Kuyinchak jurnalistdan yangi ma’naviy tuhfa
Yaqinda «Akademnashr»da taniqli jurnalist, iste’dodli yozuvchi Maqsud Jonixonovning «Devor ortidagi haqiqatlar» kitobi nashrdan chiqdi.
Yaxshi eslayman. 1999 yil 26 fevralda Vazirlar Mahkamasining «Jurnalist kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan, o‘z davrida sohada ta’lim tizimini «monopollashtirish»ga xizmat qilgan ushbu hujjat natijasida o‘sha o‘quv yilidan Samarqanddagi jurnalistika fakulteti talabalari O‘zbekiston milliy universiteti jurnalistika fakultetiga kelib qo‘shilgan edi.
Shu tariqa Maqsud Jonixonov ham Samarqanddan Toshkentga yo‘l olgan, uchinchi kursdan «milliychi»ga aylangan edi. Boshqa tomondan, uning yaqinroq tanishim sababi, bu «buyuk jurnalistik ko‘chish»da bizning kursimizga kelib qo‘shilgan, keyinchalik, O‘zbekiston teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» kanali muharriri bo‘lib ishlagan iqtidorli jurnalist Dilbar Mahmudovaning turmush o‘rtog‘i ham edi.
Maqsudxon bizdan bir kurs yuqorida o‘qir, lekin tahsil olish barobarida «Qishloq hayoti» gazetasida muxbir sifatida ishlar ham edi. Keyinchalik «Xalq so‘zi» gazetasida sharhlovchi, bo‘lim muharriri bo‘lib ishladi. 2018 yildan esa «Jamiyat» gazetasi va «bong.uz» sayti bosh muharriri sifatida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Doim jiddiy bir salobat bilan, qoshlarini chimirib, vazminlik bilan yuradigan, jim turganda ham nimanidir xayolan jiddiy mushohada qilib turganday taassurot uyg‘otadigan Maqsudxonning matbuotdagi chiqishlarini ko‘p yillardan buyon kuzatib kelar ekanman, har bir maqolasida o‘tkir ijtimoiy muammolarni dadillik bilan, qat’iy jurnalistik pozitsiyadan turib, o‘z kuzatuv chig‘irig‘idan o‘tkazgan holda yondashishiga amin bo‘laman.
Shu sababli u muharrirlik qilayotgan «Jamiyat» gazetasi, garchi bugun barcha nashrlarning og‘riqli muammosiga aylangan kamtirajli bo‘lsa-da, sahifalarida zalvorli va tosh bosadigan tahliliy maqolalar berib kelinmoqda.
Xizmatlari munosib e’tirof etilib, u turli yillarda «Yilning eng faol jurnalisti» (2006) va «Oltin qalam» milliy mukofoti g‘olibi (2009), «Xalq ta’limi a’lochisi» (2007), «Shuhrat» medali sohibi (2013) bo‘ldi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi (2020) va Yozuvchilar uyushmasi (2022) a’zosi hamdir.
Ushbu to‘plamda jurnalistning turli davrlarda yozilgan yigirmadan ortiq eng sara maqolalari, turli qaydlari jamlangan.
Jumladan, Ozarbayjonga ziyorati aks etgan «Devor ortidagi haqiqat» maqolasida muallif ozar xalqining boy urf-odat va an’analaridan tortib, ko‘p ming yillik ko‘hna tarixi, ne-ne ulug‘ siymolari, o‘zbek xalqini bog‘lab turuvchi ijodkorlar haqida o‘quvchiga ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.
«Abdullajondan o‘qing...»da esa taniqli xalq shoiri Erkin Vohidovning xonadoniga talabalik yillarida universitetdagi ustozimiz Rahmatilla Inog‘omov bilan birgalikdagi yoddan chiqmas tashrifi, maroqli suhbatlaridan olgan olam-olam zavqu shuuri, ulug‘ shoirning yuksak ijodiy salohiyati, beqiyos insoniy zakosi, saxovatini samimiy tuyg‘ular jilosida tasvirlab beradi.
«O‘zbek mo‘’jizasi» deb nomlangan maqolada esa mustaqil davlatimizning madhiyasi muallifi, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov haqida bayon etib, shunday yuksak ehtirom so‘zlarini yozadi: «davru davronlar, zamonlar o‘tadi, ammo Vatan ravnaqi, xalq manfaati yo‘lida fidoyilik ko‘rsatganlar nomi barhayotdir. Abdulla Oripov she’rlari millat sha’ni, or va g‘urur, quvonch va iztirob, dardu hasrat, ulug‘vor mung ifodasi sifatida dillarga kirib bordi. Biror bir she’ri shunchaki bitilmagan, donishmandlik nafasi ufurib turgan ijodi bois u qardosh va ko‘plab xorij mamlakatlarida ham ma’lum va mashhur bo‘ldi».
«Samimiyat sehri» esa barchamiz taniydigan urgutlik zabardast ijodkor haqida nihoyatda dilbar, nihoyatda ajoyib tarzda yozilgani bilan e’tiboringizni o‘ziga tortib oladi: «Abdusaid Ko‘chimovning adabiyot olamidagi o‘rni, asarlarining ahamiyati haqida shu sohaning bilimdonlari, nuktadonlari gapirsa arziydi. Ammo bu borada bilganim shuki, ustozning «shirin tili» bor. Hikoyalarini o‘qisangiz, ular xuddi kino tasmasidek ko‘z oldingizda gavdalanaveradi. Chunki hayotning, hayotiylikning bor rangi bo‘y ko‘rsatib turadi ustozning har bir asarlarida. Dolzarb mavzudagi maqolalari ham xuddi hikoyadek yoziladiki, ikki qo‘lingizni ko‘tarib tan bermasdan ilojingiz qolmaydi».
Kitobni o‘qir ekansiz, mamlakatimizda kechayotgan tub islohotlarga o‘ziga xos tarzda munosabatni his qilasiz. San’at, adabiyotga ko‘rsatilayotgan rag‘bat, tashkil etilgan ijod maktablari, matbuotdagi erkin nafas, odamlarimiz tafakkuridagi o‘zgarishlarga oid xolis fikrlar faktlar silsilasida chiroyli teriladi.
Shu bilan birga, targ‘ibotdagi va mafkuraviy kurashdagi ayrim oqsoqliklar, matbuot nashrlarining tobora tushib borayotgan adadi, yoshlar ma’naviy dunyosidagi tuzatish qiyin bo‘layotgan bo‘shliqlar ijtimoiy kuyinchaklik va ta’sirchan mulohazalar asnosida ochib beriladiki, albatta bu ham kitobxonni befarq qoldirmaydi.
Ijodning pastu baland dunyosida ba’zan tushkun va ba’zan katta ko‘tarinkilik bilan qalam tebratayotgan iqtidorli jurnalist «bugungi shiddatli zamonda, adabiyotu ma’rifat, matbuot va ma’naviyat tushunchalari kimlar uchundir eski davrda qoldi, deya talqin qilinayotgan kunimizda ijodkor shaxsiyati, ziyolilarga mamlakatimiz rahbarining alohida e’tiboridan xulosa chiqarishimiz» kerakligini bot-bot takrorlab keladi.
Yurtimizdagi ko‘zga ko‘ringan, elimiz hurmatini qozongan jurnalistlar Abdusaid Ko‘chimov, Mamatqul Hazratqulov, O‘tkir Rahmat, Abbosxon Usmonov, Ahmadjon Meliboyev, Karim Bahriyev, Ahror Ahmedov va Shuhrat Jabborov kabi ustozlar etagini tutgan Maqsudxon ko‘targan mavzular qirrasi rang-barang va ko‘lamdordir.
Hayotda saboq bergan marhum ustozlari Qurbon Eshmat va Ikrom O‘tbosarov, xalqimizning suyukli yozuvchisi Tohir Malik, Toshkent imom xatibi Anvar qori, milliy san’atimizning buyuk darg‘alari Sherali Jo‘rayev, Ortiq Otajonov, Furqat Mirzayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori Fatxulla Ma’sudov haqidagi xotiralari har biri ibratdir.
«Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlari dono va haqgo‘y murabbiyga, shirin so‘z ustozga o‘xshaydi: qaysi mavzuda qo‘shiq kuylamasin, tilga olingan mavzu haqida mushohada qilishga majbur bo‘lasiz. «Bir ulug‘ el bor jahonda» degan qo‘shiqni eshitsangiz, qanchalar go‘zal va muazzam yurtda yashayotganingizni o‘ylab, shukronalar aytasiz. El-ulus koriga yarayotganlar, xalqim, deb tunu kun tinim bilmaydiganlarga ajru mukofot bor. Bu haqda hofizdan o‘tkazib hech kim aytolmagan hali:
Vatan deya o‘lsa kim, tuprog‘i sovimag‘ay».
Muxtasar aytganda, Maqsudxonni «chinakam dardchil va xalqchil jurnalist», davrimizning o‘ziga xos «vijdon ovozi» desa ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu to‘plam uning oxirgi yillarda kitobxonlarga taqdim etgan «Yonimizdagi odamlar» (2012), «Bir umrlik saboq» (2019), «Devona qildi ishq mani» va «Bir qo‘shiq kuylayki...» (2022) kabi badiiy-publitsistik asarlari qatoridan munosib o‘rin egallashi shubhasiz.
Laziz Rahmatov,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter