Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konstitutsiyada yer xususiy mulk sifatida kafolatlanmoqda

Konstitutsiyada yer xususiy mulk sifatida kafolatlanmoqda

O‘zbekistonda uzoq yillar davomida yerga nisbatan egalik qilish borasida xususiy mulk bilan bog‘liq munosabatlarning joriy etilmaganligi respublikamizda haqiqiy mulkdorlar qatlamini to‘laqonli shakllanmasligiga olib keldi. Natijada yerni haqiqiy tovar sifatida baholanmasligi, unga bo‘lgan munosabatning ikkinchi darajaga tushib ketishi, yer bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarning ko‘payishi o‘z navbatida mulkdorlar sinfini shakllanishiga hamda xorijiy investorlarni mamlakatimizga kirib kelishiga jiddiy to‘siqlarni yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

Bu holat o‘z navbatida mamlakatning investitsion jozibadorligiga salbiy ta’sir eta boshladi. Shu bilan birga uzoq yillar mobaynida yerni xususiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlarga e’tibor qaratilmaganligi ayrim holatlarda mansabdor shaxslar, ba’zi hokimlar tomonidan yerga egalik qilayotgan fermerlarning yerlarini noqonuniy tortib olishga, ularni talon-taroj qilishga olib keldi. Shu bois bozor iqtisodiyotiga o‘tish tamoyillariga amal qilgan holda mamlakatimizda yerni xususiylashtirish borasida muhim qadamlar qo‘yila boshlandi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan eng muhim islohotlardan biri yerni xususiy mulk sifatida e’tirof etilishini alohida ta’kidlab o‘tishimiz mumkin. Davlatning bunday katta siyosiy irodasi zamirida yerga nisbatan mulkiy munosabatlarni rivojlantirish, mulkdorlarga xususiylashtirilgan yerni boshqa bir shaxslarga sotish, hadya qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish, meros qilib qoldirish kabi huquqlarni berishni hamda shu huquqlarni qonun jihatidan kafolatlash yotganini alohida ta’kidlashimiz mumkin.

Iqtisodiy nuqtai nazardan yerning xususiy mulk sifatida e’tirof etilishi o‘z navbatida O‘zbekistonda yangi avlod mulkdorlar qatlamini kengayishiga, yer bilan bog‘liq bozorning rivojlanishiga, yer uchastkalaridan foydalanish bo‘yicha samaradorlikni oshishiga olib keladi. Shu bilan birga yerdan foydalanish jarayoniga bozor mexanizmlarini joriy etish, bu yo‘nalishda mulkiy va huquqiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlash, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash mamlakatda bozor mexanizmlarini yanada ishlashiga huquqiy asos bo‘ladi. Chunki davlatning asosiy maqsadlaridan biri bozor munosabatlarini rivojlantirish sharoitida birinchi navbatda tadbirkorlikka keng yo‘l berish hamda xususiy mulk egalarini huquqlarini himoya qilish hisoblanadi.

Mamlakatimizda so‘nggi vaqtlarda Asosiy qonunimizga tegishli tuzatishlar, yangi normalarni kiritish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Hozirgi kunga qadar ushbu yangi konstitutsiya loyihasida inson huquqlarini yanada himoya qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni huquqlarini davlat tomonidan kafolatlash hamda mamlakatamizda bozor munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha bir qancha yangi normalar kiritilmoqda. Shunday muhim qoidalardan biri bevosita 68-moddaga kiritilayotgan «Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin» – degan normani alohida ta’kidlashimiz mumkin.

68-moddaga kiritilayotgan bu o‘zgarishlar orqali mamlakatimizda yerdan foydalanish sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish, ushbu sohadagi mulkiy va huquqiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlash, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash Konstitutsiya orqali kafolatlanmoqda. Ushbu normaning amaliyotga joriy etilishi kelajakda mulkdorlarga, xususan fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga ularning yerga bo‘lgan mulk huquqini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlashga imkon yaratadi. Bu, o‘z navbatida, mulkdorlarning huquqlarini ishonchli himoya qilish va kafolatlashga xizmat qiladi, shuningdek, ularning yerga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyatini mustahkamlaydi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak 68-moddaga kiritilayotgan yangi norma va o‘zgartirishlar birinchidan, mamlakatimizda yerga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirsa, ikkinchidan, yurtimizda mulkdorlar qatlamini kengayishiga, uchinchidan, yer resurslari bozorining rivojlanishiga olib keladi. Bu esa yer uchastkalaridan foydalanish bo‘yicha iqtisodiy samaradorlikni oshishiga, mulkdorlar sinfining ko‘payishiga xizmat qiladi.

Nodirbek Rasulov,
Iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti
loyiha rahbari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring