Litsenziyavozlik. Nega ijod nazorat qilinishi kerak?
Avvalo Madaniyat vaziriga,
keyin Adliya vaziri,
so‘ng Bosh prokuror
va Oliy Majlis palatalari,
saylovlarda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar yetakchilari e’tiboriga!
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekkonsert» faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab fikrlar bildirildi. Bu idoraning atrofida bo‘layotgan voqealar, umuman, vaziyat, turlicha izohlar, ayrim olqishlar yoki keskin tanqidlar bilan shunchaki «o‘tib ketmasligi» kerak, nazarimda. Chunki bunaqasi avval ham bo‘lgan va holat qayta-qayta takrorlanmoqda.
Demak, bu soha jiddiy tahlil va islohga muhtoj.
Ijod litsenziyalanmaydi...
Zamonaviy O‘zbekistonda barcha sohalar erkinlashayotganiga qaramay, «O‘zbekkonsert» kabi ijodni nazorat qiluvchi tashkilotning mavjudligi, albatta, demokratik talablarga nafaqat zid, balki g‘ayriqonuniy hamdir. Demak, uni tuzish bo‘yicha barcha normativ hujjatlarni bekor qilish vaqti yetgan.
San’at kabi iste’dod va tug‘ma qobiliyat bilan bog‘liq sohalarning litsenziyalanishi nafaqat intellektual va ijodiy erkinlikni bo‘g‘adi, balki uning tijoriylashuviga va saviyasi keskin tushib ketishiga ham sababchi bo‘ladi.
San’atkor — tijoratchi yoki biznesmen emas, biroq biz ular faoliyati tijoriy ekanligini davlat darajasida tan olib qo‘yganmiz.
Deylik, xalqimiz sevgan san’atkor, ne-ne unvonu mukofotlar sohibi Sherali Jo‘rayev yoki Yulduz Usmonovaning litsenziyasiz na konsert, na to‘y-tomosha yoki boshqa tantanalarga bora olmasligi, hatto televideniye orqali chiqishiga taqiq qo‘yilishi mantiqsizlikdan boshqa narsa emas (lekin shu mantiqsizlik bilan yashab kelganmiz). Yoki mumtoz ashulalarimizning xalqaro targ‘ibotchilari orasida hali-haligacha avtobusda yuradiganlari ko‘p. Ulardan to‘ydan beri kelmaydigan qo‘shiqchilar qatorida litsenziyaga pul undirguncha, sharoitini qilib bersang asakang ketadimi, deydigan odam yo‘q.
Zamira Suyunova, Azim Mullaxonov, Mahmud Namozov va boshqa ne-ne san’atkorlarning litsenziyasiz qolib ketishi vajidan «O‘zbekkonsert»ning qosh-qovog‘iga qarab yashashi ham adolatdan emas, balki zo‘ravonlikning bir ko‘rinishidir. Ular litsenziyasi bo‘lmagani sababli ijodining ravnaqi uchun pul topa olmasligi oqibatida ikki qo‘lini qo‘ltig‘iga urmoqda va oxir-oqibat milliy san’atimiz yutqizyapti.
Ijodkor iste’dodliroq bo‘lgani uchun jazolanishi kerak emas
Agar Tamila qayerinidir ochib, xalqqa kulgu bo‘lgan bo‘lsa, Munisa Rizayeva yoki boshqasi yarim-yalang‘och kiyinib yurgan bo‘lsa, buning san’atga hech qanday aloqasi yo‘q va «O‘zbekkonsert» uning pattasini olib qo‘ygani bilan xulqi yaxshi tomonga o‘zgarib ham qolmaydi. Aslida bu uyatsizlikni ma’muriy qonunchilik me’yorlari bilan, sud orqali ham tartibga solsa bo‘laveradi.
Ijodkorlar iste’dodliroq bo‘lgani uchun boshqa barcha soha vakillaridan ko‘ra ko‘proq jazolanishi adolatdan emas. Unda ularga oliy yoki o‘rta ma’lumotli diplom nima uchun berilgan? Litsenziya degan savil diplomdan ustunroqmi? Unda ularga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoki xalq artisti unvonlari qaysi karomati uchun berilganki, buni yana «O‘zbekkonsert»ning alifni kaltak demaydigan rahbarlari tasdiqlab berishi kerak?
Masalan, qassob hech qayerda o‘qimagani holda bemalol kasbini qilib, ro‘zg‘orini tebratib yuribdi. Do‘kon sotuvchisi ham biror yerda tuzuk-quruq diplom olmasdan faoliyat ko‘rsatyapti. Taksi haydovchi ham qoida buzsa, faqat jarima to‘lab, so‘ng ishini davom ettiraveradi.
San’atkor ham daromad topyaptimi, ular ham boshqalar qatori, marhamat, soliq deklaratsiyasini to‘ldirsin va solig‘ini tegishli tartibda to‘lab qo‘ysin. Yoki xizmat turi sifatida qo‘shimcha qiymat solig‘iga ham tortilishi mumkindir.
Faqat litsenziya sabab kimlargadir qaram bo‘lmasin, dardi faqat ijodini tijoratlashtirish bo‘lmasin.
Ammo, ana boringki, yil bo‘yi barcha konsertlarini xayriya tarzida yoki bepul berdi, deylik. Yoki faqat ko‘ngil istagi uchun qo‘shiq aytadi, deylik. Qalbida harorati borki, boshqalar uni miriqib eshita boshladi. Axir u nima uchun bunga litsenziya olishi kerak? O‘zi litsenziya faoliyatning alohida turlari uchun, nazorat qilib bormasa inson sog‘lig‘i va xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha beriladi. Qolaversa, O‘zbekiston litsenziya turlarini yil sayin keskin kamaytirib boryapti.
Qo‘shiqchi yaxshi qo‘shiq aytsa, u tez ommalashadi, xalqning qalbidan joy oladi. Yomon ashulani eshitgan odam ham o‘ziga xulosa chiqarib, uni qaytib tinglamaydi. Agar bu tomonidan odob-axloqqa va ma’naviyatga zarar yetkaziladi, deb hisoblansa ham, buni (taqiqlash yoki ruxsat etishni) jamoatchilik nazoratiga qo‘yib berish lozim. Bundan samaraliroq nazorat mexanizmining o‘zi yo‘q.
Litsenziyavozlik
Toki, «O‘zbekkonsert» tarafdorlarining bugungi mantig‘idan kelib chiqilsa, ertaga shoirlar ham she’r yozayotgani uchun avval falon pul to‘lab, qaysidir uyushmadan litsenziya olishi kerak bo‘ladi. Yozuvchilar biror hikoya yoki roman yozishi uchun ham, albatta, davlatning vakolatli organidan ruxsatnoma olishi zaruriyat qilib qo‘yiladi. Hozircha bunday bo‘lmayotgani sababi, shoirni chaqirib, to‘rtta she’ri uchun cho‘ntagiga pul tiqishayotgani yo‘q. Qo‘shaversak gap ko‘p. Dorda sakrayotgan dorboz ham, ilon o‘ynatuvchi morvoz ham, maymunni qo‘lga o‘rgatgan maymunvozning mehnati ham noqonuniy bo‘lib chiqadi.
Yana o‘sha bemaza mantiqdan olib qaralsa, ommaviy axborot vositasida ishlab turgan jurnalistlarni ham alohida-alohida litsenziyalash talabi qo‘yiladiki, ertaga sal «tili chiqib qolgan» qalamkashning litsenziyasidan mahrum qilinishi uning maqola yoza olmasligini «qonuniy kafolatlaydi».
Eng qizig‘i, siyosiy partiyalar yetakchilari ham miting uyushtirib, ommani o‘ziga jalb etib, nutq irod qilayotgan va buning ortidan ertaga deputat bo‘lib, ro‘zg‘orini o‘tkazish niyati bor ekan, ularning ham har birini adliya vazirligi litsenziyalash kerakdir?
Qarabsizki, shundoq ham iste’dodlar urug‘i yo‘qolib borayotgan davrimizda yana chalasavod va «bozorchi ijodkorlar»ning kuni tug‘adi.
Sal kinoyaliroq ash’yor bitgan Orif To‘xtashning guvohnamasi olib quyilib, yuzi qizartirilsa, tiliga erk bergan Zulfiya Mo‘minova katta davralarda izza kilinadi. Oydinisoga mavhum modernizm she’riyatini xalqning umumiy ma’naviy standartlariga moslashtirish talabi quyilsa, Xosiyat Rustamova xalqaro anjumanlardagi she’riyat kechalarida davralarni to‘ldirib o‘tirishi uchun narxi bir necha barobar qimmat litsenziyani olishi talab etiladi.
«O‘zbekkonsert» bir yilda qancha foyda oladi?
«O‘zbekkonsert»ning nazorat faoliyati olib tashlanib, uning o‘rniga ijodiy uyushma shaklida tashkil etish maqsadga muvofiqdir balki. U qo‘rqitmasin, dag‘dag‘a qilmasin, san’atkorga qo‘shimcha majburiyat yuklamasin, aksincha, ijodga ko‘maklashsin, yordam bersin, hamkorlik qilsin.
Yorqin ijod namunalarini davlat hisobidan yoki fondidagi maxsus jamg‘armadan sotib olsin va ommalashtirsin, shu yo‘l bilan ma’naviyat ravnaqiga hissa qo‘shgan vatandoshlarimizga qalam haqi to‘lasin. Dunyoga chiqayotgan mumtoz qo‘shiq vakillaridan ham otning kallasidek shkala bo‘yicha litsenziya to‘lovi undirish o‘rniga, aksincha, o‘zbek san’atini dunyoga yoyayotgani uchun yo‘l xarajatlari va boshqa to‘lovlarni qoplash to‘g‘ri bo‘lmasmidi?! Yoki estrada yo‘nalishida kuylaydigan yoshlarni faqat «to‘yvoz» bo‘lib ketmasligi uchun, ularning istagiga qarab chet eldagi yetakchi maktablarga yuborish ham mumkin-ku?
Olamdan o‘tib ketgan betimsol san’at darg‘alarining ma’naviy boyligini ommalashtirsin. Vaholanki, jamoatchilik «O‘zbekkonsert» litsenziyalash faoliyatidan bir yilda qancha foyda olganiyu, uni nima maqsadlarga va qanday sarflagani haqida hanuzgacha ma’lumotga ega emas.
Qolaversa, litsenziyadan ayrilishdan cho‘chib, «O‘zbekkonsert» mulozimlari aytgan yumushni tekinga qilib berishga, «akaxon»lar to‘ylarida xizmat qilish-u turli «tadbir»larni qizdirib berishga majbur bo‘lishadi. Bundan shikoyat qilgan xonandalar ham yo‘q emas. U holda bu idoraning shu kabi «hojatbaror»ligi uchun «cho‘ntak haqi» olmasligiga kim kafolat beradi?
Stresslarga tobora ko‘milib borayotgan xalqni qanday «davolaymiz»?
So‘nggi yillarda deyarli butunlay yo‘qolib ketayotgan qiziqchilik san’atini rivojlantirish haqida hech kim o‘ylamay qo‘ydi. Ertaga «sal nozik» hajvni o‘tkazib yuborgan Avaz Oxunga ham «zapret» qo‘yilmasligiga qanday kafolat bor?
Toki, bugungi taraqqiyot asrida shundoq ham qo‘shiqchilar televideniyeda chiqmasa ham internetda yoki ijtimoiy tarmoqlarda qo‘yilgan qo‘shig‘i bilan tanilib ulgurmoqda (balki tushum miqdorini ko‘paytirish uchun eshituvchiga ham litsenziya joriy etish kerakdir...).
Haqiqiy iste’dodlar bosimga uchrasa, ularga xorijdan ham «sovchilar» istagancha topiladi. Chunki ularning qiymati yo‘q va har kuni dunyoga kelavermaydi.
Biz uzoq yillar Obid Asomovni O‘zbekistonda el orasiga chiqishini taqiqlab qo‘ygan davrimizda u Rossiyada eng taniqli sahna yulduzlaridan biriga aylanib ulgurgan edi. Oxir-oqibat faqat o‘zimiz yutqazdik.
Ulkan axborot oqimi, yon-atrofda, jamiyatda va umuman dunyoda bo‘layotgan keskin voqealar, turmush tashvishlari va sinovlari odamlarni tobora stress domiga tortmoqda. Bu, umuman olganda, tabiiy jarayondir, lekin «nima ham qila olamiz, boshimizga tushgani shu» deb o‘z muammolarimizga ko‘milib, infarkt, insult, qon bosimi bo‘lib yurmaymizku? Muammo har qanday holatdayam bo‘laveradi. Rivojlanmagan davlatdayam, rivojlanganidayam. Faqat ularning xususiyati har xil. Bunday holatda xalqni, nafaqat xalqni, balki amaldorlarniyam qanday qilib «davolaymiz»?
Judayam jiddiylashib ketmayapmizmi? Faqat zo‘ravonligu, so‘kishlar, baqir-chaqirlar, janjallar... Axir xalq ham, amaldorlar ham vaqti-vaqti bilan miriqib kulib turishi kerak. Qiziqchilarga, kerak bo‘lsa, siyosiy latifalar aytishiga erkin qo‘yib beraylik. Shunda ular beldan teparoqqa o‘tishadi o‘z-o‘zidan. Qolaversa, o‘sha amaldorlar ham o‘zlari haqidagi latifalardan samimiy kula olishsin, balki shunda ulardan ham ortiqcha bosimlar yuki arib, bag‘rikengroq bo‘lishlariga turtki bo‘lar.
Afsuski, turli bahonalar, litsenziya, taqiq deb qiziqchilik san’atini deyarli o‘ldirib bo‘ldik. Endi xalqni chinakamiga kuldira oladigani qolmadi hisob.
Boshidan pul sochilmagan qo‘shiqchi bittami?
Hali dong‘i chiqmagan xonandalarning pattasi olib qo‘yilsa, jamoatchilik unchalik ham e’tibor qaratmaydi. Ammo, Jahongir Otajonov kabi taniqli san’atkorlarga kelganda, masala ancha chuqurlashdi.
Uning to‘yda jazavaga tushib yotib olgani va ustiga bir guruh olamon pulni sochib tashlaganiga kelsak, boshqa istalgan san’atkor ham bunday paytda mikrofonni o‘chirib, «bunday qilmanglar-ye, ey, ma’naviyatsiz to‘y ahli!» deya olmaydi. Avvalo, bunda muammo o‘sha to‘yning egalari va unga pul sochgan kishilarning ma’naviy saviyasiga ko‘proq bog‘liq. Bunday misollar bilan litsenziya olib qo‘yilsa, unda barcha san’atkorlarning ham litsenziyasini bekor qilib chiqishga to‘g‘ri keladi. To‘ylarda boshidan pul sochilmagan qo‘shiqchi bormi o‘zi?
U «O‘zbekkonsert» bilan sudlashsa bo‘ladi. Boz ustiga bir muddat muqaddam Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov haqida ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy fikr bildirgani litsenziyasini olib qo‘yilishiga ta’sir ko‘rsatmaganmi-yo‘qmi, degan haqli savol ham paydo bo‘ladi. Chunki «O‘zbekkonsert» quyi tuzilma sifatida vazirlikka ham bo‘ysunadi.
Voqealar rivoji esa uning o‘zi haqida Jahongir tomonidan bildirilgan achchiq fikrlar shunchaki bir paytlar kasbdoshi bo‘lgan san’atkor tomonidan aytilgan tanqid sifatida xolis qabul qilinganini shubha ostiga qo‘yadi. Agar topshiriq undan bo‘lgan bo‘lsa, bu ham qonunga zid va xavotirlanishga sabab bo‘ladi.
Qolaversa, Ozodbek Nazarbekovning o‘zi litsenziyaga egami? Agar litsenziyaga ega bo‘lmasa, unda nega turli tomoshalarda konsertlarda ishtirok etmoqda. Agar litsenziyaga ega bo‘lsa, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari daromad topadigan tijorat faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkinmi? Yo‘q, men bundan foyda olmayman, faqat el uchun kuylayman, deydigan bo‘lsa ham nima sababdan boshqa ijodkorlarga «xalqi uchun kuylash»da u kabi imkoniyat va huquqlar mavjud emas, degan savollar o‘rtaga chiqadi.
Bunday «imtiyoz» va «tabaqalashuv»ga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Chinakam san’atkor ortiqcha asabbuzarlikdan ko‘ra, ijod bilan shug‘ullansa, ko‘proq foyda ekanligini biladi. Uning muxlislari uni litsenziyasiz ham bemalol eshitaveradi, katta konsert qo‘ymasa bundayroq choyxonayu xonadonlarda o‘tadigan tadbirlarda ham «xizmati»ni qilib, pulini ishlab yuraveradi.
Iste’dodlarda erkalik bo‘ladi
Endi o‘zi iste’dodlarning bir erkaligi va bizning siyosiy darajamiz hamda hayotni qabul qilishimiz umumiy mezonlariga ko‘p ham mos kelmaydigan tantiqligi va hissiyotlarga beriluvchanligi ham bo‘ladiki, bunga hamisha ham jiddiy tus berish shart emas. Chunki u ming yulduz bo‘lsin, aytgan fikri biror siyosiy partiya yetakchisi yoki rasmiy arbobning bayonotidan farq qiladi va shaxsiy mulohaza bo‘lib qolaveradi.
Toki ularga pul berayotgan va erkalatib yuborayotgan ham aslida xalqning o‘ziki, aybni faqat bir tomonga yuklash noto‘g‘ri.
Xullas, litsenziyalash, uni olib qo‘yish yoki berish — bu yuzaga kelayotgan muammoning yechimi emas, balki samarasiz jazolash vositasidir. Agar davlat tadbirlari yoki boshqa marosimlarda ularning ishtirok etishi talab qilinsa, marhamat, tegishli shartnomani imzolab, pulini o‘tkazib, istaganini ham jalb etaverish mumkin. Endi bu bo‘yicha ham zamonaviy andozalarga o‘tishimiz kerak. Har qanday cheklov, jumladan, u ijod erkinligini taqiqlash borasida bo‘lar ekan — bu sud orqali amalga oshirilishi kerak. Aks holda, bu jahon hamjamiyatida obro‘mizni tushiradigan SENZURAdan bo‘lak narsa bo‘lmay qoladi.
Huquqiy baho kerak
Ijodiy faoliyat turlarini litsenziyalash amaliyoti qonunchilikka qanchalik mosligiga Bosh prokuratura va Adliya vazirligi huquqiy baho berishi kerak. Bu tuzilmani tashkil etish bo‘yicha chiqqan qarorlarni qayta ko‘rib chiqish vaqti ham yetdi. Qizg‘in kurashga kirayotgan partiyalar yetakchilari ham bu masalada qat’iy pozitsiyasini bildirishi tarafdorimiz.
Zero, bu o‘rinda, masala faqat Jahongirlar va Ozodbeklar haqida emas, balki ozod elni jahonga olib chiqadigan jahongirlar haqida ketmoqda. Qolaversa, san’atkorini turli tazyiqlar bilan davlat rahbarlariga qarshi kayfiyatga soladigan va qayraydigan hech bir davlat idorasi bugungi ochiq eshiklar siyosati davrida yashab qolishga haqli emas.
L.Tursun, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter