Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mansab pillapoyalari: unga kimlar munosib?

Mansab pillapoyalari: unga kimlar munosib?

Siz o‘z faoliyatingizda turg‘unlik yuz berdi, deb faraz qiling. Axir, ancha vaqtdan buyon rag‘batlantirish yoki martabadan ko‘tarilish bo‘lmadi-da! Xo‘sh, bunday holatda nima qilish kerak? Vaziyatga rahbar ko‘zi bilan qarab chiqaylik.

Inson tabiati nuqtai nazaridan boshliq ham, unga tobelar ham deyarli bir xil yaratilgan. Siz va rahbaringiz bir xil dalillarga binoan ish ko‘rasiz. Rahbar muvaffaqiyat qozonishni, o‘z ishini kengaytirishni, shaxsiy daromadini ko‘paytirishni istaydi. Aks holda, golf o‘yinida yutqazgandek bo‘ladi.

Ish beruvchi sizni rag‘batlantirmoqchi va mansab darajangizni ko‘tarmoqchi bo‘lyapti. Siz bunga loyiq ekanligingizni ko‘rsating. Agar boshliqqa maqsadi amalga oshishiga yordam bersangiz, u ham sizga ko‘mak berishga tayyor bo‘ladi. Agar bunday qilmasa, qo‘lida ishlashingizning hojati yo‘q.

Muvaffaqiyatga erishishning eng samarali yo‘li ─ sizdan kutganlaridan ko‘ra ko‘proq va yaxshiroq ish ko‘rsatishdir. Agar siz ofisda shunchaki vaqt o‘tkazsangiz, nimani talab qilishsa faqat shuni bajarish bilan kifoyalansangiz, xizmatdan ko‘tarilishingiz uchun hech qanday huquqni kutishning hojati bo‘lmaydi.

Uyqudan uyg‘onib, turg‘un holatdan chiqib olish uchun faol ishlash fursati yetdi. Dastlab siz o‘zingizga-o‘zingiz, bu boshliq mening amalimni oshirishni o‘ylamayapti, shunchaki urinib ko‘radi, deb o‘ylaysiz. Boshqacha fikrlang!

Yuqori mavqega erishish yo‘lida barcha imkoniyatlarni va bor qobiliyatingizni ishga soling. Mas’uliyatdan chetga qochish o‘rniga kuyib-pishib, uni bartaraf etishga harakat qiling. Boshqalar javobgarlikdan o‘zini olib qochganida, siz qaror qabul qilishga loyiq yakkayu yagona odam ekanligingizni ko‘rsating. Peshqadam bo‘lishning yaqqol ko‘rinadigan alomati ─ qaror qabul qilishga tayyor turish va uning uchun mas’uliyatni zimmaga olishdir.

Qaysi ishni bajarmoqchisiz, shuni hal eting. O‘quv dasturlaridan foydalaning yoki malaka oshirish kurslariga boring. Boshlig‘ingizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, men malaka oshirmoqchiman, deb ayting. Ana shunda u ham bu harakatingizni amalga oshirishga hissa qo‘shadi.

Eng asosiysi, siz boshlig‘ingiz nuqtai nazarini hisobga oling. Yodingizda bo‘lsin, agar xatti-harakatlaringiz muvaffaqiyatli yakun topsa, shubhasiz, bir kuni siz rahbar bo‘lishingiz mumkin.

Firmaning ishiga boshliqdan kam qiziqmayotganingizni ko‘rsating. Zavod, ofis yoki do‘konni boshliq nazari bilan ko‘zdan kechirishga harakat qiling. Ong-shuuringizni shu tarzda uning nuqtai nazariga moslang. Ana shunda kallangizda ishlab chiqarishni kengaytirish, narxlarni tushirish, savdo hajmini oshirish va daromadni ko‘paytirish bo‘yicha fikrlar g‘ujg‘on o‘ynayotganini his etasiz. Ushbu masalalar bo‘yicha g‘oyalar sizdan qanchalik oqib chiqayotganiga qarashga ham ulgurmay qolasiz.

Tasavvur va g‘ayrat-shijoatingizni bog‘lab turgan yuganni qo‘yib yuboring. Yangi va keskin g‘oyalardan mutlaqo qo‘rqmang. Salbiy fikrlaydigan odamlarning: «Buni ilgari qilishmagan edi», degan gaplarini aslo o‘ylamang. Hozir nimaiki qilayotgan bo‘lsangiz, davom ettiring. Bu ishni qanday boshqarish mumkinligi haqida o‘ylang ─ tezroq, yaxshiroq, samarali va arzonroq! Qaysi operatsiyani ish jarayonidan chiqarib tashlab, qaysilarini bitta qilib birlashtirish mumkin? Sifatli mahsulot yetishtirish, kamroq sarflash uchun nimalarni o‘zgartirish kerak?

Esda tuting, xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilish uchun intilishingiz samimiy bo‘lishi kerak. Xushomadgo‘ylik va nomigagina intilishdek boshqa hech narsa chetdan yaqqol ko‘rinmaydi. O‘zingizdagi ana shu sifatlarni tekshirishingiz mumkin. Agar firmangizga sidqidildan yordam berishni istasangiz, shaxsiy qoniqish hosil qilasiz, rahbaringiz bunga hissa qo‘shadimi yoki yo‘qmi, qat’i nazar, harakatlaringiz ularga muvaffaqiyat keltirishini his etasiz.

G‘oyalaringiz tajribadan o‘tganiga amin bo‘ling. Muvaffaqiyat sari boshqa kishilarning kallasi bilan bormang. Agar g‘oyalaringiz hamkasblaringiz ustidan shikoyat qiladigan yoki tanqiddan iborat bo‘lsa, bu haqda unuting. Sizning yondashuvingiz amaliy muqaddimalarni o‘zida qamrab olishi va yangi ish turlarini yaratishi oqibatida barcha xodimlarga yuqori daromadni ta’minlashga olib borish kerak.

Yodingizda bo‘lsin, har qanday g‘oya, agar uni amalga oshiradigan rejadan mahrum bo‘lsa, hech narsaga yaramaydi. G‘oyangizni arzirli deb hisoblasangiz, darhol uning ustida ish boshlang. Buni mustaqil ravishda yoki boshqalar yordamida qiling. Barbod bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymang. Eng yaxshi g‘oyaning zoye ketishidan ortiq fojia bo‘lmaydi.

(Napoloyen Xill kitobidan)

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring