Prezident loyihalarni amalga oshirishdagi yangi usulni Toshkent va Samarqand viloyatlarida sinashni taklif qildi

Avval xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 17-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirish bo‘yicha joriy etilgan yangi tartib asosida ishlarni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Davlat rahbari yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish va kuchli ijtimoiy himoyani ta’minlashda investitsiyalarning muhimligini qayd etar ekan, shu paytgacha bu boradagi ishlar pala-partish bajarib kelinganini tanqid ostiga oldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Prezidentning 2017-yil 18-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning yangi tartibini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori yuqoridagi kabi tahlillar natijasida qabul qilindi. Qarorga muvofiq, mamlakatimizda tarmoq va hududiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yilmoqda.
— Bundan buyon Rivojlanish davlat dasturlariga faqat dastlabki texnik-iqtisodiy asoslari va loyiha-smeta hujjatlari mavjud bo‘lgan loyihalar kiritiladi, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
O‘z vaqtida bajarilmagani yoki ijrosi chala bo‘lgani uchun ayrim loyihalar yildan yilga, dasturdan dasturga o‘tib kelgan. Masalan, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazini laboratoriya bilan jihozlash loyihasi dastlab 2015-yilda, keyinchalik 2016 va 2017-yillarda investitsiya dasturlariga takroran kiritilgan.
Davlat rahbari tajriba tariqasida Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida loyihalarni energiyatejamkor, zamonaviy qurilish va yengil konstruksiyali materiallardan foydalangan holda amalga oshirish orqali ularning qiymatini 20-30 foizga arzonlashtirish amaliyotini joriy etishni taklif qildi.
Yig‘ilishda investitsiya loyihalarini iqtisodiy, moliyaviy va texnologik asoslangan holda ishlab chiqishda loyiha institutlarining o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.
Amaldagi loyiha ishlarini bajarish qoidalari o‘tgan asrning 60-70-yillarida ishlab chiqilgan bo‘lib, zamonaviy talablarga mutlaqo javob bermaydi. Shu paytgacha xorijiy konsultantlarni jalb etgan holda birorta ham yangi loyiha instituti yaratilmagan. Hududlarda bugungi talablarga javob beradigan loyihalashtirish tashkilotlari yo‘q.
Yig‘ilishda loyihalashtirish ishlarini takomillashtirish, yangi loyiha institutlarini tashkil etish, qurilish-loyiha hujjatlarini tayyorlash va ekspertiza qilishning mutlaqo yangicha mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ilgari qarz, kredit va grant mablag‘larini jalb qilish va ulardan foydalanish borasidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor mamlakatlar bilan hamkorlik qilish, yirik va strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tomonidan tashkil etilardi. Bu vakolatli davlat organlarining mas’uliyati va tashabbuskorligini pasaytirib, ortiqcha byurokratik tartib-taomillar va xarajatlarga olib kelardi.
Bundan keyin Investitsiya dasturi kabi Rivojlanish davlat dasturiga ham puxta ishlanmagan, moliyaviy manbasi va egasi aniq bo‘lmagan, faqatgina bitimlarda qolib ketadigan loyihalarni kiritish amaliyoti takrorlansa, tegishli rahbarlar qonun oldida javob beradi.
Yig‘ilishda budjet va investitsiya mablag‘laridan oqilona foydalanish, moliyalashtirish bazasini kengaytirish, soliq imtiyozlari tizimini takomillashtirish va boshqa masalalar muhokama qilindi. Mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter