«Koronavirus Italiyada – vahimasi O‘zbekistondami?» Rimdan maxsus fotoreportaj

Kuni kecha Tashqi ishlar vazirligi Italiya tomoni bilan kelishgan holda O‘zbekiston vazirlik va idoralari, Samarqand hamda Qashqadaryo viloyatlari delegatsiyalarining 20 dan ortiq safarlari keyinroqqa ko‘chirilgani, shu bilan birgalikda Italiyaning qator yetakchi kompaniyalari vakillarining mamlakatimizga tashriflari qoldirilganligi yuzasidan ma’lumot tarqatdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik bugunga kelib 101 ta davlatda qayd etilgan bo‘lib, koronavirusga chalinganlar soni Italiyada ham ko‘payib bormoqda. Vaziyatdan xabardor bo‘lish maqsadida ayni payt Italiya poytaxti Rim shahrida bo‘lib turgan hamyurtimiz Dilmurod Shomurodov bilan bog‘landik.
– Dilmurod, internet nashrlari orqali tarqatilayotgan koronavirus bilan bog‘liq xabarlarni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz kerak. Xabarlarga ko‘ra, kasallik Italiyada ham jiddiy tus olgan. Mamlakatda asli vaziyat qanday kechmoqda?
– Koronavirus to‘g‘risidagi xabarlarni kuzatib boryapman. Ijtimoiy tarmoqlardagi qizg‘in muhokamalarga ham ko‘zim tushdi. Biroq, OAVda koranavirus bilan bog‘liq Italiyadagi jarayonlar biroz bo‘rttirishlar bilan berilmoqda. Chunki, Italiya hukumati kasallikka qarshi kurash chora-tadbirlarini faol amalga oshirib kelyapti. To‘g‘ri, Yevropa qit’asining boshqa davlatlariga nisbatan mamlakatda kasallikka chalinganlar soni ko‘p. Ammo, bu vahima qiladigan darajada emas. Rimda odatdagidek hayot davom etmoqda. Har kuni odamlar doimgidek o‘z ishiga borishyapti. Italiyaliklar kechki sayrlarni ham kanda qilishayotgani yo‘q.
– Kecha Yaponiyadagi hamyurtimiz bilan bog‘lanib, u yerdagi ta’lim muassasalari erta ta’tilga chiqarilgani haqida ma’lumot oldik. Italiyada bunday o‘zgarishlar ro‘y bermadimi?
– Kuni kecha bizga ham 15 martga qadar ta’til berildi. O‘ylashimcha, bular profilaktik choralarning bir qismi, qisqa muddatli ta’tildan so‘ng darslar yana boshlanadi. Aminmanki, tez kunda ushbu kasallik chekinib, turli mish-mishlar va vahimalarga ham yakun yasaladi.
Boisi, deyarli har kuni O‘zbekistondagi yaqinlarim, do‘stlarim ahvolimdan xavotirlanishib qo‘ng‘iroq yoki xabarlar jo‘natishib meni ham xijolatga qo‘yishyapti. Shunaqa payt gohida «koronavirus Italiyada – vahimasi O‘zbekistondami?» deb, xazil qilib qo‘yyapman. Albatta, yaqinlaringiz xavotirlanishi, ahvol so‘rashi sizni xursand qiladi.
Xullas, yurtdoshlarimizga ko‘p ham xavotirga tushavermasligini so‘ragan bo‘lardim.
Quyida suhbatdoshimiz tomonidan Rimdagi ayni jarayonlar tushirilgan fotolavhalar bilan tanishishingiz mumkin.
Ma’lumot uchun, suhbatdoshimiz bilan bir necha hafta ilgari «Xorijdagi vatandoshlar» loyihamiz orqali intervyu o‘tkazilgan.
Nurillo To‘xtasinov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter