Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Madaniyat vaziri kelib-ketgach...

Madaniyat vaziri kelib-ketgach...

Foto: msc.uz

Shu kunlarda Buxoro viloyat musiqali drama teatriga kirib qolsangiz, boshingiz aylanib ketishi hech gap emas. Hali repetitsiya, hali liboslar tanlovi, hali yangi asarlar muhokamasi! Xodimlar, aktyorlar jamoasi ish bilan shu qadar bandki, ko‘rib havasingiz keladi.

– Yaqinda teatrimizga madaniyat vaziri kelgan edi. U jamoamiz bilan suhbatlashib, muammolarga alohida to‘xtaldi. Amaliy yordam berishini aytdi, – deydi teatrning adabiy maslahatchisi Mohigul Nazarova. – Hozir ijodiy jamoa bir-biridan katta ishlarga kirishgan. Jumladan, teatrimiz faxri Ubaydulla Omon yangi asar ustida ish boshlagan. U kishi besh yildan buyon pesa sahnalashtirmagan edi.

Ko‘pchilik san’at muxlislari Ubaydulla Omonni aktyor sifatida biladi. Aslida uning asil kabi rejissyor bo‘lib, Buxoro viloyati teatrida qirq yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi.

– Ubaydulla aka yuzdan ziyod pesani sahnalashtirgan, – deydi Mohigul Nazarova. – U kishining aktyorlar bilan ishlashdagi mahorati, mehnatsevarligi, zukkoligiga, tomoshabinni his etishiga qoyil qolamiz. Yaqinda qo‘limga yangi asar tushganida uning rejissyori sifatida faqat Ubaydulla akani ko‘rdim.

Ubaydulla Omon sahnalashtirishga kirishgan navbatdagi asar nomi «Hindistonlik kelin» bo‘lib, komediya janrida yozilgan. Ikki qalbning muhabbati haqida hikoya qiluvchi mazkur asarda ijtimoiy masalalar ham ko‘tarilgan. Ajabtovur qahramonlar, kulgili epizodlar, ichakuzdi hangomalar, sho‘x kuy-qo‘shiqlarga boy mazkur komediya tomoshabinlar ko‘nglidan joy olishiga ishonamiz.

«Hindistonlik kelin» komediyasi premerasi shu oy oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Aziza Fathullayeva

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring