Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ko‘chmas mulk va avtomobil ijara to‘lovi stavkalari 1 yanvardan oshiriladi

Ko‘chmas mulk va avtomobil ijara to‘lovi stavkalari 1 yanvardan oshiriladi

2021 yil uchun mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari tasdiqlandi (25.12.2020 yildagi O‘RQ-657-son Qonun), deb xabar bermoqda «Norma».

2020 yildagiga nisbatan oylik ijara to‘lovining eng kam stavkalari quyidagi tartibda oshiriladi:

a) turar joylar bo‘yicha (1 m2 uchun) Toshkent shahrida – 14 000 so‘mgacha (+16,7%), Nukus shahri va viloyat markazlaridagi shaharlarda – 8 500 so‘mgacha (+13,3%), boshqa aholi punktlarida – 4 000 so‘mgacha (+14,3%);

b) noturar joylar bo‘yicha (1 m2 uchun) Toshkent shahrida – 29 000 so‘mgacha (+16%), Nukus shahri va viloyat markazlaridagi shaharlarda – 17 000 so‘mgacha (+13,3%), boshqa aholi punktlarida – 7 500 so‘mgacha (+15,4%);

v) avtotransport bo‘yicha (1 ta avtotransport vositasi uchun):

  • yengil avtomobil (yo‘lovchilar, bagaj tashishga mo‘ljallangan hamda haydovchi o‘rnini hisoblamaganda, o‘rindiqlari soni 8 tadan ko‘p bo‘lmagan avtotransport vositasi) bo‘yicha – 575 000 so‘mgacha (+15%);
  • mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk avtomobillari bo‘yicha – 1 150 000 so‘mgacha (+15%).

 Joriy yil stavkalari bilan bu yerda, 2021 yilgi stavkalar bilan bu yerda tanishish mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, ijara to‘lovining eng kam stavkalari jismoniy shaxslarning mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlariga soliq solish maqsadida qo‘llaniladi. Ya’ni ijara to‘lovining haqiqatdagi miqdori kamroq bo‘lishi ham mumkin, biroq mazkur holatlarda ijaraga beruvchi eng kam stavkalardan kelib chiqqan holda soliq to‘lashi lozim. 2020 yil 1 iyuldan 31 dekabrga qadar bo‘lgan muddatda ushbu qoida qo‘llanilmaydi, jismoniy shaxslar esa ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha JShDSni to‘lashdan ozod etiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.01.2021 yildan kuchga kiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring