Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kurskdagi hujumga javob qaytarish uchun rus qo‘shinlari Ukrainadan olib chiqilyapti – WSJ

Kurskdagi hujumga javob qaytarish uchun rus qo‘shinlari Ukrainadan olib chiqilyapti – WSJ

Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya hududiga hujumi Moskvani shoshilinch ravishda o‘z kuchlarini to‘plashga majbur qilayotganga o‘xshaydi. Bu haqda G‘arb OAVsi hamda Ukraina va Litva siyosatchilari o‘z taxminlarini ilgari surishyapti.

Wall Street Journal nashri esa amerikalik rasmiylarga tayanib, Rossiya Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujumiga javob qaytarishni tashkil qilish maqsadida o‘z qo‘shinlarining bir qismini Ukraina hududidan olib chiqayotganini yozdi.

Nashrning ta’kidlashicha, ekspertlar Rossiyaga qancha qo‘shin qaytarib ketilayotganini va kuchlarni qayta to‘plash qanday oqibatlarga olib kelishini hali aniqlamagan. Avvalroq Kiyevda ham Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi amaliyoti Moskvani o‘z harbiy kontingentining bir qismini Ukraina hududidan olib chiqishga majbur qilayotgani aytilgandi.

Litva rasmiylari, shuningdek, Kaliningrad viloyatidan rossiyalik harbiy xizmatchilarning ko‘chirilishi haqida xabar bergan. Ushbu voqealar fonida Bloomberg agentligi Rossiya armiyasi harbiy kadrlar yetishmasligini boshdan kechirmoqda, degan xulosani beryapti.

Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning Kursk viloyatidagi 74 ta aholi punkti Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostida ekanligini ma’lum qilgandi. U yerda 7-avgustdan mintaqaviy darajadagi favqulodda holat rejimi joriy etilgan bo‘lsa, 9-avgustdan boshlab federal darajadagi favqulodda holat rejimi amal qilmoqda.

14-avgust kuni Belgorod viloyatida mintaqaviy darajadagi favqulodda holat rejimi joriy etildi, dedi gubernator Vyacheslav Gladkov. Avvalroq Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Shebekino shahrini o‘qqa tutgani sababli aholining 50-70 foizi uni tark etgani ma’lum bo‘lgan edi.

Aynan qancha rossiyalik evakuatsiya qilingani hozircha noma’lum. Ilgari Kursk viloyati hukumati chegara hududidan 120 ming kishi ko‘chirilgani haqida gapirgan edi.

Rossiya Mudofaa vazirligi chorshanba kuni ertalab ma’lum qilishicha, o‘tgan tunda 117 ta Ukraina droni 8 ta hududda – Kursk, Voronej, Belgorod, Nijniy Novgorod, Volgograd, Bryansk, Oryol va Rostov viloyatlari ustidan urib tushirilgan.

Moskva Ukraina qurolli kuchlarining hududga chuqurroq kirib borishini to‘xtata olganini da’vo qilmoqda.

Prezident Putin Ukrainaning Kursk viloyatidagi amaliyotini Kiyevning Rossiyaning Donbassdagi hujumini to‘xtatish va muzokaralar pozitsiyasini mustahkamlashga urinishi deb atadi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, transchegaraviy operatsiya Ukraina yerlarini Kursk yaqinidan yetkazilgan hujumlardan himoya qilishga qaratilganini tushuntirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring