Koronovirus dilemmasi: Yevropada inson huquqlari va inson sog‘lig‘i o‘rtasidagi tanlov
Oxirgi yangiliklariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasidan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan Ispaniya va Italiyada qurbonlar sonining o‘sishi sekinlashgan. Har ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari buni o‘z hukumatlari qo‘llagan qat’iy karantin choralarining ijobiy natijasi ekanini qayta-qayta ta’kidlashmoqda. Ushbu «oraliq g‘alaba» g‘arbda «inson huquqlari va erkinliklarining poymol bo‘lishi» deb bong urilayotgan bosimni yengillatish uchun takror-takror ta’kid etilmoqda desak, xato bo‘lmaydi.
Bir necha hafta ilgari rasmiy Madrid va Rim tomonidan qo‘llanilgan qat’iy karantin choralarini ko‘plab inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlari va faol jamoatchilarning jiddiy tanqidi ostiga olgandi. Shundoq ham karantin rejimini e’lon qilishdan ham oldin qonun chiqaruvchilar huquqiy mojarolardan o‘tishga majbur bo‘lishgandi. Bahs-u tortishuvlar natijasida yo‘qotilgan bir necha haftada esa koronavirus ta’sir doirasi kengayib ulgardi.
Xususan, Italiyada koronavirus bilan bog‘liq birinchi holat 2020-yil 31-yanvar kuni aniqlangan (infeksiya xitoylik sayohlarda topilgan). Fevral oxirigacha esa Italiya koronavirus yuqtirgan odamlar soni bo‘yicha dunyo bo‘yicha ikkinchi o‘ringa chiqdi. Shunga qaramay, bu davlatda karantin choralari 10-martga kelibgina e’lon qilinib, 11-mart kunidan qo‘llanilishi boshlandi. Bunda ham ko‘plab italiyaliklar belgilangan tartibga rioya qilishga shoshilgani yo‘q. Natijada Italiya Vazirlar kengashi (24 mart) karantin qoidalarini buzganlik uchun 400 yevrodan 3 ming yevrogacha jarima jazosi belgilashga majbur bo‘ldi. Zero, jazo choralari kuchaytirilmaguncha mamlakatda infeksiya yuqtirganlar soni ham, bu balodan vafot etganlar miqdori ham kun sayin oshib borayotgandi.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, qat’iy choralar Italiyada fevral oyining boshidayoq, koronavirus infeksiyasi jiddiy tahdidligi ayon bo‘lganida qo‘llanilmaganiga mazkur sohadagi oid qonunchilikning o‘ta zaifligidir. Bokkoni universiteti professori A.Vedashining fikricha, Italiya Vazirlar Kengashi prezidenti (ijroiya hokimiyat rahbari) qo‘llagan karantin choralari mamlakat konstitutsiyasining fuqarolar erkinliklariga oid aksar normalariga zid. Biroq, bugungi tahlikali vaziyat Italiya konstitutsiyasini favqulodda holatlarga moslashtirish, unga hukumat vakolatlarini oshirish bo‘yicha normalar kiritish masalasi kun tartibiga chiqadi.
Mutaxassislarining fikriga ko‘ra, Yevropaning 47 ta mamlakati (shu jumladan Ispaniya va Italiya ham) Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining 15-moddasiga muvofiq «urush yoki boshqa favqulodda holatlarda, millat hayotiga tahdid soladigan holatlarda» favqulodda holat e’lon qilish huquqini qo‘llashlari mumkin. Ushbu moddani hozircha (koronavirus pandemiyasi davrida) faqatgina Armaniston, Estoniya, Gruziya, Latviya, Moldova va Ruminiya hukumatlari qo‘llagan, xolos. Boshqa Yevropa mamlakatlari o‘z milliy qonunchiligi doirasida va aksar hollarda, karantin choralarini qo‘llamasdan hal etishga urinishmoqda. Ammo bundan samarali natija chiqayotgani yo‘q.
Yevropada eng yengil choralar Shvetsiya hukumati tomonidan qo‘llanilmoqda: bu mamlakatda fuqarolarga bir joyda 50 kishidan ortiq odam to‘planmaslik talabi qo‘yilgan, xolos. Rasmiy Stokgolmga ko‘ra, hukumat aholiga koronavirus yuqtirib olmaslik bo‘yicha tavsiyalar berish bilan cheklanishi kerak. Bu, albatta, vujudga kelgan xatarli vaziyatda battar salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Xususan, 29 martgacha infeksiya sabab Shvetsiyaning 110 nafar fuqarosi vafot etgan bo‘lsa, 5 aprelga qurbonlar soni 401 nafarga yetdi. Buyuk Britaniyaning «YouGov» nashrining 1 aprel kungi ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus natijasida o‘lim holatlarining aholi jon boshiga nisbatan kunlik oshishi bo‘yicha Shvetsiya 5-o‘ringa ko‘tarilgan (to‘rtlikni mos ravishda Italiya, Ispaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya egallagan).
Yevropaning yetakchi nashrlari bo‘lgan «Politico» muxbirlari yozishicha, «Shvetsiyada holat tahlikali. Kunlik koronavirusga chalinganlar soni aniqlanishi holatlari ko‘payib bormoqda». Eng yomoni, mutaxassislar fikriga ko‘ra, koronavirusga tekshirish ishlari olib borilmaganligi sabab asl holat bundan ham achinarli bo‘lishi mumkin.
2020-yil 16-aprel holatiga ko‘ra, infeksiya butun dunyo bo‘ylab 2 mln. nafardan insonga yuqib, 130 mingdan ziyod kishining umri zavol bo‘ldi.
Rivojlangan iqtisodiyoti va kuchli liberal davlatchilik an’analariga qaramasdan dunyoning manaman degan davlatlarida bunday ayanchli holatning boisi nimada? Favqulodda yuz beradigan holatlarga tez va samarali choralarni ko‘ra olmaganlikning eng asosiy sababi ularning qonunchiligida ushbu tor sohada ko‘plab jiddiy muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda.
Shubhasiz, barcha davlatlar uchun pandemiya davri, o‘zi olib borgan siyosatiga muvofiq ravishda, u yoki bu darajada og‘irlikda o‘tadi. Bunday sharoitda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash ustovorligi tamoyilini hech qanday inkor etishga asos yoki bahonaga asos bo‘lavermaydi, albatta. Biroq Yevropa mintaqasidagi bugungi vaziyat misolida guvoh bo‘lganimizdek, jamoatchilikning o‘z hukumatlariga nisbatan o‘tkazadigan ortiqcha bosimi davlatning favqulodda vaziyatlarda falajlanishiga hamda samarali choralarni o‘z vaqtida tatbiq etmasdan qolishiga olib kelishi mumkin. Bu esa har bir davlat milliiy qonunchiligining favqulodda vaziyatlarga bog‘liq nuqtalarini isloh qilish ehtiyojini keltirib chiqardi.
Sh.Ro‘ziyev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter