Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ko‘kdalada payhon bo‘lgan lolami yoki lolaqizg‘aldoq?

Ko‘kdalada payhon bo‘lgan lolami yoki lolaqizg‘aldoq?

foto: sun’iy intellekt

Yaqinda Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanidagi qizg‘aldoqzorning payhon qilinishi katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ammo bu voqeada bir muhim jihat e’tibordan chetda qoldi: deyarli barcha nashrlar va blogerlar qizg‘aldoqzorni «lolazor» deb atashdi. Bu shunchaki tilshunoslikdagi xato emas, balki mohiyatning va huquqiy mas’uliyatning butunlay o‘zgarishidir. Mashinalarning qizg‘aldoq o‘sgan dala o‘rtasida yurgan videosini dastlab oddiy odamlar tarqatdi, lolazor deya. Keyin Qashqadaryo viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi «e, to‘xta bu lolazor emas, balki qizg‘aldoq o‘sadigan joyku», deb xatoni to‘g‘irlash o‘rniga «lolazor»ni payhon qilganlarga qanday chora ko‘rilgani haqida rasmiy munosabat chiqardi.

  

Undan keyin barcha-barcha nashrlar qizg‘aldoqni lolaga aylantirib butun dunyo bo‘ylab tarqatdi. Va aprelning bir sanasi qizg‘aldoq lolaga aylangan kun hisobida tarixga muhrlandi.

Nima farqi bor, har qanday o‘simlikni payhon qilish noto‘g‘ri-ku, demoqchisiz. Ammo o‘simlik turlari chalkashtirilib «payhon» bo‘lishi-chi? Agar jamoatchilikka har qanday qizil gul «lola» deb tanishtirilaversa, odamlarda haqiqiy yovvoyi lolalar (masalan, Greyg yoki Kaufman lolalari) va oddiy lolaqizg‘aldoq o‘rtasidagi farq yo‘qoladi. Lola va lolaqizg‘aldoq bir-biriga o‘xshasada ular turli oilalarga mansub, mutlaqo boshqa-boshqa o‘simliklar.  

Qolaversa, «lola» so‘zida katta jarima va javobgarlik yuki bor. O‘zbekistonning yovvoyi lolalari aksariyat hollarda «Qizil kitob»ga kiritilgan, kamyob va davlat muhofazasidagi o‘simliklar hisoblanadi. Ularni uzish yoki payhon qilish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka olib keladi. Qizg‘aldoq esa  tabiatda keng tarqalgan, hatto begona o‘t hisoblangan o‘simlikdir. Ammo uni begona o‘t bo‘lgani uchun bosib yanchish ham tabiatga bo‘lgan zo‘ravonlik. Buni albatta inkor qilmaymiz. Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organlar jurnalistning «lolazor payhon bo‘ldi» degan xabariga asoslanib ish ochsa-yu, ekspertiza u yerda oddiy qizg‘aldoq o‘sganini aniqlasa, bu OAVning, ekolog mutaxassislarning professionalligi va obro‘siga qattiq putur yetkazadi. Yana bir tomoni qizg‘aldoqzorni lolazor deb atash orqali OAV jamoatchilikda «ekologik fojia yuz berdi» degan vahimani uyg‘otadi. Bu jurnalistikadagi sensatsiya ketidan quvish illatining bir ko‘rinishi bo‘lib, axborotning aniqlik tamoyiliga ziddir. Natijada madaniyatsizlik va tartibsizlik holati og‘ir ekologik jinoyatdek ko‘rsatiladi.

Ikkinchidan, atamaning «payhon» qilinishi — taqiqning mohiyatini susaytiradi. Jurnalist «Lolazor payhon bo‘ldi» deb bong urganda, o‘quvchi «Demak, lola shunchalik ko‘p va arzon ekan-da, u yerda mashina haydasa ham bo‘laverarkan» degan noto‘g‘ri tushunchaga boradi. Vaholanki, haqiqiy yovvoyi lola tog‘ bag‘ridagi noyob xazina bo‘lib, u yerga nafaqat mashina, balki odamning kirishi ham qat’iy nazoratda bo‘lishi kerak. Nomlarni aralashtirish odamlarda haqiqiy noyob turlarga nisbatan beparvolikni shakllantiradi.

     

Uchinchidan, bu kasbiy bepisandlik natijasidir. Nega biz «lolaqizg‘aldoqzor» so‘zidan qochamiz? So‘z uzunligi uchunmi yoki lola desak maqola ko‘proq o‘qiladi, yuki og‘irroq bo‘ladi, deb o‘ylaymizmi? Oddiy aholi botanik farqlarni mukammal bilishi shart emasdir, lekin jurnalist yoki ekolog mutaxassislar o‘simlik turini noto‘g‘ri aytishga umuman haqqi yo‘q. O‘rikni shaftoli, olmani olxo‘ri deb atash qanchalik mantiqsiz bo‘lsa, qizg‘aldoqni lola deyish ham katta xato hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llamaslik shunchaki lingvistik xato emas, balki atrof-muhitga bo‘lgan yuzaki munosabatning ko‘rinishidir. Qizg‘aldoq va lolani chalkashtirish orqali biz noyob tabiat boyliklarimizning qadrini pasaytiramiz va jamiyatda noto‘g‘ri tushuncha shakllanishiga sabab bo‘lamiz. Haqiqiy madaniyat va tabiatni asrash — har bir narsani o‘z nomi bilan atash, har bir so‘z uchun mas’uliyatni his qilishdan boshlanadi.

Unutmang lola boshqa, lolaqizg‘aldoq boshqa, xuddi shaftoli va o‘rikdek...

Yana unutmang, lolazorniyam, qizg‘aldoqzorniyam, oddiy ko‘k o‘t o‘sadigan dalaniyam na mashinada na oyoqlar ostida toptashga hech kimning haqqi yo‘q...

Barno Sultonova

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring