Madinada xurmo ekish chaqirig‘iga Fatvo markazi munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Madina shahrida xurmo ekib, savob oling» mazmunidagi pul evaziga ko‘chat ekish va’da qilinayotgan videolar tarqaldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mazkur xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi.
«Darhaqiqat, ko‘chat ekish savobi ulug‘ amal. Alloh taolo insonga Yer yuzini obod qilishni buyurib: «U sizlarni yerdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo‘ydi», deb xitob qiladi (Hud, 61).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir musulmon daraxt yo ekin eksa-yu, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi yesa, albatta, shu sababli u uchun sadaqa bo‘lur», deganlar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Mo‘tabar manbalarda: «Inson namoz o‘qib, ro‘za tutib, sadaqa qilib, savobini tirik yoki mayyitga bag‘ishlasa bo‘ladi va savobi ularga yetib boradi...», deb bayon qilingan. Ushbu oyati karima, hadisi sharif va shar’iy masalalardan ma’lum bo‘ladiki, vafot etganlarga atab bog‘ qilish orqali savobini bag‘ishlash va ko‘chat ekish ajru mukofotli amallardandir.
Shubhasiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatimiz cheksiz, Ul zotning shaharlariga sevgimiz hadsiz, tuproqlari ko‘zimizga to‘tiyo. Biroq, hozirgi kunda ayrim hamyurtlarimizning bir necha ming kilometr masofadan turib, Madina shahrida xurmo ekishga buyurtma berishi, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyishi va bu holatni ommalashtirishi dinga ham, mantiqqa ham, sunnatga ham to‘g‘ri kelmaydi.
Masalani diniy jihatdan ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, oyatu hadislarda xayru ehsonni yaqinlardan boshlashga ko‘p ko‘rsatma kelganiga guvoh bo‘lamiz. Qur’oni karimda: «...Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo‘shnilarga, yon qo‘shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko‘chada qolganlarga va qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilik qilinglar...» (Niso, 36), deb ko‘rsatma berilgan.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir sahobaga: «(Yaxshilikni) o‘zingdan boshla va (avvalo o‘zinga) sadaqa qil, agar undan biror narsa ortib qolgan bo‘lsa, ahlingga (ber). Agar ahlingdan biror narsa ortib qolgan bo‘lsa, qarindoshlaringga ber. Agar qarindoshlaringdan biror narsa ortib qolsa, mana bu va mana bularga ber", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Demakki, ko‘chat ekishdek xayrli ishlarni avvalo hovli-joylarimiz, ko‘cha-kuylarimiz, mahallayu guzarlarimizda amalga oshirishga juda ham katta ehtiyoj bor. Chunki, ayrim vaqtlarda ro‘y berayotgan chang-to‘zonlar, qum va chang bo‘ronlari va iqlim o‘zgarishi kabi holatlar bevosita daraxtzor va ko‘chatzorlarning yetishmasligidandir.
Yanada himmatli hamyurtlarimiz bo‘lsa, Orol dengizi atrofida saksovul, qandim, cherkes, qorabaroq kabi cho‘l o‘simliklari ekib, o‘rmonzorlar barpo qilish orqali mamlakatimizdagi ekologik holatni yaxshilash, zararli tuz va changlar ko‘tarilishining oldini olishga ko‘maklashishlari juda ham zarurdir», deyiladi bayonotda.
Shuningdek, keltirilgan oyatu hadislarga binoan fuqarolar avvalo o‘zlari yashab turgan uy-joyni obod qilish, yon-atrofga mevali va manzarali daraxtlar ekish eng savobli amal ekani ta’kidlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter