Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus vaksinasini o‘g‘irlashga urinish. AQSh va Xitoy o‘rtasida yangi mojaro yuzaga keldi

Koronavirus vaksinasini o‘g‘irlashga urinish. AQSh va Xitoy o‘rtasida yangi mojaro yuzaga keldi

Foto:«Google Images»

AQSh hukumati 22-iyul kuni Xitoyning Xyustondagi (Texas shtati) konsulxonasi 72 soat davomida yopilishini ma’lum qildi.

Bunga qadar xitoylik hakerlar Covid-19 vaksinasini o‘g‘irlashga urinishda ayblangan edi. Qo‘shma Shtatlar adliya vazirligiga ko‘ra, Xitoyning ikki fuqarosi koronavirusga qarshi vaksina ustida tadqiqot olib borayotgan laboratoriyaning kompyuter tarmog‘ini buzib kirishga harakat qilgan. Qayd etilishicha, ikki haker Xitoy hukumati dastagida boshqa o‘g‘irliklarga ham qo‘l urgan.

Davlat departamenti Xyustonda faoliyat yuritib kelgan xitoylik diplomatlarni viza berishda firibgarlik va sanoat jabhasida josuslikda ham ayblagan. Konsulxonani yopish haqidagi qaror mamlakat intellektual mulkini muhofaza etish maqsadi bilan izohlangan.

Prezident Donald Tramp jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Xitoyning AQSh hududidagi boshqa diplomatik vakolatxonalari yopilishini ham istisno etmadi.

Ayni paytda Vashingtonda Xitoy elchixonasi, Nyu-York, Chikago, San-Fransisko, Los-Anjeles va Xyuston shaharlarida esa mazkur mamlakat konsulxonalari faoliyat yuritmoqda.

Rasmiy Pekin Vashingtonni siyosiy provokatsiyada aybladi. Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Venbin konsulxonaning yopilishi xalqaro huquq me’yorlarini buzilishi hamda ikki tomonlama robitalar yomonlashuviga sabab bo‘lishidan ogohlantirdi.

«Xitoy Amerika tomonini qat’iy ravishda mazkur noto‘g‘ri qarorni zudlik bilan bekor qilishga chaqiradi. Aks holda Xitoy javob tariqasida qonuniy va zaruriy choralarni ko‘rishga majbur bo‘ladi», – dedi Van Venbin.  

OAVda Xitoy javob tariqasida AQShning Uxan shahridagi konsulxonasini yopishi mumkinligi haqida xabar tarqaldi.

Koronavirus pandemiyasi davrida AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi. Qo‘shma Shtatlar rahbariyati Xitoyni koronavirus tarqalishi borasidagi real holatni yashirishda ayblab kelmoqda. Prezident Tramp dunyo osoyishtaligini izdan chiqargan xastalikni «xitoy virusi» deb atagani ham diplomatik tortishuvlarga sabab bo‘lgan edi.

O‘z navbatida, rasmiy Pekin koronavirus AQSh harbiylari tomonidan atayin tarqatilgan degan iddao ilgari surgan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik taranglik faqat bu bilan chegaralanmaydi.

Qo‘shma Shtatlar Xitoy rasmiylarini Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida  yashovchi ko‘p sonli musulmonlarni lagerlarda tutqunlikda saqlayotgani uchun tanqid qilib keladi. Joriy yil iyunda  prezident Donald Tramp uyg‘ur va boshqa musulmon ozchilik huquqlarini buzgani uchun Xitoy rasmiylariga nisbatan sanksiya joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonunni ham imzoladi.

Xitoy tomonidan joriy yil iyulda qabul qilingan Honkong xavfsizligiga doir qonun ham G‘arb mamlakatlari, jumladan, AQShning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ma’lum.

Prezident Tramp buning uchun ham Pekinga nisbatan yangi jazo choralarini joriy etmoqchi.

AQSh va Xitoy savdo urushi borasida norasmiy sulhga erishgan edi. Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi diplomatik ziddiyatlar savdo urushining yana qayta boshlanishi xavfini ham yuzaga keltirmoqda. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring