Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konteyner do‘konlardan — eksportbop mahsulotlargacha: Bog‘otda ayollar faollashmoqda

Konteyner do‘konlardan — eksportbop mahsulotlargacha: Bog‘otda ayollar faollashmoqda

Joriy yilning 1–2-may kunlari davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida Bog‘ot tumanini ayollar ishsizligidan holi tumanga aylantirish, bu borada mahallabay yondashuvni joriy etish va samarali tajribalarni ommalashtirish bo‘yicha muhim topshiriqlar bergan edi.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida «Mikrokreditbank» ATB tomonidan qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Kuni kecha bank Boshqaruv raisi o‘rinbosari Shaxlo Ibragimova Bog‘ot tumaniga tashrif buyurib, davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishdi. Bu haqda Bank Axborot xizmati xabar bermoqda.

Ayollar uchun konteyner do‘konlar

«Mikrokreditbank» ATB tashabbusi bilan tumanda zamonaviy konteyner do‘konlar tashkil etildi. Ularda kitob do‘koni, oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar kiyim-kechaklari, tikuvchilik ustaxonalari, go‘zallik salonlari va boshqa turdagi savdo nuqtalari faoliyat yuritmoqda. Mazkur konteynerlarda faoliyatini yo‘lga qo‘ygan jami 11 nafar xotin-qizga 350 million so‘m miqdorida kredit ajratilgan. Shaxlo Ibragimova ularning faoliyati bilan yaqindan tanishib, muammo va takliflarini o‘rgandi.

Qayd etilishicha, 2025 yilning may oyi holatida Bog‘ot tumanidagi xotin-qizlarga davlat dasturlari doirasida ajratilgan kreditlarning umumiy miqdori 111 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Bu orqali yaratilgan ishchi o‘rinlari soni esa 50 nafarni tashkil etadi.

«Bir kontur – bir mahsulot» loyihasi: ishsizlikka qarshi samarali yechim

«Mikrokreditbank» ATB tomonidan To‘pchi mahallasida yana bir muhim tashabbus — «Bir kontur – bir mahsulot» tamoyili asosida ijaraga yer maydonlari ajratilib, eksportbop va yuqori daromadli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish loyihasi yo‘lga qo‘yildi

10 gektarlik yer maydoni mahallaning 65 nafar fuqarosiga har biriga 15 sotixdan ijara asosida ajratilgan bo‘lib, bunda birinchi ekinda tarvuz mahsuloti yetishtirilmoqda. Bu orqali 7,5 tonna mahsulot olish rejalashtirilgan. Keyingi takroriy ekin sifatida sabzi ekilib, undan 4,5 tonna mahsulot olinishi ko‘zda tutilgan.

Ahamiyatlisi, loyiha natijasida 65 nafar ishsiz fuqaro daromad manbai bilan ta’minlanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tarvuzdan 812 million so‘m, sabzidan esa 507 million so‘m sof foyda olinishi kutilmoqda.

Ayollarni ish bilan ta’minlash — bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. «Mikrokreditbank» ATBning Bog‘ot tumanida amalga oshirayotgan ishlari esa bu sohada amaliy natijalarga erishish mumkinligini yaqqol namoyon etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring