Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Malayziya tomoni O‘zbekistonda talabalar uchun yotoqxonalar qurishga qiziqish bildirmoqda

Malayziya tomoni O‘zbekistonda talabalar uchun yotoqxonalar qurishga qiziqish bildirmoqda

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyevning «MARA Corporation Sdn Bhd» (Malayziya) korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Muhammad Rafi bin Shahzada bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida tomonlar O‘zbekistonda qo‘shma o‘quv dasturlarini shakllantirish, kelajakda qo‘shma fakultet ochish va Malayziyaning texnologiyalar sohasidagi yetakchi ta’lim muassasalaridan birining filialini tashkil etish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, ko‘chmas mulk sohasiga, xususan talabalar uchun turar-joylar barpo etishga investitsiya kiritish istiqbollari ham muhokama qilingan.

Malayziya vakili O‘zbekiston tomoni takliflarini o‘rganish uchun korporatsiya va uning tarkibiga kiruvchi kompaniyalar rahbarlaridan iborat Boshqaruv qo‘mitasini tashkil etishga va korporatsiya vakillarini O‘zbekistonga yuborishga tayyorligini bildirdi.

«Ushbu Boshqaruv qo‘mitasi o‘zaro hamkorlikda tegishli ekspertlarni jalb etgan holda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida ta’lim sohalarida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan o‘zaro hamkorlik loyihalarini hamda bu boradagi huquqiy bazaga oid takliflarni ishlab chiqish va tegishli shartnomalarni tayyorlashga mas’ul hisoblanadi», – dedi Muhammad Rafi bin Shahzada.

Uchrashuv yakunida mazkur Boshqaruv qo‘mitasiga har ikkala tomondan tegishli oliy o‘quv yurtlari va tashkilotlar vakillarini kiritish hamda o‘zaro amaliy sa’y-harakatlarni boshlash to‘g‘risida kelishildi.

«MARA» korporatsiyasi Malayziya Hududiy va qishloq taraqqiyoti vazirligi qoshida Xalq ishonchi kengashi (Majlis Amanah Rakyat – MARA) agentligining aktivlari, tijoriy tuzilmalari, ko‘chmas mulk va investitsiyalarini markazlashgan holda boshqarish maqsadida 2014-yilda tashkil etilgan. Korporatsiya Malayziyada ta’lim, moliya, ko‘chmas mulk, logistika va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi 23 ta kompaniyani o‘z ichiga olgan. 2023-yilda korporatsiya umumiy daromadining 72 foizi ta’lim sohasiga to‘g‘ri kelgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring