Maqsad jazolash emas, balki insonlarning qonun va qoidalarga amal qilishiga erishish bo‘lishi kerak
Bir do‘stim bilan Parijdan Fransiyaning Britaniya viloyati tomon mashinada yo‘lga chiqdik. Fransiyaga kelganimga hali ko‘p bo‘lmagan va bu davlatning odatlarini yaxshi bilmaydigan paytlarim edi. Avtomagistralga chiqib olgandan keyin, tabiiyki, do‘stim mashinani yo‘l qoidalariga binoan katta tezlikda hayday boshladi.
Avtomagistralning ayrim joylarida tezlikning limiti soatiga 130 kilometr qilib belgilangan bo‘lsa, boshqa joylarida soatiga 110 kilometr qilib belgilangan edi. Yo‘l bo‘ylab ma’lum masofalarda mashinalarning tezligini o‘lchab turadigan fotoradarlar o‘rnatilgan.
Eng qizig‘i, fotoradarlar kelishidan bir necha kilometr oldin «Diqqat, oldinda fotoradar bor. Tezlik limiti falon kilometr» deb yozilgan kap-katta ogohlantiruvchi yo‘l belgilari chiqardi. Har safar belgini ko‘rganida do‘stim spidometrga qarar va agar belgilanganidan ortiq tezlikda haydayotgan bo‘lsa, tezlikni pasaytirib, radarga tushmasdan o‘tib ketar edi.
Buni ko‘rib, mening hayratim ortdi. Xayolimdan «Bu fransuzlarning aqli joyidami? Oldindan ogohlantiradigan bo‘lsa radar qo‘yib nima qiladi?» degan gaplar o‘tdi. Bu haqda do‘stimga aytgan edim, u menga buning ma’nosini tushuntirib berdi:
— Yo‘llarga radar qo‘yishdan maqsad yo‘lovchilarni ushlab jazolash emas, balki yo‘l harakatini tartibga solish va haydovchi, yulovchilarning xavfsizligini ta’minlashdir. Agar faqat radarning o‘zi qo‘yiladigan bo‘lganda, radarning yagona maqsadi qonunbuzarlarni jazolash bo‘lib qolgan bo‘lardi. Mana bunday tizimda esa belgilar haydovchilarga tezlikni oshirmaslik kerakligi haqida eslatib turadi. Agar kimda-kim ogohlantiruvdan keyin ham tezlikni pasaytirmaydigan bo‘lsa, ana u haqiqiy qonunbuzar hisoblanadi va u jarima to‘lashga majbur bo‘ladi…
* * *
Men ishlagan ikki yulduzli mehmonxona o‘zining ikki yulduzini «himoya qilish»i uchun tekshiruvdan o‘tadigan bo‘ldi. Nazoratdan keyin mehmonxona o‘zining ikki yulduzini saqlab qolishi yoki undan ayrilishi mumkin edi.
Meni hayron qoldirgani, tekshiruvchi tashkilot bir necha oydan keyin bo‘ladigan nazorat kunini mehmonxona rahbariyatiga oldindan rasman aytib qo‘ydi. «Bu nazorati g‘alati ekan-ku, qachon kelishini oldindan aytib qo‘ysa, mehmonxona hamma tayyorgarligini ko‘rib qo‘yadi-ku» desam, tekshiruv men o‘ylaganimdan ham «g‘alati» bo‘lib chiqdi. Tashkilot tekshiruv sanasini aytishdan tashqari mehmonxonaga tekshiruvga tayyorgarlik ko‘rishga yordam ham bera boshladi. U mehmonxonaga barcha ma’lumotlarni, jumladan aynan qaysi mezonlar bo‘yicha, qayerlarni tekshirishini, qanday tayyorgarlik ko‘rish kerakligini va standartlarga ko‘ra nimalarni yaxshilash lozimligi yozilgan hujjatlarni oldindan berib qo‘ydi.
Tabiiyki, bizning mehmonxona tashkilot qanday aytgan bo‘lsa barcha sharoitlarni o‘shanday holatga keltirib qo‘ydi va tekshiruvdan yaxshi ballar bilan o‘tib oldi. Eng asosiysi — tayyorgarlik natijasida mehmonxona haqiqiy «Ikki yulduzli mehmonxona»ga aylandi. Juda ko‘p kamchiliklar to‘g‘rilandi va qilinmagan ishlar qilindi.
Rahbariyatdan o‘zi aytib, o‘zi yordam berib qilinadigan bunday tekshiruvdan maqsad nima ekanligini so‘rasam, menga taxminan shunday tushuntirdilar:
— Tekshiruvdan maqsad mehmonxonalarning ayblarini topib, jarima solish va yulduzlarini tortib olish emas. Aksincha, maqsad — mehmonxonalarning sharoitini yulduziga mos darajaga olib chiqishga yordam berish, «falon yulduzli mehmonxona» qanday bo‘lishi kerakligini o‘rgatish va mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlarning soni va sifatini oshirishdir. Nazoratdan o‘ta olgan mehmonxonalarda tekshiruvdan keyin sharoitlar yaxshilangan bo‘ladi va bu mehmonxonaning foydasiga xizmat qiladi. Buning ustiga mehmonxonaning rahbariyati hamda xodimlari tekshiruvga tayyorgarlik jarayonida tajribaga ega bo‘lib oladi. Shuncha o‘rgatgandan keyin ham nazoratdan o‘tolmagan mehmonxonalardan esa yulduzlari olib qo‘yiladi...
* * *
Sobiq sovet ittifoqi davlatlarida, jumladan O‘zbekistonda «komissiya keldi» degan gap tashkilotlar va insonlar uchun salkam «Azroil joningni olishga keldi» deyish bilan barobar desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bizda tekshiruv va nazoratlar «salib yurishlari»ga o‘xshab uyushtiriladi va tekshiruv natijasida albatta kimlarningdir burni qonaydi.
To‘g‘ri, tekshirilganda kamchilik topilsa, buning uchun javobgarlar jazolanishi kerak. Men adolat qaror topishining tarafdoriman. Lekin tekshiruvlarning maqsadi faqat jazolash bo‘ladigan bo‘lsa, bunday tekshiruvlar sharoitning yaxshilanishiga va taraqqiyotga xizmat qilmaydi deb o‘ylayman.
O‘zbekistondagi tekshiruv amaliyoti bizga sobiq Sovet ittifoqidan meros bo‘lib qolgan. U asosan byurokratiya va qog‘ozbozlikka asoslangan bo‘lib, unda tekshiruvchilarga bir yapon vaziri aytganiday imperatorning vakolatlari va diplomatlarning daxlsizligi berilgan bo‘ladi. Eng asosiysi bunday tekshiruvdan maqsad asosan ayb topish, jazolash, xullas yuqoridagilarga natija ko‘rsatish bo‘ladi.
Men bunday amaliyot yigirma birinchi asrda O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ladi deb o‘ylayman. Chunki bunday amaliyot tekshiriluvchilarda burni qonamasligi uchun pora berishga moyillikni va tekshiruvchilarda natija ko‘rsatish uchun noxolis bo‘lishga ishtiyoqni keltirib chiqaradi…
* * *
Qonun va qoidalarning asl maqsadi tartib-intizom o‘rnatish va shu orqali barcha insonlarning hayotini yengillashtirishdir. Ularni bajarmaslik tartibsizlikka sabab bo‘ladi. Shuning uchun ularga amal qilmaganlarga nisbatan jazolar belgilanadi. Chunki insonlarning hayotini qoidabuzarlarni jazolash emas, balki qonun va qoidalarga amal qilish yengillashtiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter