Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kredit firibgarligi: undan qanday himoyalanish kerak?

Kredit firibgarligi: undan qanday himoyalanish kerak?

So‘nggi vaqtlarda o‘zgalar nomiga noqonuniy kredit rasmiylashtirish holatlari keskin ko‘paydi. Eng xavotirlisi, bunday ishlarni ayrim mansabdorlar, ish o‘rnida o‘zgalar ishonchiga kirgan shaxslar ham sodir etmoqda.

Toshkent shahrida Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokimi yordamchisi 20 nafar fuqaro nomiga jami 427,7 million so‘m kredit olib, shaxsiy ehtiyojiga ishlatgani aniqlangan. U hatto mahallada yashamaydigan qarindoshlari va boshqa shaxslar nomiga ham qalbaki tavsiyanomalar orqali kredit olgan. Bu bilan yana 207,7 million so‘m talon-toroj qilingan.

Sirdaryoda esa obodonlashtirish xizmati brigadasi rahbari o‘z qo‘l ostida ishlaydigan ko‘cha supuruvchi ayol nomiga kredit rasmiylashtirib, pulni haj safari uchun ishlatgani ma’lum bo‘ldi. Bu holat haqida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov shaxsan jamoatchilikka ma’lum qilgandi.

Farg‘ona viloyatida onlayn qimorga berilib ketgan shaxs qarzlarini yopish uchun 4 hamkasbi nomiga kredit rasmiylashtirgan va ularning pullarini ham qimorda yutqazgan. U jami 75 million so‘m kredit olishga muvaffaq bo‘lgan.

Rasmiy statistika xavotirli

Ombudsman ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili kredit firibgarligiga oid murojaatlar soni 42 foizga oshgan. Hatto bir shaxs nomiga 5-6 ta bankdan kredit olingan holatlar uchragan. Ko‘pincha o‘zini bank yoki to‘lov tizimi xodimi deb tanishtirgan shaxslar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalangan.

Muammo nima?

  1. Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish madaniyati past — ko‘pchilik pasport nusxasi yoki elektron kalitini ishonib topshiradi.
  2. Moliyaviy savodxonlik yetishmasligi — odamlar kredit shartnomalari va onlayn xizmatlar xavfini to‘liq anglamaydi. “Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish” xizmatidan foydalanish kerakligiga e’tibor qilishmaydi.
  3. Nazorat tizimida bo‘shliqlar — ayrim mansabdorlar o‘z vakolatlarini suiiste’mol qiladi.

Yechim bor

Firibgarlar qurboni bo‘lmaslik uchun oddiy, ammo samarali choralar mavjud:

  • MyGov ilovasi orqali “Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish” xizmatini faollashtiring. Bu mutlaqo bepul va Sizning nomingizga hech kim kredit rasmiylashtira olmaydi. Chunki faollashtirilgan taqiq haqidagi ma’lumotlar "Kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestri"ga kiritiladi, bu esa banklar va moliyaviy tashkilotlar tomonidan sizga kredit berilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
  • Elektron kalit, pasport nusxasi va boshqa shaxsiy ma’lumotlaringizni hech kimga bermang.
  • Bank yoki to‘lov tizimi xodimi deb o‘zini tanishtirgan har qanday shaxsga ishonmang, uning aslida kim ekanligini tekshiring.

Kredit firibgarligi nafaqat shaxsiy moliyaviy yo‘qotish, balki insonning ishonchi, halovati va tinch hayotiga ham putur yetkazadi. Ba’zi holatlarda qarzlar yopilmaguniga qadar yillar davomida sarson bo‘lish xavfi bor.

Shuning uchun hushyorlik va moliyaviy savodxonlikni oshirish bizni turli ko‘ngilsizliklardan asraydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring