Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazirlik Andijondagi madaniyat xodimlari holidan xabar oldi

Vazirlik Andijondagi madaniyat xodimlari holidan xabar oldi

«Bir ko‘ngilni yo‘qlab shod qilmoq Ka’bani ziyorat qilmoq bilan teng» degan hikmatning bugun isbotini ko‘rdik. Ayni kunlarda yurtimizda 15-aprel «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’at xodimlari kuni» tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

 ​Dunyoda kasblar ko‘p. Har biri hayotda o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega. Prezidentimiz bejizga ijod ahlini «Inson qalbining muhandislari», deya ta’riflamaganlar.

Bugun Andijon viloyatida sana munosabati bilan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov rahbarligida soha xodimlarining ota-onasiga va shaxsan xodimning o‘ziga maxsus vazir tabrigi hamda tashakkurnomasi taqdim etilmoqda.
      – Ushbu tadbirning ahamiyatli tomoni tashabbus madaniyat vazirligi tarixida ilk marotaba amalga oshirilmoqda. Vazir Ozodbek Nazarbekov, uning o‘rinbosarlari va san’at sohasining taniqli vakillari xodimlarning yashash joylariga borib, ularning oila a’zolari bilan uchrashmoqda, yuksak ehtirom va minnatdorchilik izhor etmoqda, – deydi vazirlik Axborot xizmati rahbari Sirojiddin O‘sarov.

Andijon azal-azaldan madaniyat o‘chog‘i bo‘lgan. Xonobod shahar madaniyat va sport ishlari bo‘limi mudiri bo‘lib uzoq yillar ishlagan Zumradxon aya Ubaydullayeva xalq og‘zaki ijodi folklor, askiya janrlari bo‘yicha juda ko‘p shogirdlarga ustozlik qilgan.

– Avvalo meni o‘qitgan ota-onamga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Keyin esa meni doimo tadbirlar bilan band bo‘lishimga vaqt va sharoit yaratib bergan turmush o‘rtog‘imga tashakkur. Chunki madaniyatchi bo‘lish degani hali maktabda, hali mahallada, tumanda, shaharda o‘tkaziladigan tadbirlarga bosh-qosh, tashkilotchi degani. Meni yo‘qlab kelganlardan, madaniyat vazirligi xodimlaridan boshim ko‘kka yetdi, – deydi Zumrad aya.

Zumrad ayaga yozilgan tabrikni vazirlik kotibiyati mudiri Ozodbek Yo‘ldoshev o‘qib eshittirdi. Raqamlashtirish va axborot xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Jasurbek Shermuxammedov esa ayaga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Tadbirlar doirasida madaniyat va san’at sohasida fidokorona mehnat qilayotgan 60 nafardan ziyod xodimga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni topshirilishi rejalashtirilgan. Taqdirlash marosimlari hamda bayram tadbiri konsert dasturi kun yakuniga qadar davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring