Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Lola Sanayeva: Biologiya – hayotni anglash, inson va tabiat o‘rtasidagi ko‘prik

Lola Sanayeva: Biologiya – hayotni anglash, inson va tabiat o‘rtasidagi ko‘prik

foto: Xabar.uz

Kimdir farzandiga «bu fan kerak emas», deb qiziqishini e’tiborsiz qoldiradi, ba’zi yoshlar esa tabiatga muhabbati bilan universitetga kirib keladi. Lola Sanayeva bilan suhbatimizda aynan shu qarama-qarshiliklar, tabiiy fanlarning ahamiyati va avlodlar orasidagi farqlar haqida mulohaza yuritdik. Jizzax davlat pedagogika universitetining Tabiiy fanlar fakulteti, «Biologiya» kafedrasida ta’lim berib kelayotgan dotsent Lola Sanayeva 32 yillik pedagogik stajga ega. Suhbatdoshimning iqroricha, biolog uchun biologiya bu faqat fan emas, balki hayot bilan dialog. U ikki monografiya, o‘ndan ziyod uslubiy qo‘llanmalar muallifi sifatida nafaqat bilim, balki tabiatga mehr va ehtiromni ham yoshlarga yetkazishga harakat qiladi. Suhbatimiz davomida ustoz o‘quvchilarning tabiiy fanlarga qiziqishi, yangi texnologiyalar ta’siri, ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi yoki to‘sqinlik qilishi, shuningdek, turizm va tabiatni anglash madaniyati borasidagi kuzatishlari, mulohazalarini o‘rtoqlashdi.
– So‘nggi yillarda o‘quvchilarning tabiiy fanlarga (biologiya, zoologiya) qiziqish darajasida qanday o‘zgarishlarni sezayapsiz?
– Yoshlarda tabiiy fanlarga nisbatan qiziqish avvalgiga qaraganda ortgan. Chunki bugun texnologiyalar rivojlangan zamonda yoshlarga talab ortmoqda – tabiiy fakultet bitiruvchilari SES, laboratoriyalar, qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi, qo‘riqxonalarlarda ishlashlari mumkin. Garchi bu yil abituriyentlar soni kamroq bo‘lsa ham yomon ko‘rsatkich emas. Talabalar o‘zi tanlagan o‘qishni bitirib biror ishga joylashishi, o‘z kasbini sevishi, mas’uliyat bilan yondashishi muhim.
– Avvalgi talabalar bilan hozirgi yoshlar o‘rtasida qiziqish, savol berish, mustaqil o‘rganishda qanday farqlar va imkoniyatlar bor?
– Farq juda katta. O‘zim o‘qigan davr bilan solishtirsam – resurslar ko‘p, o‘qitish vositalari: kitob va darsliklar, ularning elektron variantlari, kompyuter, smart doskalar, auditoriyalardagi qulayliklar... Auditoriya soatlari xam kamroq, talabalarning mustaqil ishlashlari uchun ko‘proq soat ajratilgan, ya’ni 50 foiz auditoriya va 50 foiz mustaqil ta’limga vaqt ajratiladi. Baholashda 60 foiz ballni talaba o‘zining mustaqil ta’limidan oladi. Lekin hamma davrlardagidek ularning fanga qiziqishlari va bilim egallashlari o‘qitish vositalariga emas, balki dars beradigan o‘qituvchilarga bog‘liq. Agar o‘qituvchi malakali dars o‘tsa va talabadan talab qilsa, ular o‘sha fanni yaxshiroq o‘qiydilar va o‘zlashtiradilar. Ta’lim muassasalarida afsuski, hozirda ham tanish-bilishchilik bilan ishga kirgan, ilmiy ishlarini boshqalarga yozdirib himoya qilganlar bor. Hatto talabaligida ismini to‘g‘ri yoza olmaydigan sobiq talabalarimiz orasida dekan, kafedra mudiri lavozimida ishlab yurganlarni bilamiz. Ulardan sifatli dars berish yoki talabani fanga qiziqtirish mas’uliyatini kutib bo‘lmaydi. Bunday holatlar, menimcha boshqa sohalarda ham bor. Va bu holatlar istaysizmi, istamaysizmi ta’limning sifatiga ta’sir qiladi.
– Internet va sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalar o‘quvchilarni tabiatdan uzoqlashtiryaptimi?
– Internet va sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalar o‘quvchilarni nafaqat tabiatdan balki boshqa zarur hayotiy munosabatlar, ma’suliyatlardan ham uzoqlashtirmoqda. Yoshlar bilan gaplasha oladigan, ularning qiziqishlariga qiziqadigan ota-ona bo‘lish bugungi kunda qiyin bo‘lib qoldi. Ota-ona bolaning qornini to‘ydirishdan, ustini butlashdan ortib, darslarini nazorat qilishga, kuni qanday o‘tgani haqida suhbatlashishga quvvati va vaqti bo‘lmayapti yoki ota-oning salohiyati yetmayapti. Yanada achinarlisi, farzandini o‘zining qolipiga solish, eski an’analarga undash, inkor qilaverish ba’zida bolalarning ota-onalardan bezishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan 30 yillar chamasi «Yaponiyada bolalar bo‘sh vaqtlarini ota-onalari bilan emas, balki kompyuterda o‘tkazishni ma’qul ko‘rishibdi», degan xabarni o‘qiganimda to‘g‘risi hayron bo‘lganman. Bugun o‘sha kunlar o‘zimizga keldi. Ba’zan bolalarimga qarab turib: «men telefoningizdan qiziqarli emasmanmi», deb tashvish qilgan onlarim ham bo‘ladi. Ona sifatida ular ko‘rayotgan kinolar, kompyuter o‘yinlari bilan qiziqishga harakat qilaman. Farzandlarimizni telefon va kompyuter texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanishga, undan kerakli materiallar va o‘yinlarni o‘ynashga yo‘naltirib, nazorat qilib turishimiz kerak. Dunyo miqyosida kompyuter o‘yinlari bo‘yicha katta olimpiadalar bo‘layapti, balki shu olimpiadalarga ham tayyorlash kerakdir...
– Ota-onalar bolani tabiatga, jonzotlarga qiziqtirish uchun nimalar qilishlari mumkin?
– Ota-onalarning o‘zi uchun tabiat va jonzotlar qiziqarli bo‘lishi kerak. Talabaligimizda Qozon Federal universitetiga amaliyot o‘tashga borganmiz. O‘qituvchimizga yaqin bo‘lgan qarindoshining uyida ikki hafta yashaganmiz. O‘shanda 5-sinf o‘quvchisining «Urush va tinchlik» romaning o‘qiyotganini, 7 yoshli qizaloqning yurtidagi qo‘ziqorinlarni nomma-nom tanishini, zararli turlarini alohida bilishini ko‘rganman, hayratlanganman. Hatto universitetga qabulga kelgan abituriyentlarning kafedralarga bo‘linib hujjat topshirganliklarini ko‘rganman. Bizda esa talabalar 3-bosqich bo‘lganlarida qiziqishlariga qarab kafedralarga bo‘linib o‘qiydilar. Demak, ulardagi abituriyentlar biologiya fakultetiga kelgunga qadar hamma yo‘nalishlar va biologiya sohalari haqida tayyor bilimga ega bo‘lib kelishar ekan. Shunig uchun hozirda u universitet dunyo reytingidagi top 1000 talikka kiritilgan.
O‘zimning tajribamga kelsak, bolalarimni doim dala amaliyotlari, turistik marshrutlar, qo‘riqxonalarga birga olib yurganman. O‘simliklar, hayvonot dunyosi haqida gaplashganmiz yoki shu kabi suhbatlarni eshitib katta bo‘lishdi. Bironta hashorat ko‘rib qolishsa: «Bu qanday hasharot, foydalimi, zararlimi?» deb so‘rashardi. Uyimizda akvariumda baliqlar, qafaslarda to‘tilarimiz bo‘lardi. Hatto qanoti singan burgutni uyda boqib, tuzatib uchirma qilganmiz. Kitoblar, ensiklopediyalar, ertak kitoblarga mablag‘imni ayamaganman. Hozirgacha shu an’ana davom etmoqda.
– Farzandlarining fanlarga qiziqishini ota-onalar qanday qo‘llab-quvvatlamoqda?
– Ota-onalar farzandlarini qo‘llab-quvatlashlari uchun yuqorida aytganimdek, o‘zlarining o‘sha fanga qiziqishi, ozroq xabardorligi, bo‘sh vaqti va ishtiyoqi ham bo‘lishi kerak. Doim ishdan qaytayotganimda yemakxonalarning erkaklar bilan to‘la ekanligini ko‘raman, afsuski, ular orasida ichkilikka mukkasidan ketganlari ham bor. Aynan oila yig‘ilib, birga ovqatlanadigan, bolasining darslari bilan shug‘ullanadigan vaqtda ular ko‘chada «charchoqbosti» qilish bilan band bo‘ladilar. Mutaxassislarning fikricha, 3 yoshgacha bola miyasining 90 foizi rivojlanib bo‘ladi. 4-5 yoshlarda neyronlar ko‘paya boshaydi va o‘sha davrlarda bola bilan qanchalik ko‘p shug‘ullanilsa u shuncha idrokli va ko‘p narsalarni o‘zlashtira oladigan bo‘ladi. Maktablarda to‘garaklarning nomiga ishlashi, ba’zi hududlarda bolalarning bo‘sh vaqtlarini foydali tashkil etishlari uchun maxsus to‘garaklarning, bepul hunar markazlarining yo‘qligi bir tomon bo‘lsa, ikkinchi sabab bolaga oilaning iqtisodiy tomondan kelib chiqib ishchi kuchi sifatida qaralishi ham qiziqishlarning kasb darajasida shakllanishiga to‘sqinik qilishi mumkin. Qishloqqa ko‘chib borgan yillarimda biologiya fanidan yozgi maktab tashkil qilganman. Maktabdan doska va partalarni so‘rab olganman. Hovlimdagi olma daraxtiga mahkamlab, uning soyasida qishloq bolalarini o‘qitganman. Shunda ota-onalar: «uy ishlarini qiladigan odam yo‘q», deya bolalarni olib ketib qolishgan edi. Endilikda o‘sha bolalar uzoq yurtlarga ishga ketdilar. Qolganlari esa uyida, ko‘chada u bu tirikchilikni qilib yurishibdi. Odamlarimiz ongida o‘qiganda kim bo‘ladi, degan savol turadi. Ota-onaning o‘zi hech qachon chiqmagan qulaylik (komfort) hududidan farzandlarini ham chiqargisi kelmaydi.
– Tabiiy fanlar – tabiatni tushunish, undagi jarayonlarni anglash, hayvonot va o‘simlik dunyosiga hurmat qilish hissini uyg‘otadi. Shu hissiyot shakllanmasa, odam tabiatga faqat fon sifatida qaraydi. Ammo tabiatni bilib, hurmat qilgan odam unga ehtiyotlik bilan munosabatda bo‘ladi, mehmon sifatida boradi, ekoturizm madaniyatini rivojlantiradi. Tabiiy fanlarga qiziqmagan avlod turizmga qanday munosabatda bo‘ladi, deb o‘ylaysiz? Umuman, turizm sohasidagi muammolarning bir uchi mana shu tabiiy fanlar masalasiga bog‘liq emasmi?
– Tabiiy fanlar bu hayot haqidagi fanlardir. Bu siz yashayotgan muhit va o‘zingiz haqingizdagi fanlardir. Afsuski, ta’lim muassasalarida bu fanlarni o‘qitish faqat nazariy bilimlar bilangina cheklanib qolmoqda. Shuningdek, tanamizdagi hamma a’zolarning tuzilishi, ishlash qonuniyatlarini nazariy o‘rgatilganligi bilan, unga nimadir bo‘lganida birinchi yordam ko‘rsatishni, o‘sha a’zoni sog‘lom saqlashni bilmaymiz. Misol uchun astronomiya fani o‘tilgani bilan yulduzlar nomini to‘liq bilmaymiz yoki joylashuvini tushunmaymiz.
Ekoturizmga keladigan bo‘lsak, bu tabiatga sayohat tashkil qilish, amaliy o‘rganish, asrashga asoslangan turizmning maxsus turidir. Hatto ekoturizmdan tushgan mablag‘ning ma’lum qismi shu joyning tabiatini qayta tiklash va himoyalanishga sarflanishi lozim. Ijtimoiy tarmoqlarda hayvonlarga ozor berayotgan, tabiatga chiqindi tashlayotgan yoki bo‘lmasa qaysidir mamlakatga muhojir bo‘lib borgan o‘zbek ikki yigitning ko‘lda suzib yurgan oqqushlari tutib olib o‘ldirib yegani ortida ta’limdagi og‘riqli nuqtalar yotadi. Ularning shu yoshgacha nabotot olami haqida hech qanday bilimga ega emasliklarini bildiradi.
Tabiiy fanlarni yaxshi o‘zlashtirgan inson birorta oliygohlarda o‘qimay turib ham ekoturizm bilan shug‘ullansa bo‘ladi. Umuman, hozirgi vaqtda ish topish, biron sohani mukammal egallash uchun katta oliygohlarda 4-5 yil o‘qib kelish shart emas. Ayniqsa, zamonaviy bilimlarni yoki biror hunarni egallash uchun qisqa kurslarda o‘qib, hatto ijtimoy tarmoqlardan o‘rganib, biror kasb egasiga shogirdlikka tushib o‘z biznesini ochishi mumkin, kattagina maktabini yaratsa bo‘ladi.
Ekoturizmni tashkil qilish uchun avvalo, hudud tabiatini yaxshi bilish kerak. Turoperatorlar va gidlar tayyorlash kurslarida o‘qib sertifikat olish mumkin, keyinchalik turistik firma shakllantirsa bo‘ladi. Masalan, men turizm yo‘nalishida o‘qimaganman, balki biolog bo‘lganim uchun bu yangi sohani mustaqil o‘rganib, turli grantlarda, keyinchalik turizm yo‘nalishlardagi davlat tashkilotlarida, viloyat turizm boshqarmalarida ishladim. O‘sha vaqtlar Jizzaxda turizm qilish mumkinligiga hatto soha vakillari ham ishonmagan. Ularni ishontirish uchun Navoiy viloyatida Aydarko‘l bo‘ylaridagi o‘tov lagerlarni rasmga olib kelib ko‘rsatganman. Mana hozir Aydarko‘lni, Zomin va Baxmalni ko‘ring qanchalik turizm rivojlanib bormoqda. Umuman, bu sohaga kirib kelishim ilm bilan bog‘liq alohida bir tarix va hayotimning kattagina bir qismi...
Demoqchimanki, ekoturizm bu ilm, tarix ilmi, etnografiya ilmi, tabiiy fanlar ilmi, iqtisod ilmi, geografiya ilmi... Agar bu bilimlarsiz ekoturizm tashkil etilsa, bizga foydasidan ko‘ra ziyoni ko‘proq bo‘ldi. Xalq so‘zi bilan aytganda «Ushovidan tushovi qimmatga tushadi».
– Tabiat haqidagi fanlarga qiziqishni oshirish uchun maktab yoki universitetlarda qanday o‘zgarishlar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
– Avvalo, kadrlar masalasiga e’tiborni qaratish lozim. O‘qituvchilarga rag‘bat kerak. To‘g‘ri o‘qituvchilar orasida 10 million maosh olayotganlari ham bor. Lekin u maoshni olish uchun o‘qituvchi juda ko‘p qog‘oz to‘g‘irlashi kerak. Sinfdagi o‘quvchilarni unitib attestatsiyadan o‘tishi, toifalar ortidan yugurishi kerak. Yaqinda bir sobiq bitiruvchim bilan gaplashib qoldim, maktabda ishlayotgan ekan. «Toifa olishda o‘qituvchi faqat o‘z ustida ishlashi kerak, o‘quvchi haqida o‘ylashga esa vaqtimiz yetmaydi», – dedi.
O‘qituvchining salohiyatini aslida sinfdagi o‘quvchilarining bilimini nazorat qilib bilsa bo‘ladi, ya’ni monitoring tizimini halol, shaffof o‘tkazib turishi lozi. Maktablar reytingini bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirishi darajasi bilan emas, balki barcha sinflarda bolalarni malaka talablariga qay darajada javob berishi bilan aniqlash kerak deb o‘ylayman.
Maktabga o‘quvchi qo‘rqib, qiynalib emas, quvonch bilan borishi kerak. Bolaning bilimini baholash mas’uliyatli ish aslida. Chunki o‘quvchi yuqori sinfga o‘tgan sari fan programmalarining murakkablashib borishi bolani maktabdan bezdiradi. Baholari yomonlashgan sari uning qaysarligi va o‘qishga nisbatan qiziqishi susayib boraveradi.
Tabiiy fanlar aslida juda qiziqarli. Ushbu fanlarning maktablarda tarix yoki adabiyot kabi laboratoriyalarsiz, amaliyotlarsiz o‘tilishi qiziqarlilik darajasini tushirib yubormoqda. Har bir mavzuni mikroskop, lupa, laboratoriya jihozlari bilan o‘tish lozim. Hozir ba’zi maktablarda laboratoriya jihozlari yo‘q yoki bor bo‘lsa ham chang bosib yotibdi. Masalan, maktabni o‘zimiz ham mikroskop yoki teleskopni bir marta ushlab ko‘rmasdan bitirganmiz.
Tabiiy fanlar fakulteti doirasida kafedralarni ko‘paytirish lozim. Chunki kafedralar olimlar atrofida shakllantiriladi va rivojlantiriladi. Qaysi fan yo‘nalishda birgina yetuk mutaxassis bo‘lsa, uning atrofida shogirdlar yig‘ilib, maktab yaratiladi. Kafedralar ishlab chiqarish korxonalari bilan uzviy ishlashlari, fan va ishlab chiqarish o‘rtasida doimiy aloqa bo‘lishi lozim. Oliy ta’limdagi professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini kengaytirish, MDH mamlakatlardagi oliygohlar bilan aloqalarini yaxshilash, qo‘shma loyihalar yaratish, ularni bajarishga e’tiborni kuchaytirish lozim.
Ba’zida universitet professori, olimi qaysidir mahallaga borib, tadbir qilgani uchun ballar yig‘ayotganining ham guvohi bo‘layapmiz. Yoki bo‘lmasa oliy ta’limda maqolalar yozib beruvchi, chop ettirib beruvchi bozori chaqqon katta industriya shakllanganini ham inkor qilolmaymiz. Bu esa saviyasiz ilmiy kadrlar sonining salmoqli ortishiga sabab bo‘ladi...
– Agar imkoniyat bo‘lsa, shu sohaga qiziqishni oshirish uchun qanday loyihalarni amalga oshirar edingiz?
– Maktab va universitetlar qoshida to‘garaklar, klublar ishini takomillashtirishni, tabiatga sayohatlarni ko‘paytirishni, amaliy va laboratoriya darslarini to‘liq jihozlangan laboratoriyalarda o‘qitishni tashkil qilar edim.
                                                                                                           Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring