va Morenoga o‘rinbosar sifatida ko‘rilgan Arnold va Robertson silliqqina asosiy tarkibga kirib oldi va himoyadagi muammolar bartaraf etildi. Hujumda esa Firmino, Mane va Salah uchligi gollarni qalashtirib tashladi. Mavsum avvalida YeChL guruh bosqichidan chiqishingga ko‘pchilik shubha bilan qaragandi, sen esa tortinmay finalgacha bording. Kariusning «qovunlari» va Ramosning «qing‘ir» ishi bo‘lmaganida ehtimol, YeChLga qaytganingni musobaqa kubogi bilan nishonlarding. O‘shanda juda siqilgandim, 12 yil deganda finalga chiqib yutqazding endi yana qachon chiqarkansan, deb.
2018-19-yil mavsumidagi «Liverpul» negadir eng kuchli bo‘lib ko‘zimga ko‘rinadi. To‘g‘ri APLni yana yutolmading, ammo naqd 97 ochko to‘plading, mavsum davomida atigi birgina mag‘lubiyat. Keyinchalik APLni o‘ziniki qilib olgan Pep degan daho o‘sha mavsum jamoangdan bir ochko ko‘p jamg‘arib g‘olib bo‘ladi. Baribir mavsum zo‘r bo‘lgandi, tasavvur qil – ketma-ket ikkinchi yil YeChL finaliga chiqding. Bu safar yutishing shart edi, yutding ham. Ammo keyinchalik o‘sha mavsumingni odamlar YeChLni yutganing bilan emas, yarim finaldagi dahshatli kambeking bilan eslab qoladi. Hayron bo‘lma, chunki kimsan «Barselona»dan avvaliga 3:0 yutqazib, so‘ngra javob o‘yinida zaxira o‘yinching bilan masalani hal qilib ketasan. Arnoldning mashhur burchak zarbasi esa hammani jinni qiladi.
Bo‘ldi, YeChL yutish bo‘yicha 3-o‘ringa chiqib olding, endi APLdagi 30 yillik qora kunlarni aritishing kerak edi. 2019-20-yilgi mavsumda sendan faqat APLni yutish so‘raldi va hammasini zo‘r boshlading, ammo bahorga kelib kutilmaganda dunyoga bir kasallik tarqaldi. Dunyo butunlay tinchlanib qoldi, shu qatori barcha futbol musobaqalari ham to‘xtab qoldi. Deyarli aniq bo‘lgan chempionliging kechikib ketdi, yozga borib bo‘m-bo‘sh stadionda chempionlikni nishonlading. Birgina armon qoldi, ushbu kunni «qurib ketgur» virus sababli muxlislar bilan nishonlay olmading, mayli muhimi uddalading.
Aytgancha, o‘sha bahorda YeChL nimchorak finali doirasidagi «Atletiko Madrid» bilan o‘yiningda naqd 10 ming kishi koronavirusga chalinib, Britaniyadagi eng ko‘p virus tarqatgan tadbirga aylandi.
Qilgan ishlaringdan zavq ol, yotaver, hali murabbiylikka qaytma, iltimos, boshqa jamoalarni boshqarishingni istamayman. Chunki «Liverpul» seni, sen «Liverpul»ni topding.
Esim qursin, 2019-yil yozida Yevropa superkubogi va yil oxirida jamoa tarixidagi ilk klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatini yutding. Endi faqat Angliyadagi APLdan nufuzi past kuboklar qoldi, xavotir olma ularni ham qo‘lga kiritib ketasan.
2020-21-yilgi mavsum jarohatlar bilan o‘tdi, YeChLda chorak final, APLda 3-o‘rin. Sovrinsiz, ammo yaxshi mavsum bo‘lgandi.
2022-yilgi mavsum: YeChL finali, APLda bir ochko farq bilan yana ikkinchi o‘rin. Yana o‘sha turnirlarni o‘ziniki qilib olganlarga yutqazding. Kel, ko‘p bu haqida gaplashmaylik, bilaman, ikkimizga ham og‘riqli. Lekin o‘sha mavsum Angliya Liga kubogi va Angliya kubogini qo‘lga kiritasan va keyin jamoang bilan erishmagan tituling qolmaydi. Shu sababmi, keyingi mavsumlarda jamoangda biroz pasayish bo‘ladi. Hattoki, so‘ngi mavsumingda begonalashib ketgan Yevropa ligasida o‘yinashga ham to‘g‘ri keldi. Shu orada tarkibni ham ancha o‘zgartirib yubording. Eskilardan: Alisson, Van Deyk, Robertson Arnold va Salah qoldi, xolos. Liverpul shahridagi sarguzashting mana shunday tugadi. Jamoa bilan iliq va do‘stona xayrlashding. «Liverpul»da ko‘zoynagingdan ham qutulding. Esimda endi jamoaga kelgan vaqtingda hissiyotga beriluvchanligingdan doim cho‘ntagingda qo‘shimcha ko‘zoynak bo‘lardi.
Slot haqida ham ozgina aytib ketay, meniyam vaqtim bo‘lib qoldi, qaytishim kerak. Slotni kimligini sen maydonda qo‘shiq qilib aytganingda bildim. Undan birinchi mavsumdan ko‘p narsa kutmadim, hali APL havosini ko‘rmagan, uzoq yil senga o‘rganib qolgan jamoani unga ko‘nikishi qiyin bo‘ladi deb o‘ylagandim...
Suv ichib ol, keyin yaxshi bir yangilik aytaman, faqat hayajonlanma, xo‘pmi?
Yo‘q, YeChLda afsuski nimchorak finalda PSJ penaltilar seriyasida yutib ketdi.
Ha, APL! «Liverpul»ing chempionat tugashiga 4 tur qolganda APL chempioni bo‘ldi. Tag‘in Slot keliboq bir mavsumda meni unuttirdi, demagin. O‘tgan yili ketar chog‘ing Slot haqida qanday qo‘shiq kuylagan bo‘lsang, u ham chempionlikdan so‘ng sen haqingda huddi shunday qo‘shiq kuyladi.
Ammo shu yerda menga seni o‘rning bilinmoqda. Sen doim chiroyli futbol tarafdori eding, g‘alabami, mag‘lubiyatmi doim quvnoq futbol o‘ynatarding.
Yaqinda bo‘lajak chempionlik paradida jamoa bilan avtobusda yurishga 100 foiz haqing bor, borgin. Hammasi o‘zingni yigitlaring, qolaversa, 2020-yilda muxlislar bilan nishonlay olmagan orzuying bor.
Mayli tong otib qoldi, men boray, uyg‘onishim kerak…
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter