Ma’lum yo‘nalishdagi sud ishlarida prokuror ishtirokini majburiy qilish taklifi berilyapti

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yig‘ilishda deputatlar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Mazkur qonun loyihasi bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha sud tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlarda majburiy tartibda prokurorning ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, birlamchi ko‘mak xonalariga yoki Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar uchun bank kartasini tiklash soddalashtirilyapti.
Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar – ularga va ularning voyaga yetmagan farzandlariga tegishincha nikohni qayd etganlik to‘g‘risida va tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod qilish nazarda tutilmoqda.
Deputatlarning aytishicha, ushbu hujjat tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari manzilli va samarali ijtimoiy himoya qilinishini kuchaytirish, ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, ularning sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter