Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Lazeykashunoslardan xalqqa qarshi navbatdagi qadam

Lazeykashunoslardan xalqqa qarshi navbatdagi qadam

Illyustrativ foto

Savdo-sanoat palatasi nomli qog‘ozda nodavlat, lekin amalda davlat funksiyalarini bajaruvchi hamda ma’lum toifa tadbirkorlarni o‘z xohish-istaklariga qarshi MAJBURIY a’zo qiluvchi tashkilot «Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgarish kiritish to‘g‘risidagi loyihani muhokamaga qo‘yibdi.

Xususan, uning 17-moddasidagi «xususiy tadbirkorlar uchun a’zolik ixtiyoriy» degan bandni chiqarib tashlashni taklif qilishmoqda, ya’ni xususiy tadbirkorlarni ham o‘zlariga majburan a’zo qilish istagida.

Buni quyidagicha izohlashibdi:

«O‘zR Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risi-da»gi qonun (yangi tahriri) qabul qilinganidan keyin Palata a’zoligiga yirik korxonalarni jalb qilish bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. 827 tadan ortiq murojaatlar kelib tushdi, ularda yirik korxonalar ham xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ekanligini ro‘kach qilib, majburiy a’zolik shartnomasini tuzishdan bosh tortganliklari bildirilgan.

Bu muammoning amaliyotda kelib chiqishiga «xususiy tadbirkorlik» tushunchasiga qonunchilikda aniq tushuncha berilmaganligi hamda amaldagi qonunchilikdagi tadbirkorlik sub’yektlarining turlari tasnifida tadbirkorlik bunday turi ko‘rsatilmaganligi sabab bo‘lgan.

Xususan, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, kichik tadbirkorlik sub’yektlari quyidagilardir:

1) yakka tartibdagi tadbirkorlar;

2) mikrofirmalar;

3) kichik korxonalar.

Taklif etilayotgan tahrirda faqatgina qonunda belgilangan mezonlarga javob beradigan kichik biznes sub’yektlari Palataga ixtiyoriy ravishda a’zo bo‘lishadi, qolganlar uchun esa majburiy a’zolik joriy etiladi».

Bu nima degani? Ularning vaj-karsonini xalq tiliga tarjima qilib tushuntiraman:

«Biz bu qonunni ishlab chiqib, qabul qilayotganimizda boshqa qonunlarni yaxshi o‘rganmagan ekanmiz, shu sababli qonunimizda ko‘plab kamchilik va tushunmovchiliklar qolib ketibdi. Xalq, ya’ni xususiy tadbirkorlar esa mana shu xatolarimizdan o‘z manfaati uchun unumli foydalanmoqda. Boshqacha aytganda, bizning chala ishlab chiqqan qonunimiz xalqqa foydali bo‘lib qolyapti. Shu sababli biz ushbu lazeykani tezda yopishimiz va xalqni yanada og‘irroq ahvolga soladigan qilib o‘zgartirishimiz kerak. Toki xususiy tadbirkorlar ortiqcha bahona qila olmasin va o‘zlari peshona teri bilan ishlab topgan pullarini bizga majburan qurtday qilib sanab topshirsin.

Gapning po‘st kallasini aytganda, ushbu qonun loyihasi bilan tadbirkorning shaxsiy pullarini majburiy a’zolik uchun tortib olishdagi muammolarimizni hal qilmoqchimiz».

Mana shunaqa gaplar.

Psevdonodavlat tashkilotlarga majburiy a’zolik Konstitutsiyaga zidligi haqida kerakli joyda, kerakli insonga savolimni berib bo‘lganman, ko‘rgandirsiz. Bu haqda kanalimda bir necha marta yozganman ham. Bu soliqning bir turi. Ya’ni tadbirkor va fermerlarga qaysidir tashkilotga MAJBURLAB a’zo qilish ortidan, ularning pullarini tortib olish ham aslida ularga soliq solishdir. Ammo hali beri bu qoida o‘zgarmasa kerak, mana, hattoki yanada og‘irlashtirishmoqchi.

Savdo-sanoat palatasidagilarning vijdoni bo‘lsa, bittagina savolimga javob berishsin, iltimos:

Dunyoda 200 dan ortiq davlatlar bor, ularning deyarli barchasida tadbirkorlar uyushmalari bor. Mana shu 200 dan ortiq davlatlarning nechtasida tadbirkorlar majburlab Savdo-sanoat palatasiga a’zo qilinadi? Sonini ayta olasizlarmi? Uchtami, beshtami, o‘ntami, elliktami, yuztami, nechta davlatda shunaqa tajriba bor? Ya’ni O‘zbekiston butun dunyoda keng tarqalgan amaliyotni qo‘lladimi yoki 2-3 ta davlat qilib ko‘rgan yo‘ldan yurdimi?

Nima uchun doim biz xalqdan olishga kelganda kamchilik davlatlar qilgan islohotlarni o‘zlashtiramizu, xalqqa berishga kelganda butun dunyo qilayotgan islohotlarni qo‘llamaymiz?

Savdo-sanoat palatasidan savolimga javob kutib qolaman.

P.S.: aytgancha, qonun loyihasi muhokamasi 28 yanvarga qadar davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring