Mahkum va ta’lim: xorij tajribasi bizda ham qo‘llansa-chi?

Jinoiy jazoga hukm qilingan shaxslarda qonunga itoatkorlik, jamiyatda yurish-turish qoidalariga hurmat munosabatini shakllantirishda ularga ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganishga ko‘maklashish muhim omil hisoblanadi. Shu bois keyingi yillarda sud-huquq tizimini isloh qilish, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni takomillashtirish jarayonida bunga alohida ahamiyat berilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-yanvardagi «Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni mehnat bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-apreldagi «Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar uchun umumiy ta’lim va kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlarida bu yo‘nalishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, Toshkent viloyati IIB Probatsiya va jazolarni ijro etish bo‘limi Tarbiya koloniyasining 5-maktabi Zangiota tumani 35-maktabi bilan birlashtirildi. Buning natijasida Probatsiya va jazolarni ijro etish bo‘limi Tarbiya koloniyasida mazkur maktabning filiali tashkil etildi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Kasb-hunar ta’limi markazining jazoni ijro etish muassasalari hududidagi 4 ta kasb-hunar ta’limi muassasalari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tkazilib, kasb-hunarga o‘rgatish markazlariga aylantirildi.
O‘tgan qisqa davrda ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslarning umumiy o‘rta ta’lim olishi uchun oltita jazoni ijro etish muassasalarida umumta’lim muassasalarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yana to‘rtta muassasada kasb-hunarga o‘qitish markazlari ish boshladi. Shuningdek, «Usta-shogird» tizimi asosida mahkumlarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shu bilan birga, umumta’lim muassasalari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari bo‘lmagan jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishi, shuningdek barcha jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning oliy ta’lim olishi uchun imkoniyat va sharoitlarni yaratish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Xo‘sh, bu borada xorij mamlakati tajribasi qanday?
Ukraina Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksiga asosan, jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar umumiy o‘rta ta’lim, kasb-hunar ta’limi, shuningdek, masofaviy o‘rta maxsus va oliy ta’lim olishlari mumkin. Mahkumlarga «Psixologiya», «Huquqshunoslik», «Menejment», «Hisobchi», «Reklama bo‘yicha mutaxassis» va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha masofaviy o‘rta maxsus va oliy ma’lumot olish imkoniyati yaratilgan.
Mahkumlar masofadan ta’lim olishlari uchun alohida maxsus kompyuter sinflari va boshqa shart-sharoitlarlar tashkil etilgan. Shuningdek, kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu kasb-hunar ta’limi o‘qigan mahkumlarga yo‘nalishi bo‘yicha elektr ustasi, suvoqchi, yog‘och o‘ymakorligi, nonvoy, tikuvchi, sartarosh va boshqa bir qator kasblar bo‘yicha diplom berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu ta’limning mahkumlar uchun afzalligi shundaki, davlat ta’lim hujjatida mahkumlarning jazoni ijro etish muassasasida diplom olganligi ko‘rsatilmaydi.
Rossiya Fyederatsiyasida ham mahkumlarga oliy ta’limni masofadan o‘qish imkoniyati yaratilgan. Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmati qator oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘ygan. Ularni o‘qitish bo‘yicha reabilitatsiya dasturlari, jismoniy tarbiya va san’at, hunarmandchilik va boshqa faoliyat turlari jazoni ijro etish muassasasida tashkil etilgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida mahkumlarga ta’lim berish retsidiv jinoyatlarni kamaytirish va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazoni o‘tayotgan hamda mahkumlarni ozod etilganidan keyin iqtisodiy imkoniyatlarni yaxshilashga qaratilgan. Mahkumlarni oliy ta’limga o‘qitish bo‘yicha turli dasturlar amalga oshirildi. RAND Corporation tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarda har qanday turdagi ta’lim retsidiv jinoyatni 43 foizga kamaytirishi aniqlangan.[1]
Germaniyada mahkumlar uchun maktab, gimnaziya va universitet ta’limni tugatish imkoniyati mavjud. Jumladan, Germaniyaning Freyburg jazoni ijro etish muassasasida mahkumlar maktabni, gimnaziyani hamda universitetda tahislni nihoyasiga yetkazishlari mumkin. Ushbu muassasasidagi mahkumlar Germaniyaning «Hagen» universitetda masofaviy hamda sirtqi ta’lim oladilar. E’tiborlisi, jazo o‘tayotgan shaxslar muassasadagi barcha ishlardan ozod qilinib, hatto oyiga 120 yevro miqdorda stependiya olish imkoniyatiga ega.[2]
Norvegiyada 1851-yilda reabilitatsiya shakli sifatida ta’limga qaratilgan birinchi jazoni ijro etish muassasasi ochilgan. 2007-yilda Norvegiyadagi har bir jazoni ijro etish muassasasida mahkumlarga ta’lim berish uchun maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Xorijiy davlatlarning ayrim jazoni ijro etish muassasalarida ba’zi ta’lim turlari to‘lov asosida tashkil etilgan. Masalan, Daniyada boshlang‘ich va o‘rta maktablarda ta’lim bepul, o‘rta-maxsus va oliy ta’lim darslari to‘lov asosida tashkil etiladi. Buyuk Britaniya va Avstraliyada mahkumlar keng jamoatchilikka taqdim etiladigan hukumat kreditlaridan foydalanishlari mumkin. Buyuk Britaniyadagi Education Trust kabi xayriya guruhlari masofaviy o‘qishni moliyalashtirishga qodir bo‘lmagan mahkumlarga grantlar ajratadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2014-yilda Angliya va Uelsda o‘tkazilgan tadqiqotlarga asosan 6000 nafardan ko‘p mahkumlarni o‘rganish natijasida ta’lim kurslarida o‘qiganlarning qayta jinoyat sodir qilish ehtimoli
7 foizga kamaygani aniqlangan.[3]
Xorijiy davlatlarning mahkumlarga jazoni ijro etish muassasalarida barcha darajadagi ta’lim shakllari joriy etish amaliyoti "o‘tirib chiqqan"larning ishga joylashish imkoniyatlarini oshiradi, qayta jinoyat yo‘liga kirishini oldini oladi.
Ijobiy natija berishi aniq bo‘lgan xorij tajribasini qo‘llashning foydasi bo‘lsa bo‘ladiki, illo zarari yo‘q. Shunday ekan, bizda ham jazoni ijro etish muassasalarida ta’limni takomillashtirish lozim. Bunda birinchi navbatda ozodlikdan mahrum etish muassasalari bilan oliy ta’lim muassasalari hamkorlikda mahkumlarni masofaviy oliy ta’lim berish tizimini yo‘lga qo‘yish talab etiladi. Shuningdek, ozodlikdan mahkum etilgan talabaga nisbatan o‘qishdan chetlashtirilishi to‘g‘risidagi qoidani bekor qilgan holda unga jazoni ijro etish muassasasida masofaviy ta’lim olishini davom ettirish imkoniyatini berish kerak.
Bundan tashqari jazoni ijro etish muassasalarida kasb-hunar ta’limida o‘qigan mahkumlarga yo‘nalishi bo‘yicha diplom olish amaliyotini joriy qilish ham, bizningcha, maqsadga muvofiqdir.
Ravshan Nurmatov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter