Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koreya bilan hamkorlikda onkologiya tibbiyot markazi bunyod etiladi

Koreya bilan hamkorlikda onkologiya tibbiyot markazi bunyod etiladi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bugun Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Koreya tibbiyot assotsiatsiyasi ilmiy-tekshirish qo‘mitasi raisi, ushbu assotsiatsiyaning koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha shtabi yetakchi maslahatchisi, Koryo universiteti professori Soy Chje Uk bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar berdi SSV.

Muloqot davomida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni samarali davolash va ularning xastalikdan tezroq forig‘ bo‘lishlari uchun yuqori tibbiy texnologiyalardan unumli foydalanishni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Koreya Respublikasi tajribasi dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda. Aytish mumkinki, mazkur mamlakatda aprel va iyul oylari davomida koronavirusning tarqalishi deyarli jilovlanib, o‘rtacha kasallik 2 – 70 nafargacha qayd etilganini ko‘rish mumkin. 50 million nufusga ega bo‘lgan Koreyada pandemiya boshlangandan beri kasallik aniqlanganlar soni 22 504 nafarga yetib, ulardan 19 310 nafari tuzalib, sog‘ayish ko‘rsatkichi 98 foizni tashkil qilmoqda.

Soy Chje Ukning aytishicha, Koreyada bir haftadan so‘ng umumta’lim maktablari ochilishi rejalashtirilmoqda. Dastlab maktab o‘quvchilarining uchdan bir qismi uch kun davomida an’naviy, qolgan ikki qismi onlayn tarzda o‘qitiladi. Uch kundan so‘ng birinchi guruhga topshiriqlar berilib, uyda onlayn ta’limga o‘tkaziladi va keyingi uch kunlikda esa navbatdagi guruh chaqiriladi va jarayon shu tarzda davom etadi. Agar bu tajriba yaxshi samara bersa, barcha o‘quvchilar uchun an’naviy ta’lim yo‘lga ko‘yilishi mumkin. Oliy ta’lim muassasalari esa, asosan, onlayn rejimda faoliyat yurita boshlaydi. Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatiga hozircha ruxsat berilmagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tgan muloqot davomida Koreya bilan hamkorlikda yuqori texnologiyaga asoslangan zamonaviy onkologiya tibbiyot markazi bunyod etilishi ham ma’lum qilindi.

Shu yilning 20-may kuni Prezidentimiz poytaxtimizda Koreya loyihasi asosida barpo etilgan Bolalar milliy tibbiyot markaziga tashrif buyurganida, uning yonida kattalar uchun ham zamonaviy klinika hamda oliy o‘quv yurti tashkil etilishi haqida aytgan edi. Bugungi uchrashuvda Koreya bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan tibbiyot oliy o‘quv yurti va onkologiya markazi ham shu hududda joylashib, yirik tibbiyot kopleksi tashkil etilishi ma’lum qilindi. Shu orqali tibbiyot tizimining ham ilmini, ham amaliyotini eng ilg‘or standartlar darajasiga ko‘tarish ko‘zlanmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring