Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lyubinko Drulovich: «Keyingi o‘yinlarda yorqinroq o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz»

Lyubinko Drulovich: «Keyingi o‘yinlarda yorqinroq o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz»

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Biroz avval O‘zbekiston va Eron Olimpiya terma jamoalari Osiyo chempionati doirasida to‘qnash kelishdi va jamoalar 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdilar. An’anaga muvofiq, uchrashuvdan so‘ng matbuot-anjumani bo‘lib o‘tdi. Dastlab eronliklar murabbiyi Hamid Estili matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Hamid Estili (Eron): «Har bir musobaqada birinchi o‘yin qiyin bo‘ladi. Biz musobaqani turnirning amaldagi g‘olibi – O‘zbekiston terma jamoasi bilan boshladik. O‘yin davomida yaxshi imkoniyatlarni yaratdik, biroq undan foydalana olmadik. Birinchi bo‘limda birgina xatomiz penaltiga olib keldi. Menimcha, shogirdlarim yaxshi o‘yin namoyish qilishdi. Ulardan mamnunman. Ikkinchi taymda yaxshi o‘zgarishlar qildik va bu bizga foyda berdi».

– Bir necha oy muqaddam Toshkentda 2 ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib ikkisida ham mag‘lub bo‘lgan edingiz. Biroq bugun umuman boshqacha o‘yin chiqdi. Qanday izoh bera olasiz?
– Bizda bu musobaqaga tayyorgarlik jarayonida ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Toshkentdagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida asosan taktik jihatlarga e’tibor qaratgan edik. Tarkibdagi o‘zgarishlar sabab biz boshqacha o‘yin qila oldik.

Eronlik murabbiydan so‘ng Lyubinko Drulovich matbuot-anjumanida ishtirok etdi.

Lyubinko Drulovich: O‘yin qiziqarli o‘tganini aytib o‘tish mumkin. Ikki yaxshi jamoa to‘qnash keldi. Eronliklar jismoniy jihatdan doimo yaxshi bo‘lib kelishgan. Birinchi o‘yin oson bo‘lmadi. Bu bahsda g‘alaba qozonishga astoydil harakat qildik, ammo yakun durang bo‘ldi.

– Asosiy tarkibda Milliy terma jamoadagi o‘yinchilar ishonchni oqlay olmadi, menimcha. Ularning boshlang‘ich tarkibda tushishiga nima asos bo‘ldi?
– Ular saralash o‘yini, ichki chempionatda yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Ha, ular bugun bor imkoniyatlarini ishga sola olishmadi. Ishonamanki, keyingi uchrashuvlarda o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsata olishadi.

– O‘zbekiston jamoasi ikki xil taym o‘tkazdi. Bunga sabab nima?
– Dastlabki 15-20 daqiqa Eron pressinglar bilan yaxshi o‘yin namoyish qildi. Ammo uchrashuvning qolgan qismidan o‘z o‘yinimizni topa oldik. Ikkinchi taymda esa ba’zi xatolarga yo‘l qo‘ydik. Xususan, gol o‘tkazib yuborgan vaziyatimizda. Ikkinchi taym oxirida har ikki jamoada, ayniqsa, bizda bir yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Ammo undan foydalana olmadik.

– O‘zbekiston 2018 yil chempion bo‘lgan edi. Lekin bu musobaqani durang bilan boshladi xolos. Muvaffaqiyatni takrorlay olasizmi?
– Osiyo chempionatida g‘alaba qozonish qiyin. Shu chempionlikni himoya qilish undan ham murakkab. Biz shu vazifani bajarishga harakat qilamiz. Ikkinchi o‘yinimiz Xitoy bilan kechadi va keyingi o‘yinlarda yorqinroq o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Manba: olympic.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring