Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryoda «Lasetti» harbiy mashina bilan to‘qnashdi, 3 kishi halok bo‘ldi

Qashqadaryoda «Lasetti» harbiy mashina bilan to‘qnashdi, 3 kishi halok bo‘ldi

Foto: Davletovuz telegram kanali

Bugun, 26-noyabr kuni taxminan soat 8:05 larda Shahrisabz-Qarshi avtomobil yo‘lida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar tayyorgarligini favqulodda kompleks tekshiruvdan o‘tkazish rejasiga muvofiq, harbiy avtomobillar kolonnasi o‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazish hududi tomon yo‘l olayotgan edi. Yuqorida qayd etilgan yo‘l chorrahasidagi harakat harbiy avtomobil inspeksiyasi xodimlari tomonidan tartibga solinayotgan edi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, inspektorlar harakatni taqiqlashga ishora qilganiga qaramay, davlat raqami «70 U 110 MA» bo‘lgan «Lasetti» rusumli avtomobil harakatlanishda davom etgan. Natijada u «ZIL-131» rusumli harbiy yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketdi. Uch kishi — yengil avtomobil haydovchisi va ikki yo‘lovchi halok bo‘lgan, «Lasetti»ning yana bir yo‘lovchisi jarohat olgan.

Jabrlangan fuqaroga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatildi, hozirda uning holati barqaror va hayotiga hech narsa xavf solmayapti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring