Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Lola sayli»mi, «qizg‘aldoq sayli»? Yoxud qizg‘aldoqqa «aylangan» lola...

«Lola sayli»mi, «qizg‘aldoq sayli»? Yoxud qizg‘aldoqqa «aylangan» lola...

Hamma narsani o‘z oti bilan atagan yaxshida. Aprel boshlanibdiki, ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda «Lola sayli», Xonobodda «Lola sayli», Samarqandda «lola sayli» boshlandi, degan izohli suratlardan bahramand bo‘layapmiz.

Qayerga qaramang, qip-qizil gilam to‘shalgandek qizg‘aldoqzor. O‘ylanib qolasan, lola «Qizil kitob»ga kiritilgan kamyob o‘simlik bo‘lsa, qanday qilib sayil uyushtirish mumkin? Lolalar shu qadar ko‘pmidiki, uni oralab yurish, uzish mumkin? Uzoqdan ko‘ringan alvon maydon aslida lolazor emasligini, balki qizg‘aldoqzor ekanligini sinchiklab qarasangiz anglash qiyin emas. Ammo juda ko‘pchilik buni lola deb o‘ylayotgani, bilayotgani ajablanarli. Lolaqizg‘aldoq va lola haqida internetni titkilasangiz yetarli ma’lumotga ega bo‘lasiz. «Milliy ensiklopediya»ni «varaqlasangiz» kifoya.

Lolaqizg‘aldoq – qizg‘aldoq

Ko‘knordoshlar oilasiga mansub bir yillik o‘t. (gul deyilmayapti) Bo‘yi 10— 40 sm. Poyasi dag‘al tuklar bilan qoplangan, tub barglari uzun bandli, poyadagilari bandsiz. Barg plastinkasi ikki karra patsimon qirqilgan. Gullari yirik, gultojbarglari qizil, tubida yoysimon qora dog‘i bor. Mevasi dag‘al tuklar bilan qoplangan, dumaloq ko‘sak, aprelda gullaydi, mayning oxirida mevalaydi, iyunda quriydi.

Lolaqizg‘aldoq cho‘llar, adirlar, bog‘lar, yo‘l yoqalari va bahorgi ekinlar orasida ko‘p uchraydi. Poyasi, bargi va gullarida 0,1% alkaloid bor. Gultojbarglarining suvi xalq tabobatida oftob urgan bolalarga ichiriladi, shuningdek, og‘rigan ko‘zni yuvish uchun ishlatiladi. Lolaqizg‘aldoqni mollar yemaydi, pichanga aralashsa (ayniqsa, gullaganda) chorva mollarini zaxarlashi mumkin. Qarang, biz «Lola sayli»da terayotgan bu qizg‘aldoqning qancha sifatlari bor ekan, bilarmidingiz? Zararini-chi? Keyin qizg‘aldoq faqat urug‘idan ko‘payadi.

Qizg‘aldoq ayni bahor payti ochiladi, ochilishi 9 may, Xotira va qadrlash kuniga to‘g‘ri kelgani uchun balki atoqli shoir Muhammad Yusuf uni xotira bilan bog‘laydi, bir joyda lola, bir joyda qizg‘aldoq deydi:

Buni hayot derlar,

Unutma aslo,

Bir kun ochilasan,

Bir kun so‘lasan.

Qalbimda-ku faqat

Sen eding tanho,

Qabrim ustida ham

O‘zing bo‘lasan.

Sen bizning sevgidan

Xotira — bayroq,

Lola, lolajonim,

Lolaqizg‘aldoq.

Muhammad Yusuf yana bir she’rini qizg‘aldoqqa bag‘ishlaydi:

Qizg‘aldog‘im, qirdan bo‘lak koshonang yo‘q,

Kokil yoysang, yerdan bo‘lak toshoynang yo‘q...

Taniqli xonanda Shuhrat Daryo lolaqizg‘aldoqqa haqiqiy bahoni beradi:

Men o‘sha saharda yoningga borib,

Olovrang yaprog‘ing tutgani qo‘rqqan,

Uchib ketmagin deb shamol qa’riga

Hurkak vujudingga bezovta boqqan.

Visol og‘ushida titraydi dudoq,

Meni tanidingmi lolaqizg‘aldoq...

Ya’ni shoir teginsangiz to‘kilib ketadigan lolaqizg‘aldoq gulkosalarini hurkak vujudga o‘xshatadi. Lolaning gulkosalari esa osonlikcha uzilmaydi, to‘kilmaydi. U xuddi qismati – toshlar orasini yorib chiqqandek mustahkam.

Endi lolaning ta’rifini, sifatlarini, kelib chiqishini o‘rganish uchun yana «Milliy ensiklopediya»ni «varaqlaymiz».

Lola

Lola loladoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik o‘simliklar turkumiga kiradi. (Qizg‘aldoq bir yillik o‘t deb tasniflangandi.) Yer yuzida uning 1400 ga yaqin, jumladan, Yevrosiyoda 100 dan ortiq, O‘rta Osiyoda 64 turi tarqalgan. Lolalar piyozli bahoriy o‘simlik hisoblanadi, uning xonakilashtirilgani gulchilikda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ko‘pgina mamlakatlar qatorida Niderlandiyada va O‘rta Osiyoda lola ko‘proq yetishtiriladi. O‘zbekistonning adir va tog‘larida uning yovvoyi 25 turi o‘sadi. Lolaning qizil lola (T.greigii) va targ‘il lola (T.fosteriana) xili gullarining yirik va nafisligi bilan boshqa lolalardan farq qiladi. Seleksionerlar yaratgan navlar soni hozirgi vaqtda bir necha mingdan ortiq. O‘zbekiston FA Botanika bog‘ida 60 ga yaqin xili o‘stiriladi.

Qizil rang lolaning turli tuslilari: och qizildan, qora qizilgacha, shuningdek, sariq, targ‘il, gunafsha va boshqa xillari uchraydi. Piyozi tuxumsimon, rombsimon, sharsimon, diametri 2,5–4 sm., Poyasi 20 – 30, ba’zan 50 sm. gacha. Barglari 2–3 ta, cho‘ziq. Tojbarglarining uzunligi 8 sm. Mevasi ko‘sakcha, eni 1,5–2 sm, uz. 3 – 6 sm. Lola, asosan, adirlar, toshli va chag‘ir toshli qiyaliklarda yaxshi o‘sadi. Urug‘i hamda piyozidan ko‘paytiriladi (piyozidan ko‘paytirilganda erta gul beradi). May – iyunda gullaydi. Iyun – iyul oyining oxirlarida piyozi qazib olinib, 22–25° haroratda quritib saqlanadi, so‘ngra harorat 12–13° ga pasaytiriladi. Sentyabr, oktyabr oylarida piyozi 8–15 sm.chuqurlikda ekiladi.

O‘rta Osiyoda tabiiy lolalar Qoraqum va Qizilqum cho‘llaridan to Pomir-Olay hamda Tyanshan tog‘lari mintaqalardagi turli iqlim va tuproq sharoitida o‘sadi. Dunyoga mashhur eng nafis madaniy lolalarning (Gollandiya lolalari) aksariyat qismi O‘rta Osiyo lolalari zaminida yaratilgan. O‘zbekiston FA Botanika bog‘ida lola o‘stirish hamda yovvoyi va madaniy turlaridan yangi navlar yetishtirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi. O‘zbek milliy urf-odatlarida lolalar qadimdan e’zozlanadi.

Ya’ni lola sayli ana shunday udumlardan biri.

«Lola sayli»

Ha, aynan qir-adirlar lolaqizg‘aldoq va lolalarga burkangan paytda an’anaviy tarzda gul sayliga chiqish udumi tufayli lolalar kamayib «Qizil kitob»ga kirgan bo‘lsa ne ajab... Etnograf olimlarning aytishicha, asosan, Farg‘ona vodiysida, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Jizzax viloyatlarida o‘tkazilgan bu qadimiy sayil yosh avlod qalbida tabiatga muhabbat hissini tarbiyalashda muhim amaliy ahamiyat kasb etarkan. Ammo, masalaning yana bir tomoni tabiat go‘zalligidan zavq olish uchun uyushtirilgan bunday sayillarga aynan ma’lum bir turdagi o‘simliklar qurbonlik qilinmaganmi?

Etnograf olima Ye.Peshcherevaning ma’lumotlariga qaraganda, «Lola sayli»ni dastavval «lolachilar» boshlab berishgan. Daraxt shoxlarini lola bilan bezatishgan va ana shu «gulchaman»ni ko‘tarib, qishloq ko‘chalari bo‘ylab aylanib yurganlar. «Lolachi»larni ko‘rgan odamlar «gulchaman» shoxiga turli mato bo‘lagi, ro‘molchani bog‘lab, orzu-istaklarini izhor etishgan. «Lolachi» bolalar gullar bilan burkangan daraxt shoxini lolazorning o‘rtasiga o‘rnatib qo‘yishgan. Shundan so‘ng qishloq oqsoqollari «Lola sayli»ni boshlash uchun oq fotiha berganlar.

Ana shu «Lola sayli»ga berilgan oq fotihalarning bugun asoratlari ularning kamyoblashib ketganida ko‘rinmoqda. Ya’ni ularning piyozi bilan ko‘plab yulinishi kamayib ketishiga sabab bo‘lgan. Manbalarda keltirilishicha, lolalarning 20ga yaqin turi  «Qizil kitob»ga kiritilgan. Lekin «Qizil Kitob»ga kiritilgan lolaning beshta turi esa umuman muhofaza qilinmaydigan hududlarda uchraydi. Demak, qachonlardir, lolalarning tog‘larda tabiiy o‘sib yotishi ertakka aylanib qolish xavfi ham yo‘q emas...

Qizg‘aldoqqa aylangan lola

Abdulla A’zamov «Lola sayli»ni aks ettirgan «O‘zbekiston tabiati» postiga o‘zining facebook sahifasida shunday munosabat yozadi, munosabatki, har birimizni mulohaza qilishga chorlaydi:

Yurt lolazor edi. Tog‘ yonbag‘irlari, dashtu dalalar, qishloq hovlilarigacha. Hatto cho‘lu sahrolargacha har bahor lolaga burkanar edi. Rango-rang lolalarga: alvon, pushti, sap-sariq, oppoq, atlas, beqasam... Navoiy g‘azalda kuylagan lolalar, Bobur ta’riflagan lolalar, Furqat erkalagan lolalar... Lolalar ochilib,  lolazorlar yashnagan pallada el lola sayliga chiqar edi. Bu chog‘da lola hammaning dilini chog‘ etar, hatto to‘shakka mixlangan bemorlargacha xushnud qilar, diliga umid bag‘ishlar edi. Juda qadim zamonlarda ham «Lola sayli» bo‘lgan, yosh-yalanglar lola terishgan. O‘tgan asr talabalari uchun «Lola sayli» eng zavqli tadbir edi.

Erkin Vohidov:

Taklif etdim tong bilan dildorni lola sayliga...

Abdulla Oripov:

Yonog‘ingdan rang olgan dedim,

Lolazorga burdim yuzimni…

Eh-he, «Lola sayli»ga chiqib lolaga she’r bag‘ishlamagan shoir bormi? Bugun endi bor. Ko‘p ham. Deyarli hammasi lolaga atab she’r yozadi. Chunki endi lolazorlar yo‘q. Ancha bo‘ldi. Chunki lola bozorbop mol bo‘ldi. Lolafurushlar lolazorlarni moldan badtar payhon qilishga tushdi. Lolafurushlar gulni oralatib terishmas edi, avaylamasdan yoppasiga uzishar edi. Hatto hali ochilib ulgurmasidan, g‘unchasini terishar edi. Lolalar falakka yuz burib shikoyat qildilar: urug‘imizni quritishyapti! Falakning qo‘lidan qorlarni eritish, yomg‘ir yog‘dirish, ulgurib qolgan lolalar urug‘ini shamol bilan sochish kelar edi, ammo payhonchilarga kuchi yetmas edi. Lolalar ojiz, chekina boshlashdi. Dastavval vohalardan bosh olib ketishdi. So‘ng dashtlardagi o‘tloqlardan. Keyin tog‘ yonbag‘irlaridan. Ammo lolakushlar to‘ymas edi. Lolalar na olis sahroga qochib qutulishardi, na baland tog‘larga.

 foto:https://sreda.uz/

Bir kun kelib lolalar o‘z tillarida anjuman qildilar:

– Nima qilamiz? Qanday jon saqlaymiz?

– Qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Bas kelolmaymiz.

 – Imkon izlash kerak.

 – Bo‘ldi, men gulimni maydalashtiraman, ko‘zga ko‘rinmaydigan bo‘lib.

– Men balandga, muzliklarga chiqib ketaman.

– Men lolaqizg‘aldoqqa aylanaman, bir kungina ochilib, urug‘lasam bo‘ldi.

– Men Gollandiyaga ketaman. U yerda bizni e’zozlashar ekan.

– Sen-chi? Sen nega jimsan?

– Bu yurt mening otamakonim. Dunyoga shu yerdan tarqaganman. O‘lsam ham, qirilib ketsam ham hech qayoqqa ketmayman...

Bugun lolalarni muzliklarda uchratayotganimiz bor gap. Bugun lolalar qirilib ketish ostonasida turgani tashvishlanarli, ayni damda hamyurtlarimiz «lola sayli», deb qizg‘aldoqzor oralab yurgani bejiz emas, chunki lolalar allaqachon qizg‘aldoqqa aylanib qolgan... Xonanda lolagul haqida xazin qo‘shiq kuylaydi:

Shamollarda sinmading lolam,

Bo‘ronlarga dosh bera olding,

Qor tagida qolganda olam,

Ko‘zlarimda yosh bo‘lib qolding,

Lolajon, lolajon mening lolam,

Seni sig‘dirolmadi nahot keng olam...

                                                                                                    Barno Sultonova tayyorladi

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring