Markaziy osiyoliklarga Rossiya fuqaroligini berishni vaqtincha to‘xtatish taklif qilindi
Rossiya Davlat dumasi deputati, «Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun» partiyasi rahbari Sergey Mironov Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarga Rossiya fuqaroligini berishga moratoriy kiritishni taklif qildi.
Mironovning fikricha, 2022-yilda ko‘tarilgan masalani migratsiya muammolari keskinlashib borayotgan hozirgi pallada yana bir bor ko‘rib chiqish kerak.
«Nega janubdan kelgan mehmonlarga yuz minglab pasport tarqatish kerak? Nima uchun etnik anklavlarni yaratish kerak? Nima uchun bu yangi fuqarolarning ijtimoiy ta’minoti uchun budjet milliardlarini sarflash kerak? Buning Rossiyaga qanday foydasi bor?», — deb yozg‘irdi millatchi deputat.
Mironovning nazarida muhojirlarni qonuniylashtirishdan poraxo‘r amaldorlar mafiyasi va undan yaxshi pul topayotgan firibgarlar manfaatdor.
«Davlat bu mafiyaga qarshi turishi va milliy xavfsizlik sohasida o‘z manfaatlarini himoya qilishi kerak. Jumladan, o‘rta osiyoliklarga (rus shovinistlari lug‘atida Markaziy Osiyo atamasi yo‘q) Rossiya fuqaroligini berishga moratoriy qo‘llash orqali. Kamida 2026-yilgacha», — dedi deputat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter